Bo‘stonliqda IIB xodimiga 1000 dollar pora bermoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

Aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, Bo‘stonliq tumani IIBga kelib tushgan arizada xususiy zavodlarning biriga tegishli bo‘lgan mulk o‘g‘irlab ketilgani va qonuniy chora ko‘rilishi so‘ralgan.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida gumondor sifatida jalb qilingan, Bo‘stonliq tumanida yashovchi fuqaro G‘.T haqiqatdan ham 3 fazalik 32 metr kabel va «Telfer» nomli yuk ko‘tarish moslamasini zavoddan o‘g‘irlab, «Azamat» ismli tanishiga 3 million so‘mga sotib yuborgani ma’lum bo‘ladi. Jinoyati fosh bo‘lishini istamagan G‘.T tuman IIB Jinoyat qidiruv bo‘lim boshlig‘i podpolkovnik A.Baratovga ishni uning foydasiga hal qilib berishini so‘rab, evaziga 1000 AQSh dollari miqdoridagi pulni pora tariqasida taklif qiladi.
Holat bo‘yicha podpolkovnik Baratovning arizasiga asosan, Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi va hamkorlikdagi tuzilmalar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro G‘.T 1000 AQSh dollari miqdoridagi pulni IIB xodimiga pora tariqasida berayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
IIBB Axborot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter