Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ulug‘bek Oripov

Ba’zan sukut haqiqatdan afzal bo‘lishi mumkin.

«Qalampir» jurnalistning sarguzashtlari

«Qalampir» jurnalistning sarguzashtlari

Foto: «Imagui»

Jurnalist bo‘lish oson emas. Lekin bir mashg‘ulotga haddan ortiq berilib ketish ham yaramas ekan. Shodivoy ukamiz oldimga maslahat so‘rab kelganda oqibati shunaqa bo‘lishini bilsam, balki boshqacha yo‘l tutgan bo‘lardim. Bu Shodivoy deganlari qiltiriqqina, yigirma ikkiga to‘lib-to‘lmagan, qo‘ltig‘iga sabzitaxtadek papka qistirib yuradigan yigit. Gapirganda andak duduqlanadi, beixtiyor kishining rahmi keladi. Xullas, otasi bilan ozroq oshnaligimiz tufayli yigitcha bilganini o‘rgatar deb meni qora tortib kelibdi. Sho‘rlik tirik jurnalistlarni endi ko‘rayotgandek dag‘-dag‘ qaltiraydi, peshonasidan nuqul sovuq ter quyiladi. Shu yil o‘qishga kiribdi, poyintar-soyintar so‘zlaridan bildimki, matbuot va ijodni judayam yaxshi ko‘rarkan.

— Xullas, gap bunday, Shodivoy, — dedim talabaga nasihat qilayotgan professor kabi, — jurnalistika oldi-qochdi xabarlaru maqta-maqta yoxud mushakbozlik emas. Haqiqiy mavzuni, kamchilikni top, ko‘tar, hal qil, tahlil qil — mana jurnalistika! Agar oxirigacha borishga ko‘zing yetmasa, yaxshisi, bu yildan chekinishga to‘g‘ri keladi.

Shodivoy shashtimni ko‘rib jim qoldi, men esa so‘zlarimni hamma takrorlayverib yod bo‘lib ketgan jumla bilan tugatdim:

— Jurnalistikaning noni qattiq, bolam, noni qattiq...

Shodivoy ketdi. Yuz-ko‘zidan qattiq ta’sirlangani sezilib turardi. Miyig‘imda kulib qo‘ydim.

Oradan bir haftacha vaqt o‘tdi. Bir kuni tushlikdan so‘ng zerikib o‘tirsam, eshik ochilib Shodivoy paydo bo‘ldi. Qo‘lida bir dasta qog‘oz.

— Tanqidiy maqola, — dedi u yutinib.

«Talabalar shaharchasida joylashgan “N” kafesida tozalik masalasiga e’tibor kamroq. Nuqul mantining ichidan soch tolasi, somsadan cho‘p, qipiq chiqib kelaveradi. Kafe xizmatchilari qo‘pol, farroshlari esa yalqov. Umuman olganda...».

Obbo shovvoz-ey, nimani ko‘rib, eshitgan bo‘lsa qog‘ozga tushirib kelaveribdi. Kirish qismi, kulminatsiya, ya’ni ko‘cha tili bilan aytganda «udar joyi» yo‘q. Lekin ranjitmaslik uchun «yaxshi» degandek bosh irg‘ab:

— Tuzuk, ammo hali buni maqola qilish uchun ancha mehnat kerak, sen ariza yoki oddiy bayon yozmayapsan, bu ijodiy, jurnalistik material, boyitish kerak, — dedim.

Shodivoy ketdi-yu, uch kundan so‘ng keldi. Bu safar yigitcha ishga astoydil yondashibdi. Qarasam, ancha jiddiy tortgan, peshonasi terlab turgan bo‘lsa-da, oyoqlari avvalgidek qaltiramayapti. Maqolani achchiq gaplar bilan tugatib, tagiga Qalampir deb imzo ham qo‘yibdi.

— Obbo, Qalampirbek, durust, ammo yana o‘rganish, kuzatish kerak, ehtirosli, haroratli emas, dangal xulosalar kerak. Bu maqolani tahrir qilamiz.

Shu-shu, Qalampirbek jo‘shib ketdi. Talabalarga stipendiya vaqtida tarqatilmasligi, talabalar turarjoyidagi ensani qotiradigan odatlar, qo‘yingki, bir professorning faqat o‘zini maqtayverishi ham qog‘ozga tushdi.  Shodivoy uyiga borib kelib, talay «qalampirbop» mavzular topib keldi. Masalan, qishloqda ko‘p yo‘llar ta’mirga muhtoj emish, yaylovlarni yil yarimlamasdan qo‘y-qo‘zilar sob qilishibdi, qo‘shnisi har kuni ichib olib ko‘chani boshiga ko‘tarar emish ...va hokazo.

Maqola bir sahifa bo‘lib bosilib chiqdi, shundan so‘ng Qalampirbekning ham ovozi yo‘g‘onlashdi, qaddi tiklandi. Maqolalarini o‘qirkanman, dunyoni zulmat bosib ketgandek edi. Kim qog‘ozga tushsa, Shodivoy uni achchiq tili bilan chaqib olardi. Nihoyat, betakalluf va qo‘rs yotoqxona qorovuli haqidagi nordongina hajviyani o‘qirkanman, nasihat qilgan bo‘ldim:

— Shodivoy, tanqidni jaa qiyib yuboribsiz-ku. Hozircha yetar. Endi yoshlarbop, sokin namunalardan ham yozing.

Shodivoyga tanbehim yoqmadi chog‘i, o‘n kuncha tahririyatda qorasi ko‘rinmadi.  Nihoyat, uning nomidan pochtamizga xat keldi: yaxshi qorilmagan xamirdek o‘xshamagan maqola. Tahrir qilay desam, butun materialni qaytadan yozib chiqishga to‘g‘ri kelarkan.

Shundan keyin Shodivoy umuman tahririyatda ko‘rinmay qoldi. «Qitmir» hajviyalar ham izsiz yo‘qoldi. Balki mana shu jumlalarni o‘qigach, Qalampirbek yana o‘ziga kelib qolar?!

Jonkuyar muharrir so‘zlarini

Ulug‘bek ORIPOV oqqa ko‘chirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring