Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ustozlar my.gov.uz orqali qaysi xizmatlardan foydalanishlari mumkin?

Ustozlar my.gov.uz orqali qaysi xizmatlardan foydalanishlari mumkin?

Bugun o‘qituvchining vaqti dars jarayonlari, o‘quvchilar va o‘z ustida ishlash uchun eng qimmat resurs. Davlat xizmatlaridan foydalanish uchun idorama-idora yurish esa ustozlarning qimmatli vaqtni oladi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz ana shu jarayonlarni raqamlashtirib, pedagoglarga ko‘plab xizmatlarni uydan chiqmagan holda olish imkonini bermoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-sentyabr kuni pedagoglar bilan uchrashuvda ta’lim sifatini oshirish, o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanishini rag‘batlantirish va ular uchun yangi imkoniyatlar yaratish bo‘yicha qator tashabbuslarni bildirdi. Xususan, milliy sertifikatga ega o‘qituvchilarga 50 foiz ustama to‘lash, har yili hududlardagi yetakchi pedagoglarni rag‘batlantirish, ming nafar o‘qituvchini xorijda stajirovkaga yuborish, olimpiada g‘oliblarini tayyorlagan ustozlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri oliy toifa berish kabi choralar taklif qilindi.

Bu jarayonda raqamli davlat xizmatlarining o‘rni ham tobora ortib bormoqda. Masalan, attestatsiyaga hujjat topshirish uchun endi navbat kutish shart emas. my.gov.uz orqali maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagoglari attestatsiyadan o‘tish uchun elektron tarzda ariza yuborishlari mumkin.

Portaldagi xizmat orqali ariza berish, zarur ma’lumotlarni taqdim etish va jarayon holatini kuzatish imkoni mavjud. Navbatdagi yoki navbatdan tashqari attestatsiya, shuningdek, ayrim holatlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri malaka toifasini olish bilan bog‘liq xizmatlar ham raqamlashtirilgan.

Eng muhimi, pedagog attestatsiya natijalari va sertifikati haqidagi ma’lumotlarni ham elektron tarzda olishi mumkin. Portalda pedagoglar va ularning attestatsiyasi haqidagi ma’lumotlarni avtomatik ko‘rish hamda sertifikatni tekshirish xizmatlari mavjud.

Pedagogik faoliyatini yangi boshlayotgan yoki tegishli tartibda kasbiy sertifikatlashi lozim bo‘lgan o‘qituvchilar uchun ham my.gov.uz da alohida elektron xizmat yo‘lga qo‘yilgan.

Ariza YaIDXP orqali yuboriladi, ma’lumotlar vakolatli organ tomonidan tekshiriladi, sinovga ruxsat berilgani haqida xabarnoma elektron tarzda yuboriladi. Sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan pedagogga QR-kodli elektron sertifikat rasmiylashtiriladi va u YaIDXPdagi shaxsiy kabinetga yuboriladi. Birinchi marta ariza berish bepul, qayta murojaat qilinganda belgilangan miqdorda yig‘im undiriladi. Bu qog‘oz hujjatlardan elektron hujjatlarga o‘tishning o‘qituvchilar hayotidagi eng ko‘zga ko‘rinarli misollaridan biri.

Bilamizki, kredit olish, ipoteka masalalari, turli ijtimoiy xizmatlardan foydalanish yoki rasmiy tashkilotga hujjat taqdim etishda ish joyi va daromad haqida ma’lumotnoma talab qilinishi mumkin. Bunday holatlarda ham pedagogning idorama-idora yurishiga zarurat qolmaydi. my.gov.uz da:

— hisoblangan ish haqi haqida ma’lumot olish;

— elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirma olish;

— mehnat faoliyatini tasdiqlovchi ma’lumotnomalarni olish kabi xizmatlar mavjud.

Ayrim xizmatlar avtomatik ravishda ko‘rsatiladi va natijani elektron shaklda olish mumkin. Portal statistikasiga ko‘ra, hisoblangan ish haqi haqidagi ma’lumot hamda mehnat daftarchasidan ko‘chirma olish xizmatlari eng ko‘p foydalaniladigan elektron xizmatlar qatoriga kiradi.

O‘qituvchi ish joyida pedagog, uyda esa ota-ona. Shu bois my.gov.uz imkoniyatlari uning kasbiy faoliyati bilangina cheklanmaydi.

Portal orqali ota-onalar:

— farzandini davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga joylashtirish;

— bog‘chaga navbat holatini tekshirish;

— bolani maktabga qabul qilish bilan bog‘liq elektron xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga egalar.

Bu xizmatlarning raqamlashtirilishi, ayniqsa, ish bilan band ota-onalar uchun vaqtni tejashga xizmat qiladi. Bog‘chaga joylashtirish xizmati ham my.gov.uz da eng ko‘p talab qilinadigan xizmatlardan biri hisoblanadi.

Pedagog va uning oila a’zolari uchun zarur bo‘lishi mumkin bo‘lgan ayrim ijtimoiy xizmatlar ham Yagona portal orqali elektron shaklda ko‘rsatiladi. Jumladan, bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash, turli subsidiyalarga ariza berish kabi xizmatlardan onlayn foydalanish mumkin.

Demak, my.gov.uzni faqat hujjat oladigan portal sifatida qabul qilish to‘g‘ri emas. U fuqaroning ta’lim, mehnat, ijtimoiy himoya va oilaviy hayotidagi ko‘plab davlat xizmatlarini yagona raqamli muhitga birlashtirib bormoqda.

Prezidentning 30-sentyabrdagi uchrashuvida o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanishiga yondashuvni o‘zgartirish bo‘yicha ham muhim tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, majburiy bir oylik malaka oshirish kurslari o‘rniga kasbiy rivojlanish vaucherlarini joriy etish taklif qilindi. Unga ko‘ra, pedagog o‘z natijasi va ehtiyojiga qarab 18 soatdan 72 soatgacha bo‘lgan dars soatlarini mustaqil tanlashi mumkin bo‘ladi.

Bu yondashuv ta’limdagi raqamlashtirishning yana bir muhim jihatini ko‘rsatadi: zamonaviy pedagogdan nafaqat dars berish, balki o‘z kasbiy rivojlanishini mustaqil boshqarish ham talab etilmoqda.

Bundan tashqari, Prezident uchrashuvda ta’limning barcha bo‘g‘inlaridagi ilg‘or pedagoglar uchun Abdulla Avloniy nomidagi alohida davlat mukofotini ta’sis etish tashabbusini ham bildirdi. Uning ilk sohiblarini kelgusi yilgi bayram arafasida taqdirlash taklif qilindi.

my.gov.uz orqali attestatsiya va sertifikatlashdan tortib, mehnat faoliyati, ish haqi, farzandini bog‘chaga joylashtirish va ijtimoiy xizmatlargacha bo‘lgan jarayonlarni elektron shaklga o‘tkazish pedagogga berilgan oddiy texnik qulaylik emas. Bu ustozning vaqtini qadrlashga qaratilgan raqamli yechimdir.

O‘zbekistonda ta’lim sifatini oshirish bilan bir qatorda pedagog mehnatini qadrlash, uning kasbiy o‘sishi va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish masalalari kun tartibida turibdi. 2026 yilgi yangi tashabbuslar esa bu jarayonda pedagogning kasbiy natijasi, malakasi va rivojlanishiga yanada katta e’tibor qaratilayotganining yaqqol namunasidir.

E’zoza Turg‘unova tayyorladi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring