...Savol hamon ko‘ndalang: oqlash osonmi yoki yoqlash?
Savol sudyalarga qaratilayotgani o‘z-o‘zidan ma’lum. Faqat sarlavhani jindek sharhlashga to‘g‘ri keladi: sudya uchun aybsiz shaxsni oqlash osonmi yoki ayblovni yoqlashmi?
Kuni kecha Oliy sud raisi bir haqiqatni ochiqladi: shu choqqacha chiqarilayotgan oqlov hukmlarining 96 foizi 2017-yilgacha ko‘rib chiqilgan jinoyat ishlariga tegishli ekan! Yana qo‘shimcha qildiki, uch yil burun oqlov hukmini chiqargan sudyaning o‘zi ko‘pga bormasdi... (Bu gapdan aybsiz shaxsni oqlagan sudya yo «kamchiligi topib» ishdan chetlatilgani yoki bitta fitna bilan qo‘lga olinganini tushunish mumkin).
Shu gaplarning o‘zi yuqoridagi savolga javob bo‘ladi.
Fuqaroning haq-huquqini himoya qilishga mas’ul sudyaning o‘zi himoyaga muhtoj bo‘lgan joyda sudning jazolovchi organdan farqi qolmasligi turgan gap.
Yaqin-yaqingacha shunday edi.
Bugun-chi?
Sud tizimida bo‘layotgan o‘zgarishlar ko‘p. Mahkamaning ochiqlikka intilayotganini inkor etish qiyin. «Bizdanam ochiq tashkilot bormi, ayting?!» deya mahkama rahbari bejiz ta’kidlagani yo‘q. Biroq unda-bunda «tishga tegadigan» holatlar ko‘zga tashlanib turibdi baribir.
Mana, shulardan bittasi.
Xorazmlik Rahimbergan Allaberganov (1958-y. t.) «qora tush»ga mengzalgan yaqin o‘tmishda emas, balki barcha jabha qatori sud tizimida ham jiddiy o‘zgarishlarlar boshlangan 2017-yilning bahorida jinoiy javobgarlikka tortildi. Unga ayblov tirkash oson bo‘lgani yo‘q, biroq «amallab yopishtirilgan» jinoyatlar suddan oppa-oson o‘tib ketdi!
Avvaliga fuqarolik sudida burni qonadi. Ya’ni, fuqarolik ishlari bo‘yicha (FIB) Bog‘ot tumanlararo sudi (2015-yil, 16-mart) bir necha yillardan bo‘yon R.Allaberganov va Umarboy Sapayev degan shaxs o‘rtasidagi mulkiy nizoga qonuniy nuqta qo‘ygandi, go‘yo.
Ikki fuqaro o‘rtasida anchadan buyon Hazorasp tumani «Muxamon» mahallasidagi bir paytlar sobiq «Xorazm» shirkat xo‘jaligiga qarashli bino-inshootlar «talashib» kelinayotgandi. Rahimbergan og‘a bino-inshootlar xususiy mulki ekani, ularni 2005-yilda kimoshdi savdosidan qonuniy sotib olganini dastak qiladi. O‘z navbatida U.Sapayev ham mulklarga da’vo qilar ekan, ularni 2014-yilda B.Matnazarov degan fuqarodan notarial tartibda sotib olganini bildiradi.
2005-yil qayda-yu 2014-yil qayda? Oradagi to‘qqiz yil oralig‘ida U.Sapayevga notarial tartibda mulklarini sotgan B.Matnazarov qahramonimizga nisbatan jiddiy e’tiroz bildirmay kelgani kim haq-u kim nohaq ekanini ko‘rsatadi, aslida.
Biroq fuqarolik sudi masala mohiyatiga chuqur kirib o‘tirmagan ko‘rinadi. Qahramonimizning sudga kelmagani (R.Allaberganov suddan bexabar qolganini aytadi) qo‘l keldimi, xullas, sirtdan hal qiluv qarori chiqardiki, natijada Hazorasp tuman hokimining qurilish osti maydoni 1286,81 kv. metr bo‘lgan sobiq shirkat xo‘jaligining idora binosi, asfalt maydoni, chorbog‘ va yozgi klub binolarini R.Allaberganovga tegishli ekanini belgilash to‘g‘risidagi (2009-yil, 17-iyun) qarori qisman bekor qilindi. Hokim qarorining qisman bekor qilinishi esa R.Allaberganov salkam o‘n yildan buyon foydalanib kelayotgan bino-inshootlarning ma’lum qismiga da’vo qilayotgan U.Sapayevni «mulkdor»ga aylantirdi-qo‘ydi.
R.Allaberganov buni sudning sirtdan chiqargan qarori qonuniy kuchga kirib bo‘lganidan so‘ng bildi. Darhol shikoyat yozdi, biroq yuqori instansiyada hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldirildi. Bu orada navbatdagi g‘urbatga duchor qilindiki, natijada fuqarolik sudlari bir yoqda qolib, tergov va jinoyat sudlarida o‘ralashib qoldi.
Gar shundaki, fuqarolik sudida «muzaffar bo‘lgan» U.Sapayev ichki ishlar idorasiga murojaat qilgandi: menga tegishli bino-inshootlarni R.Allaberganov buzib, sotib yuboribdi, kamiga fuqarolik sudi qarori ijrosiga to‘sqinlik ham qilmoqda, chora ko‘ringlar...
Avvaliga U.Sapayev shikoyatlaridagi vajlar tasdiqlanmagani bois bir necha marta jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etildi. Qachonki «delo» Hazorasp tumani IIB katta tergovchisi O.Jabbarov qo‘liga tushgach, vaziyat butunlay boshqacha tus oldi. Aytish mumkinki, tirnoq ostidan kir qidirish boshlandi.
Avvaliga Jinoyat kodeksining 173-moddasi «v» bandi (o‘zganing mulkini ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda qasddan nobud qilish) bilan ayb e’lon qildi. Bu moddani «yopishtirguncha» tergovchi ozmuncha «riyozat» chekmadi rosti?! Buzib tashlangani aytilayotgan inshoot hujjatlarda «yordamchi ishlab chiqarish binosi» deyiladi. Vaholanki, sobiq shirkat xo‘jaligining sotilgan inshootlari orasida bunaqa binoning o‘zi bo‘lmagan. Borlari ham o‘tgan asrning 60-yillarida qurilgan bo‘lib, shundog‘am to‘kiladigan holatda edi. Tergov organi tomonidan bir emas, besh marta «qasddan nobud qilingan» o‘sha inshootga yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash uchun «sud qurilish-texnik ekispertizasi» tayinlandi. Va besh marta ham X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi mutaxassislari «otam zamondan» qolgan inshoot xususida xulosa berib bo‘lmasligini aytishadi. Ekspertlarning bunday to‘xtamga kelishiga surishtiruv va tergov organi go‘yoki nobud etilgan binoni to‘liq ko‘zdan kechirib, xatlab, suratga olishdan tashqari, tegishli hujjat va ma’lumotlar taqdim etmagani, to‘g‘rirog‘i, etolmagani sabab bo‘lgani ehtimoli yuqori.
Espertlardan hech qanday xulosa ololmagach, tergovchi «Urganch baholash va konstalting» MChJga (xususiy tashkilotga!) murojaat qiladi. MChJ esa vakolatli ekspertlar qilolmagan ishni qildi: unga ko‘ra, binoni buzish natijasida yetkazilgan zarar 305 223 000 (uch yuz besh million ikki yuz yigirma uch ming!) so‘mni tashkil ekan?! Borligi mavhum va bor deb faraz qilganda ham oltmish yil (!) narida qurilgan hamda uzoq viloyatning chekka hududidagi inshoot buncha katta pulga «baholangani» tasavvurga sig‘maydi. Kechirasiz-ku, buncha pulga poytaxtning qoq markazidan bo‘lmasayam, chekkarog‘idan ko‘rkam va yangi inshoot sotib olish mumkin. Ikkinchidan, va eng muhim holat — «Urganch baholash va konstalting» MChJning salkam fantastik xulosasi 2016-yilning 26-oktyabr kuni chiqariladi. Biroq tergovchi olti kun avval (!) 2016-yilning 20-oktyabridayoq R.Allaberganovga nisbatan «fuqaro U.Sapayevga 305 223 000 so‘m moddiy zarar yetkazganlik» aybini e’lon qilib ulgurgandi?! Bunaqasi kam uchraydi...
Turgan gap, shaxsga 173-moddaning «v» bandi (o‘zganing mulkini ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda qasddan nobud qilish) bilan «amallab» ayb e’lon qilingach, bu modda o‘z-o‘zidan Jinoyat kodeksining 229-moddasini «yetaklab keladi»: «O‘zboshimchalik, ya’ni haqiqiy yoki faraz qilingan huquqlarni o‘zboshimchalik bilan amalga oshirish»! Holbuki, R.Allaberganov o‘ziniki deya faraz qilib, o‘zganing mulkni egallab olgan joyi yo‘q. Fuqarolik sudi undan U.Sapayevga tom ma’noda olib bergan mulklarni yillar davomida tasarruf qilar ekan, o‘z vaqtida tegishli soliq to‘lovlarini amalga oshirib kelayotgandi.
Jinoyat ishi hujjatlarida FIB Bog‘ot tumanlararo sudining o‘sha, shuncha g‘avg‘olarga asos bo‘lgan sirtdan chiqarilgan hal qiluv qarori ijro etilgani, bu jarayonda taraflar o‘rtasida g‘alva chiqqani, biroq o‘sha vaqtda R.Allaberganov voqea joyida emas, Toshkentda davolanishda bo‘lgani zikr etilgan dalolatnoma bor. Bu hujjat bir necha fuqarolar tomonidan imzolangan. Endi tasavvur qiling: sud qarori ijro etildimi-yo‘qmi — bu nari surib turilganda ham ayni jarayonda javobgar ishtirok etmagani inkor etib bo‘lmas holat. O‘zi yo‘q odamni «sud qarori ijrosiga to‘sqinlik qilganlikda» ayblash sog‘lom tasavvurga sig‘adimi?!
Tergovchi-ku, bularni ayblovda «o‘xshatibdi», biroq sud-chi?!
Nima deysizki, yuqoridagi qo‘lbola ayblovlar jinoyat ishlari bo‘yicha Hazorasp tuman sudidan ham (2017-yil, 17-may), viloyat sudidan ham (2017-yil, 18-iyul) silliqqina o‘tib, R.Allaberganov qip-qizil jinoyatchiga aylandi-qoldi...
...Mana, oradan ikki yildan ko‘proq vaqt o‘tdi. Bu davrda nimalar o‘zgardi? Eng katta o‘zgarish — shu-uncha ayblovlarga asos bo‘lgan FIB Bog‘ot tumanlararo sudining hal qiluv qarori bekor qilindi! Biroq shu qaror sabab qo‘zg‘atilib, so‘ng puflab-shishirilgan ayblovlar asosida chiqarilgan jinoyat sudining hukm-u ajrimi hamon o‘z kuchida turibdi. Rahimbergan Allaberganov Oliy sudga necha marta murojaat qilmadi, deysiz? Biroq kelayotgan javoblarga ko‘ra, «sud qarorlari qonuniy, bekor qilishga asos» yo‘q ekan.
Ajab...
Oliy sudga salomlar bo‘lsin.
Akbar Alishayxov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter