Jizzaxda ixtisoslashgan maktab bosh hisobchisi o‘z joniga qasd qilgani ma’lum bo‘ldi

Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax shahridagi maktablardan birining bosh hisobchisi o‘z hovlisida osilgan holda topilgani haqida xabarlar tarqaldi. Jizzax viloyati prokuraturasi mazkur holatga munosabat bildirib, bosh hisobchi bilan bog‘liq voqea ancha avval — 2019 yilda sodir bo‘lganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Jizzax shahar xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 22-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining (IDUM) 2010—2019 yillardagi moliyaviy xo‘jalik faoliyati yuzasidan hujjatli taftish o‘tkazilgan. Taftish natijasiga ko‘ra, IDUM mansabdor shaxslari tomonidan qariyb 160 million so‘mlik budjet mablag‘lari o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingani holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilgan.
22-sonli IDUM bosh hisobchisi O.Toshboltayev 2019 yil 21 noyabrda o‘z hovlisining yordamchi xonasida osilgan holda topilgani holati yuzasidan Jizzax shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilgan. Uning natijasiga ko‘ra, fuqaroning o‘limida biror-bir shaxsning harakatlarida jinoyat tarkibi bo‘lmagani sababli o‘sha yilning 20 dekabrida Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (reabilitatsiya uchun asoslar) 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.
Jinoyat ishining O.Toshboltayevga nisbatan qismi uning vafot etgani sababli 2020 yil 30 iyunda Jinoyat-protsessual kodeksining 84-moddasi (ayblilik to‘g‘risidagi masalani hal qilmay turib jinoyat ishini tugatish uchun asoslar) 1-qismi 3-bandiga asosan harakatdan tugatilgan.
Jinoyat ishining 22-sonli IDUM direktori D.Sadriddinovani ayblashga doir qismi, uning birinchi marta uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etgani, aybiga to‘liq iqrorligi, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, yetkazilgan moddiy zararni to‘liq qoplagani sababli uning ayblilik masalasini hal qilmasdan turib tugatilgan.
Tergov harakatlari natijasiga ko‘ra, 22-sonli IDUM direktorining xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari U.Yo‘ldoshev Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 2-qismi «a, b, v, g» bandlari va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi «a» bandi bilan ayblanib, jinoyat ishi sudga yuborilgan va unga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudining 2020 yil 24 sentyabrdagi hukmi bilan qonuniy jazo chorasi tayinlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter