Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Endi pensiya yoshiga yetganlarga «chiqish eshigi» ko‘rsatilmaydi

Endi pensiya yoshiga yetganlarga «chiqish eshigi» ko‘rsatilmaydi

Foto: Xabar.uz

Joriy yilning 29-oktyabr kuni anchadan buyon kutilayotgan voqelik yuz berdi: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi yangi tahrirda qabul qilindi.

Mehnatga oid munosabatlarni tartibga soluvchi yangi huquqiy hujjatda o‘zgarish va qo‘shimchalar ko‘p bo‘lishi o‘z-o‘zidan ma’lum. Ularni muxtasar maqolada bayon qilishning iloji ham yo‘q. Shundan kelib chiqib, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining eng e’tiborli nuqtasi — ish beruvchi tashabbusi bilan xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga oid yangi tartibotlar borasida «Xabar.uz» muxbiri Namangan viloyat sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyasi Muhayyo Dedamirzayeva bilan qisqa suhbat uyushtirdi.

Muhayyo Dedamirzayevaning alohida ta’kid etishicha, mehnatga oid munosabatlarda eng ko‘p nizo ish beruvchi tashabbusi bilan xodimni o‘z vazifasidan ozod etilishiga bog‘liq masalalar hisoblanadi. Fuqarolik sudlarida ko‘rilayotgan ishlarning salmoqli qismi shu mazmundagi ekani bunga yaqqol misol. Buning sababi sifatida birinchi navbatda eski tahrirdagi Mehnat kodeksida ish beruvchining mehnat shartnomasini o‘z tashabbusi bilan bekor qilish imkoniyati kengroq bo‘lganini ko‘rsatish mumkin (100-modda). Masalan, xodimning pensiya yoshiga to‘lganligi va qonunchilikka muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi paydo bo‘lishi uni ish beruvchi tashabbusi bilan vazifasidan ozod etishi uchun kifoya qilardi. Yoki xodimni sog‘lig‘i holatiga ko‘ra ishdan bo‘shatish ham ish beruvchi uchun katta muammo bo‘lmagan.

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish imkoniyatlari keskin cheklanib, xodimning haq-huquqlari yana kengroq muhofaza etilganini ko‘rish mumkin. Masalan, endi xodimning pensiya yoshiga yetishi u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun asos bo‘lolmaydi. Shuningdek, uning sog‘lig‘i holatiga ko‘ra bajarayotgan ishiga noloyiq, degan vaj bilan vazifasidan ozod etishga imkon beruvchi norma ham chiqarib tashlandi.

Umuman, mehnat sharnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga oid tartiblar eski tahrirdagi Mehnat kodeksining 100-moddasi yetti bandda ifoda qilingan bo‘lsa, yangi tahrirdagisida bu kabi munosabatlar 161-moddaning olti bandida o‘z aksni topgan.

Asosiy yangiliklarni tadbirkorlik sub’yektlarida ish beruvchi tashabbusi bilan mehnat shartnomalarini bekor qilishga oid me’yorlar kiritilganligida ko‘rish mumkin (eski tahrirdagi Mehnat kodeksida tadbirkorlik sub’yektlariga norma mavjud bo‘lmagan). Xususan, yakka tartibdagi tadbirkorlarning xodimlarni ishga qabul qilish va ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasini o‘z tashabbusi bilan bekor qilishning aniq shartlari belgilandi. Yangi tartibga ko‘ra, yakka tartibdagi tadbirkor xodimlar soni yoki shtatlar qisqarganligi munosabati bilan ham o‘z tashabbusiga ko‘ra ishchisi bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishi mumkin.

Ish beruvchi tomonidan xodimning «o‘z mehnat vazifalarini bir marta qo‘pol ravishda buzganligi» asosida ishdan bo‘shatish ortidan kelib chiqadigan nizolar oz emas. Shu mazmundagi buyruqni bekor qilish da’vosi bilan sudga murojaat etishlar soni ko‘pligi shunga dalolat qiladi.

Eski tahrirdagi Mehnat kodeksida «o‘z mehnat vazifalarini bir marta qo‘pol buzish»ga asos bo‘luvchi holatlar bir qadar bayon qilgan bo‘lsa-da, endilikda mehnat turlari va ularning xususiyatlari ko‘payishi bu boradagi normalarga yanada aniqlik kiritishga ehtiyoj paydo qilayotgan edi. Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida ayni ehtiyojdan kelib chiqib, «xodimning o‘z mehnat vazifalarini bir marta qo‘pol ravishda buzilishi»ga atroflicha e’tibor qaratildi va ularning ro‘yxati alohida moddada (162-modda) o‘z aksini topgan, dedi M. Dedamirzayeva.

Eslatib o‘tamiz, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi 2023-yilning 30-aprelidan kuchga kiradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring