Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qozog‘istondan O‘zbekistonga parranda olib o‘tish mumkinmi?

Qozog‘istondan O‘zbekistonga parranda olib o‘tish mumkinmi?

«Iltimos, bojxonachilardan so‘rab bersangiz, Qozog‘istondan O‘zbekistonga qanday qilib parranda olib o‘tish mumkin? Qonunchilikka ko‘ra olib o‘tish mumkinmi?».

— Davlat xavfsizligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, shuningdek O‘zbekistonning boshqa manfaatlaridan kelib chiqqan holda O‘zbekiston qonun hujjatlari hamda xalqaro shartnomalariga muvofiq ayrim tovarlarni respublika hududiga olib kirish cheklanishi yoki taqiqlanishi mumkin, — deya ta’kidladi Samarqand viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati boshlig‘i G‘ayrat Sattorov. — Shuningdek, shaxslar respublika hududiga kirib kelayotganda olib kirilishi uchun vakolatli organlarning ruxsatnomalari talab etiladigan tovarlarga tegishli ruxsatnomalar (litsenziyalar) mavjudligi tekshiriladi.

Quyidagi tovarlarni O‘zbekiston hududiga olib kirish taqiqlanadi:

— O‘zbekiston va insoniyat xavfsizligiga qarshi, hududiy yaxlitlikni, davlat suvereniteti va siyosiy mustaqillikni buzishga qaratilgan bosma nashr mahsulotlari, qo‘lyozmalar, klishe, rasm, fotosurat, fotoplyonka, negativlar, kino, video va audio mahsulotlari, ovoz yozilgan materiallar, shuningdek urush, terrorizm, zo‘ravonlik, milliy ajratish va diniy nafrat, irqchilik va uning turlarini (antisemitizm, fashizm) targ‘ib etuvchi hamda pornografik mazmundagi materiallar;

— etil spirti;

— uchuvchisiz uchish apparatlari (TIF TN kodi 8802 20 000 0) va lazer nurli ko‘rsatkichlar sifatida foydalaniladigan portativ lazerli nur tarqatkichlar (TIF TN kodi 9013 20 000 0);

— pirotexnika mahsulotlari;

— pul yutug‘iga ega bo‘lgan o‘yin avtomatlari; 

— «M2», «M3» va «N2» kategoriyadagi oldin foydalanuvda bo‘lgan avtotransportlar;

— zaharlilik darajasi «Yevro-3» ekologik sinfi talablariga javob bermaydigan, benzin yoki dizel yonilg‘isida harakatlanadigan yangi avtotransportlar (TIF TN kodi 8703 va 8705 bo‘lib, maxsus maqsadlar uchun foydalaniladiganlardan tashqari);

— Rossiya, Qozog‘iston, Ruminiya, Bolgariya va Turkiyada yetishtirilgan xonaki parranda, xonaki parranda go‘shti, tuxumi va ulardan tayyorlangan ikkilamchi mahsulotlar;

— Buyuk Britaniyadan qoramol, mol go‘shti, go‘sht-sut va ularni qayta ishlashdan olingan hamda oziq-ovqat, veterinariya, tibbiyot, farmatsevtika va parfyumer-kosmetika ishlab chiqarishda ishlatiladigan mahsulotlar;

— Albaniya, Angola, Andorra, Armaniston, Afg‘oniston, Butan, Gaiti, Gvineya-Bisau, Jibuti, Zoir, Iroq, Kabo-Verde, Kambodja, Qirg‘iziston, O‘mon, Palau, Ruanda, San-Marino, San-Tome va Prinsipi, Somali, Serra-Leone davlatlaridan ozon qatlamini yemiruvchi narsa va tarkibida bo‘lgan mahsulotlar.

Quyidagi tovarlarni olib kirishda vakolatli organlarning ruxsatnoma(litsenziya)lar talab etiladi:

— giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni olib kirayotganda Giyohvandlik vositalari ustidan nazorat qilish bo‘yicha O‘zbekiston davlat komissiyasining ruxsatnomasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi beradigan sertifikatlar;

— ozonni buzuvchi moddalar va tarkibida ular mavjud bo‘lgan mahsulotlarni O‘zbekistonga olib kirishda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi beradigan ruxsatnomalar;

— sanoat maqsadidagi portlovchi materiallarni, alyuminiy kukuni va qurumini (TIF TN kodlari 7603100000, 7603200000) O‘zbekistonga olib kirayotganda Ichki ishlar vazirligi beradigan ruxsatnomalar;

— yovvoyi o‘simliklar, ularning qismlari, mevalari, urug‘lari va botanika kolleksiyalari, yovvoyi hayvonlar, ularning qismlari, zoologiya kolleksiyalari, hayot faoliyati mahsulotlari, o‘ljalar, tulumlari O‘zbekistonga olib kirilayotganda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi beradigan ruxsatnomalar;

— radioelektron vositalar va yuqori chastotali uskunalar olib kirilayotganda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Elektromagnit moslashuvi markazi beradigan ruxsatnoma;

— ekologik xavfli mahsulotlar va chiqindilarni O‘zbekistonga olib kirayotganda unga berilgan ekologik sertifikat.

Shu bilan birga, chegara bojxona posti orqali olib o‘tilayotgan ayrim tovarlarga nisbatan xalqaro bitimlar, amaldagi qonunchilik asosida boshqa cheklov yoki taqiqlar qo‘llanishi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring