Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiya Germaniyadagi mudhish hujum aybdorlarini jazolashni talab qildi

Turkiya Germaniyadagi mudhish hujum aybdorlarini jazolashni talab qildi

Foto: AA

Turkiya tashqi ishlar vazirligi Germaniyaning Izerlon shahridagi qabristonda musulmonlarning qabri tahqirlanishi holati bo‘yicha bayonot berdi.

Yangi yil kechasida Izerlon shahrida (Shimoliy Reyn – Vestfaliya federal yeri) noma’lum shaxslar musulmonlarning qabrlarini vayron qilgan.

«Yangi yil arafasida amalga oshirilgan hujum so‘nggi paytlarda, ayniqsa, Yevropada aksilislomiy xasta zehniyat kuchayib borayotganining yana bir tasdig‘idir. Bu gal hatto musulmonlar qabri nishonga aylandi. Biz ushbu mudhish hujumni sodir etgan shaxslar aniqlanishi va tegishli tartibda jazoga tortilishiga umid qilamiz. Ayni chog‘da, bunday hodisalarning oldini olish uchun kerakli chora-tadbirlar ko‘rilishi tarafdorimiz», deyiladi Turkiya tashqi siyosat mahkamasi bayonotida.

Germaniya politsiyasi vandalizm jinoyatini sodir etgan shaxslar qidirilayotganini ma’lum qilar ekan, bu borada ma’lumotga ega bo‘lgan fuqarolardan ko‘mak so‘ragan.

Yevropada islomofobiya hodisasi tadqiq etilgan so‘nggi hisobotga ko‘ra, so‘nggi ikki yilda internet orqali musulmonlarga qarshi nafrat qo‘zg‘ash holati ortgan.

Hisobot mualliflaridan biri, professor Enes Bayrakli, xususan, Fransiyada ushbu salbiy voqelik kuchayib borayotganini qayd etgan. Bu borada Germaniyada ham xavotirli vaziyat yuzaga kelgan. Birgina 2020 yilda islomofobiya ruhidagi 901 ta jinoyat ro‘yxatga olingan, jumladan, 146 ta masjidga hujum uyushtirilgan. 2020 yil davomida mamlakatda 18 ta aksilislom namoyishlari uyushtirilgan. Ularning asosiy qismi PEGIDA irqchi harakati tomonidan tashkil etilgan.

Turkiya rahbariyati bir necha yildan buyon dunyoda, xususan, Yevropada islomofobiya kuchayib borayotganidan ogohlantirib kelmoqda. Jumladan, prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 2021 yil may oyida Anqara shahrida o‘tkazilgan islomofobiya hamda OAV faoliyatiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanda dunyoda islom diniga nisbatan asossiz ayblovlar hamda bo‘htonlar atayin tarqatilayotganini xavotirli holat deb baholagan.

Islomofobiya G‘arbda xuddi saraton kabi tarqalib borayotganini qayd etgan Erdo‘g‘on muqaddas islom dinini obro‘sizlantirishga urinayotgan arboblar aslida o‘z millati kelajagiga bolta urayotganini ta’kidladi.

Turkiya yetakchisi butun dunyodagi sog‘lom fikrli siyosatchilar, ziyolilar, OAV xodimlari hamda diniy ulamolarni islomofobiya nomli xastalikka qarshi kurashda bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishga undadi. Chunki butun insoniyatning tinch-osuda hayot kechirishi ana shuni taqozo etadi.

2020 yil oktyabr oyida esa Turkiya prezidenti Fransiya rahbari Emmanuel Makronning «islom separatizmi» xususidagi bahsli fikriga keskin raddiya bergan edi. Ayrim G‘arb mamlakatlarida irqchilik va islomofobiya davlat tomonidan himoya qilinayotgani, bu hol jamiyatda tafriqaga sabab bo‘lishini urg‘ulagan Erdo‘g‘on hamkasbi Makronga o‘zini mustamlakachi gubernator emas, vazmin davlat arbobi kabi tutishni maslahat bergandi.

Rasmiy Anqara Yangi Zelandiyadagi masjidga hujum uyushtirilgan 15 mart sanasini islomofobiyaga qarshi xalqaro birdamlik kuni deb e’lon qilishni ham taklif etgan.

S.Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring