Xalqaro tashkilot Isroilni aparteidda aybladi

Amnesty International tashkiloti Falastin xalqining haq-huquqlari poymol etilayotgani xususida hisobot e’lon qildi. 280 sahifali hujjat tashkilot bosh kotibi Anes Kallamar tomonidan ishg‘ol ostidagi Sharqiy Quddusda taqdim etildi. Xalqaro inson huquqlari tashkiloti o‘z hisobotida Isroilni falastinliklarga nisbatan aparteid siyosati yuritishda ayblagan.
«Aparteid» istilohi bir irq vakillarining boshqa irq vakillari haq-huquqlarini muntazam ravishda buzishi, tahqirlashini anglatadi. Bunday amaliyot xalqaro huquqqa zid bo‘lib, insoniyatga qarshi jinoyat o‘laroq baholanadi.
Hisobotda qayd etilishicha, Isroil siyosati Falastin aholisi ustidan hukmfarmolik qilish va ularning haq-huquqlarini buzishga asoslangan.
G‘azoda hamda bosib olingan G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda falastinliklarga past irq vakili o‘laroq munosabat qilinmoqda, deb hisoblaydi Amnesty International. Ularning mol-mulki tortib olinib, aholi izolyasiya muhitida saqlanmoqda. Xalqaro tashkilot ayirmachilik siyosati izchil va uzoq muddatli ekani va bu qabul qilib bo‘lmas holat ekanini ta’kidlagan.
Inson huquqlari himoyachilari Xalqaro jinoiy sudni zudlik bilan mazkur insoniyatga qarshi jinoyat va aparteid siyosatini tergov qilishga chaqirgan.
Isroil tashqi ishlar vazirligi Amnesty International hisobotida ilgari surilgan ayblovlarni keskin rad etgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter