Go‘sht va sut ishlab chiqarish masalasi xalqaro seminarda muhokama etildi

Bugun, 30-aprel kuni «Xalq banki» aksiyadorlik tijorat bankining majlislar zalida «O‘zbekistonda go‘sht va sut ishlab chiqarish istiqbollari: erishilgan yutuq va mavjud muammolar» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy o‘quv seminari o‘tkazildi.
Respublika «Nasl-xizmat» uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan seminarda bank vakillari, Germaniya, Hollandiya hamda Ukrainadan kelgan chorvachilik sohasidagi yetakchi kompaniyalarning mutaxassislari, fermer va chorvadorlar, jurnalistlar ishtirok etdi.
Aytish kerakki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga ko‘ra yurtimizda chorvachilikni ilmiy asosda tashkil etish, chorvachilik xo‘jaliklarida naslchilik ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, chorva mahsuldorligini oshirish, chorvachilik rivojlangan davlatlardan olim va mutaxassislarni olib kelib, hududlarda ilmiy-amaliy seminarlar tashkil etib borish vazifasi Xalq bankiga yuklatilgan.
— O‘zbekiston bizning uzoq yillik hamkorimiz, — dedi Germaniyaning «ZVE-Zushtvieh Export» kompaniyasi tijorat direktori Viktor Berch. — Bu safar yolg‘iz emas, hamkasblarim va boshqa mutaxassislar bilan keldim. Maqsadimiz — O‘zbekistonda nasldor mollarni ko‘paytirish, bozorlarni sifatli go‘sht va sut bilan ta’minlashga o‘z hissamizni qo‘shish. Chunki xorijdan keltirilayotgan mollarni O‘zbekiston sharoitida qanday parvarish qilishni bilish juda muhim. Bu borada to‘plangan tajriba hamda bilimlarni fermer va chorvadorlar bilan o‘rtoqlashsak, ko‘zlangan maqsadga erishish mumkin bo‘ladi.
Seminarda Hollandiyaning «Trouw Nutrition» kompaniyasining mutaxassislari Igor Detko va Artur Svirid, shuningdek mustaqil veterinar Yaroslav Kogan ma’ruza qildi. Unda «Chet davlatlardan naslli mollarni keltirishda to‘g‘ri tanlash va baholash», «Sutchilik fermalarida ozuqa tayyorlash, qayta ishlash va qoramollarni oziqlantirish texnologiyasi to‘g‘risida», «Buzoqlarni to‘g‘ri saqlash va ularga sut ichirish va undan keyingi davrda to‘g‘ri oziqlantirish texnologiyasi», «Sigirlarni tug‘ishdan keyingi davrda parvarishlash va ularning reproduktiv organlarida uchraydigan kasalliklar va ularning oldini olish choralari» mavzularida o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
— Xorijdan nasldor mollarni olib kelish maqsadida Xalq bankidan 2 million dollar kridet oldim, — deydi sirdaryolik fermer Nuriddin Xo‘jabekov. — Shu yilning o‘zida 400 ta qoramol olib kelamiz. Bu orqali 100 ga yaqin ish o‘rni yaratiladi. Bugungi seminarda xalqaro ekspertlardan nasldor mollarni qanday parvarish qilish haqida qimmatli ma’lumotlar oldim, chorvadorlar bilan tajriba almashdim.
Tadbirda Xalq banki tomonidan chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini yanada ko‘paytirish, ichki bozorni arzon va sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish borasida qator ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
— Qishloq xo‘jaligining muhim bo‘g‘ini sanalgan mazkur tarmoqni rivojlantirish maqsadida yurtimizga Rossiya, Ukraina, Yevropa davlatlaridan o‘tgan 2 yil davomida 20254 bosh zotdor qoramol hamda 3632 bosh jun va sut yo‘nalishidagi echki olib kelindi, — dedi Xalq banki kredit depertamenti boshqarma boshlig‘i Bekzod Sarmanov. — Ularni olib kelish uchun 241,5 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Pirovardida 4500 dan ortiq ish o‘rni yaratildi. Birgina o‘tgan yilning o‘zida chorvachilik yo‘nalishidagi 1600 ta loyihaga 202,5 mlrd. so‘m kredit ajratildi. Shundan xorijiy mamlakatlardan 80,1 mlrd. so‘mlik 5075 bosh zotdor qoramol olib kelinib, naslchilik xo‘jaliklariga tarqatildi.
Masalan, Xalq banki ko‘magida Qiziltepa tumanidagi «Yangi asr» fermer xo‘jaligida 396 bosh, Koson tumanidagi «Istiqlol» ishlab chiqarish savdo tashkilotida 311 bosh zotdor qoramol parvarishlanmoqda. Surxondaryo viloyatida chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha 37 ta loyihaga 9,9 mlrd. so‘m kredit ajratilib, 200 ga yaqin ish o‘rni yaratildi. Qiziriq tumanidagi «Tojinor Sho‘rchi» fermer xo‘jaligiga 2000 bosh qoramolga mo‘ljallangan chorvachilik kompleksini tashkil etish uchun 11,5 mlrd. so‘m kredit yo‘naltirildi.
Xalq banki jamoasi mamlakatimizda chorvachilikni rivojlantirishga ko‘maklashish bilan birga, zotdor mollarni ko‘paytirishga qaratilgan ko‘plab loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Xususan, mazkur bankning moliyaviy ko‘magida «O‘znaslchilik» korxonasiga 2017-yilda Germaniyadan 62 bosh golshtin, angler, simmental va shvits zotli buqalar olib kelinib, korxonadagi zotdor buqalar soni 132 taga yetkazildi. Shuningdek, «Qayqubodnaslchorva» MChJ negizida tashkil qilingan Farg‘ona filialiga Germaniyadan 26 bosh zotdor buqa hamda Ukrainadan sun’iy urug‘lantirish laboratoriyasi uchun zarur dastgohlar olib kelindi. Bank bu ishlarga 4,5 mlrd. so‘m kredit ajratdi.
Bundan tashqari bu boradagi ishlar sifatini yuqori bosqichga ko‘tarish maqsadida o‘tgan ikki yil davomida bankning moliyaviy yordamida xorijdan zotdor buqalarning muzlatilgan urug‘larini uzoq muddatga saqlashga mo‘ljallangan 1700 dona dyuar idishlari olib kelindi. Bu idishlar viloyatlardagi naslchilik xo‘jaliklariga tarqatildi.
Xalqaro seminarda xorijlik mutaxassislar bu yo‘nalishda erishilgan yutuqlarga yuqori baho berib, dyuar idishlaridan samarali foydalanish, naslchilikni rivojlantirish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Yig‘ilishda chorvachilikni rivojlantirish istiqbollari, sun’iy urug‘lantirishning zamonaviy usullari xususida ham ma’lumotlar berildi.
Xalqaro o‘quv seminarlari 1-may kuni Samarqand shahrida, 3-may kuni Urganch tumanida, 5-may kuni esa Andijon tumanida ham bo‘lib o‘tadi. Ularda respublikamizning barcha hududlaridan fermer va tadbirkorlar ishtirok etishi va malaka oshirishi ko‘zda tutilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter