Nomzodlar psixologik test topshirdi

Kecha sudyalik lavozimiga qayta tayinlash istagida bo‘lgan 12 nafar nomzod psixologik test topshirdi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati xabar qildi.
Unga ko‘ra, psixologik testdan muvaffaqiyatli o‘tganlarga sudyalik lavozimi naqd degani emas. «Psixologik test» elektron dasturi yordamida nomzodning qat’iylik, bosiqlik, stressga chidamliligi, korrupsiya, alkogolizmga moyilligi va boshqa ruhiy-ma’naviy xususiyatlari o‘rganilib, tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan xulosa tuziladi.
Mazkur xulosa nomzodning sudyalik lavozimiga tayinlanishida alohida e’tiborga olinadi.
Tayinlov esa Sudyalar oliy kengashi tomonidan ochiq tanlov, muqobillik asosida va kollegal hal etiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 7 dekabrdagi «Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-6127-son Farmonida sudyalik lavozimiga nomzodlar va sudyalarning psixologik portreti bo‘yicha kasbga munosibligini baholashga ko‘maklashuvchi elektron dastur ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish belgilangandi.
Sudyalar oliy kengashi tomonidan mazkur dastur ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etish boshlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter