20 kunda uch marta matbuot anjumani? Sudyalar oliy kengashida o‘tgan tadbir ayni shu savolga javobdan boshlandi

1
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi mutasaddilari yana matbuot anjumani o‘tkazdi. «Yana» deyilayotganining sababiki, Kengash vakillari yigirma kun avval AOKAda, o‘tgan hafta sudyalar oliy maktabida jurnalist va blogerlar bilan uchrashgan edi-da.
Yigirma kun nari-berisida uchinchi bor matbuot anjumani o‘tkazishga nima turtki bo‘ldi?
2
Shunday savol paydo bo‘lishini oldindan bilgan chog‘i, Kengash matbuot kotibi Tursunali Akbarov tadbir boshidayoq izoh berdi-qo‘ydi. Aytdiki, yaqinda o‘tgan matbuot anjumanlarda mavzu va sharoitdan kelib chiqib, davlatimiz rahbarining 2020 yil 7 dekabrdagi «Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-6127-son Farmoni ijrosi yuzasidan qisqa axborotlar berish bilan cheklanilgan edi. Mazkur farmonning ahamiyati va zalvori alohida tadbir tashkil etishni talab qiladiki, shu bois, mana, sizlar bilan yana uchrashib turibmiz.
3
Prezidentning qayd etilgan farmoni, shubhasiz, sudyalikka kadrlarni tanlash, tayyorlash, lavozimga tayinlashning yangi tizimi joriy etilishiga huquqiy asos vazifasini o‘taydi. Ayni jarayonda xolislik va shaffoflikni ta’minlash ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Farmon ijrosi doirasida:
- Ilk bor sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash bo‘yicha imtihon jarayonlarini Internet tarmog‘i (veb-sayt) orqali onlayn tarzda yoritib borish yo‘lga qo‘yildi. (Imtihon jarayonlarini nafaqat muqobil nomzodlar, balki nomzodning ota-onalari ham kuzatib borish imkoniyati yaratildi.)
- Sudyalik lavozimiga nomzodlar va sudyalarning psixologik portreti bo‘yicha kasbga munosibligini baholashga ko‘maklashuvchi elektron dastur ishlab chiqilib, sinovdan muvofaqqiyatli o‘tdi va to‘liq ishga tushirildi.
- «Psixologik test» elektron dasturi yordamida shaxsning quyidagi psixologik holatlari va xususiyatlari baholanadi:
- qat’iylik;
- bosiqlik;
- jizzakilik;
- stressga moyillik;
- stressga chidamlilik;
- korrupsiyaga moyillik;
- alkogolizmga moyillik;
- ruhiy kasalliklar;
- boshqa psixologik xususiyatlar.
Psixologik test natijasi professional psixolog tomonidan o‘rganib chiqilib, tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan xulosa tuziladi. Mazkur xulosa nomzodning sudyalik lavozimiga tayinlanishida alohida e’tiborga olinadi.
4
Tadbirda farmon ijrosi doirasida Sudyalar oliy kengashi huzurida jamoatchilik asosida faoliyat ko‘rsatadigan O‘zbekiston Sudyalar klubi tashkil etilganiga alohida urg‘u berildi. E’tiborlisi ixtisosliklar bo‘yicha, klub a’zolari tarkibi shakllantirilib, hatto elektron platformasi ham ishga turishildi.

Mazkur elektron platforma maqsadi:
- sudyaning daxlsizligi buzilgan holatlar to‘g‘risida tezkor xabar yuborish;
- odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash;
- o‘zaro muloqot asosida sudyalar malakasini oshirish va yagona sud amaliyotini joriy etishga ko‘maklashish tizimi yaratildi.
5
Sudyalar klubining onlayn forumida o‘tgan besh oymobaynida sud amaliyotiga oid 1004 ta mavzu bo‘yicha o‘zaro 5264 marotaba fikr almashinilgan, qonunchilikni takomillashtirishga oid 441 ta taklif muhokama qilindi.
Raqamlardan ko‘rinadiki, onlayn forumda muhokama qilingan mavzular orasida qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar yetakchilik qilmoqda. Bundan sudyalar ish jarayonida huquqiy hujjatlardagi bo‘shliqlik va nomuvofiqliklarga ko‘p dech kelayotganini anglashiladi. Demak, sud qarorlari sifatida haqida gap ketganda muammo sudyalarning salohiyatigagina borib taqalmas ekan...
6
Yana bir yangilik: Sudyalar oliy kengashining rasmiy veb-sayti yangilanibdi. Bu ish AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va BMT Taraqqiyot Dasturining «O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik» qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirilgani qayd etildi tadbirda.Rasmiy veb-saytida Kengash faoliyatiga oid keprakli ma’lumot va axborotlardan tashqari O‘zbekistonda ishlayotgan sudyalar ro‘yxati ham joylashtirilgan. Shuningdek, veb-saytda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan murojaatlarni yuborish platformasiga alohida joy ajratilgan.
7
Matbuot anjumani savol-javoblar o‘tmasligi aniq. Shunday bo‘ldi ham. Ayni paytda necha nafar sudyalar faoliyat ko‘rsatayotgani, ular orasida ayollar soni, shuningdek tizim vakillarining qancha maosh olishidan tortib, ularning professional salohiyati va halolligiga oid ko‘p va xo‘b savollarga javob berildi.
Javoblardan qoniqqanlar ham bo‘ldi, qoniqmaganlar ham...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter