«Buxoro-Vnukovo» aviareysi orqali jangovar o‘q olib chiqishga uringan shaxs qamaldi

«Buxoro-Vnukovo» aviareysi orqali yashirin ravishda jangovar o‘q olib chiqishga uringan shaxs sud hukmi bilan ko‘p yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Bu haqda «Xabar.uz»ga Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tumani sudi raisi Bobur Umarov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Shofirkon tumanida tug‘ilgan 20 yoshli fuqaro Malik Ahadov (ismi-sharifi o‘zgartirilgan) 2019-yil hamda 2020-yilda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasining turli bandlari bilan ayblangan va unga 2 yilu 5 oy sinov muddati berilgan. Sinov muddatini o‘tayotgan Malik Ahadov tavbasiga tayanmagan. U bu gal xorijga jo‘nab ketadigan aviareys orqali yashirin ravishda jangovar o‘q olib chiqishga uringan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, Malik Buxoro tumanidagi o‘rta maktablardan birida 11-sinf o‘quvchilari bilan dala-o‘quv mashg‘ulotiga qo‘shilib borgan. Ushbu mashg‘ulotda Malikka «Kalashnikov» avtomatidan o‘q otish mashqini bajarishi uchun 3 dona «60 82» yozuvli, 5.45 millimetrli kalibrli jangovor patronlar berilgan. U jangovar patronning 1 donasini o‘sha joyda yo‘qotib, qolgan 2 donasini go‘yo otgan qilib ko‘rsatib, aslida, o‘qotar quroldan otmasdan, cho‘ntagiga yashirib qo‘ygan.
Oradan bir necha oy o‘tgach, Malik Ahadov «munosib xulq-atvorda bo‘lish» sinov muddati tugamagan bo‘lishiga qaramay, Rossiya Federatsiyasiga ishlash maqsadida aviareys chiptasini xarid qilgan. U tungi 01:40 larda «Buxoro-Vnukova yo‘nalishidagi A4 7064-sonli aviareys bilan jo‘nab ketish uchun «Buxoro xalqaro aeroporti»ning bojxona nazorati hududidagi «yashil” yo‘lakdan o‘ta boshlagan.
Malikning hatti-harakatlari bojxona post xodimlarida shubha uyg‘otgan. Shu sababli tezkorlik bilan uning qo‘l yuklari va kuzatib borilayotgan bagaji «Rariscan 624XR” rentgen apparati yordamida qaytadan nazoratdan o‘tkazilgan. Nazorat paytida yo‘lovchining bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan o‘ziga tegishli bo‘lgan qo‘l sumkasi ichidan o‘qotar jangovar qurollar o‘qlari chiqqan.
Huquq-tartibot organlari hamda bir nechta yo‘lovchilar guvohligida ushbu jangovar o‘qlar hujjatlashtirib olingan.
Buxoro viloyati IIB EKBning 1597-sonli ballistik ekspertiza xulosasiga ko‘ra, M.Ahadovdan hujjatlashtirib olingan 2 dona 5,45 mm. kalibrli patronlar jangovor o‘q-dorilar turkumiga kirishi, ular 1982 yilda ishlab chiqarilgan bo‘lib, «AK-74», «AKS-74», «AKS-74U» rusumli avtomatlarning va «RPK-74» rusumli qo‘l pulemyotining shtatli otish uchun yaroqli patronlari aniqlangan.
Aybdorga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 246-moddasi (Kontrabanda)ning 1-qismi bilan 5 yil muddatga va 248-moddasi (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi)ning 1-qismi bilan 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter