Google O‘zbekistondagi islohotlarni yuqori baholadi
O‘zbekistonda shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish sohasida amalga oshirilgan qonunchilik islohotlari mamlakatga global texnologiyalar kirib kelishi uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Buni Google Pay to‘lov tizimining O‘zbekistonda ishga tushirilishi misolida ko‘rish mumkin. Google rahbariyati ham mamlakatdagi o‘zgarishlarni yuqori baholab, ularni raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida e’tirof etdi.
Googlening rivojlanayotgan bozorlar bo‘yicha davlat organlari bilan aloqalar va davlat siyosati vitse-prezidenti Doron Avnining ta’kidlashicha, O‘zbekiston shaxsiy ma’lumotlar bilan ishlash borasidagi yondashuvini yangilashi orqali xalqaro texnologiya kompaniyalari uchun bozorga kirish imkoniyatlarini kengaytirdi.
U LinkedIn ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida joriy yil boshida mamlakat shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish sohasidagi tartiblarni qayta ko‘rib chiqqaniga e’tibor qaratgan. Xususan, ma’lumotlarni majburiy lokalizatsiya qilishga asoslangan qat’iy talablar o‘rniga moslashuvchan va xalqaro amaliyot bilan uyg‘unlashgan yondashuv tanlangan.
Google vakilining fikricha, mazkur o‘zgarishlarning amaliy samarasi uzoq kuttirmadi. Buning yaqqol misoli sifatida Google Pay to‘lov xizmatining O‘zbekistonda ishga tushirilishini keltirish mumkin.
«Hukumatlar oldindan tushunarli va global tizimlar bilan o‘zaro ishlay oladigan qoidalarni yaratsa, global texnologiyalar ham tez kirib keladi», — deb yozdi Doron Avni.
U Google Payning O‘zbekistonda ishga tushirilishi AQSh davlat kotibi Marko Rubioning mamlakatga tashrifi hamda Samarqandda o‘tkazilgan C5+1 vazirlar sammiti doirasida e’lon qilinganini ham alohida qayd etdi. Buni ikki davlatning raqamli modernizatsiyani jadallashtirish va texnologik hamkorlikni kengaytirish borasidagi umumiy intilishining ifodasi sifatida baholadi.
«O‘zbekiston pragmatik siyosat orqali yangi imkoniyatlarga yo‘l ochish mumkinligini amalda ko‘rsatmoqda», — deya ta’kidladi Google vitse-prezidenti.
O‘zbekistonning raqamli transformatsiyasi jarayonida xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy to‘lov infratuzilmasini rivojlantirish va raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish muhim yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda.
Joriy yil sentyabr oyida Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Nyu-York shahrida Google vitse-prezidenti Karan Bxatiya bilan uchrashib, texnologik hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilgan edi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlash va raqamli to‘lovlar sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish borasida amalga oshirilgan ishlarga ham e’tibor qaratilgan.
«Biz so‘nggi yillarda shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlash va raqamli to‘lovlar sohasidagi qonunchilikni takomillashtirdik. Buning natijasida O‘zbekistonda xalqaro to‘lov tizimlaridan erkin foydalanish uchun keng yo‘l ochilmoqda», — degan edi Prezident Administratsiyasi rahbari.
Ko‘rilgan choralarning muhim amaliy natijalaridan biri esa 27-oktyabr kuni e’lon qilindi. Shu kuni Google Pay va Apple Pay to‘lov tizimlari O‘zbekistonda to‘laqonli ishga tushirilgani ma’lum qilindi.
Bu shunchaki yangi to‘lov xizmatlarining paydo bo‘lishi emas. Uning zamirida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, qonunchilikni xalqaro talablarga moslashtirish va O‘zbekiston bozorining global texnologik ekotizim bilan integratsiyasini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar mujassam.
Google rahbariyatining bildirgan munosabati esa ushbu o‘zgarishlarning xalqaro texnologik kompaniyalar tomonidan ham e’tirof etilayotganini ko‘rsatadi. Eng muhimi, bugun qonunchilikdagi oqilona va pragmatik yondashuv mamlakatga yangi texnologiyalarni jalb etish, aholi uchun qulay raqamli xizmatlarni ko‘paytirish va xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter