Mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi — Prezident

Ayni vaqtda mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha Shavkat Mirziyoyev boshchiligida videoselektor o‘tkazilmoqda. Davlat rahbari yig‘ilish davomida sohani rivojlantirish uchun avvalo korrupsiyani yo‘qotish kerakligini ta’kidlab o‘tdi.
— Agar korrupsiyani ildizi bilan yo‘q qilmasak, islohotlar to‘liq amalga oshmaydi. Hech qachon hududlarga bu qadar ko‘p mablag‘ bermaganmiz. Agar joylardagi rahbarlar bu pullarni joyiga sarf qilib, islohotlarni to‘g‘ri tushunmasa, ishdan ketadi, — dedi prezident.
Yig‘ilish davomida ta’kidlanishicha, so‘nggi uch yilda O‘zbekistonda qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi 1,5 baravarga oshgan. Lekin, ichki ehtiyojni qoplash uchun bu natija yetarli emas.
— Sementga bo‘lgan ehtiyoj – 86 foiz, qurilish oynasi – 69 foiz, keramik buyumlar – 40 foiz, gulqog‘oz (oboy) – 30 foiz, lak-bo‘yoq – 65 foizga ta’minlanmoqda.Umuman, o‘tgan yili qariyb 1 milliard dollarlik (metal va yog‘ochdan tashqari) qurilish materiallari import qilingan. Lekin, bugungi kungacha birorta tuman, shahar yoki viloyat rahbari mahalliy sanoat salohiyati va undan foydalanishni chuqur va puxta o‘ylab ko‘rgani yo‘q, — deya ta’kidladi davlat rahbari.
Shavkat Mirziyoyev bu borada hokimlardan ko‘proq tashabbus ko‘rsatishni talab qildi. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinadi.
— Hududga nima chetdan olib kelinayapti, nimani o‘zimizda ishlab chiqarish mumkin, buning uchun nima qilish kerak, degan savollar hokimlarni har kuni qiynashi kerak. Mahalliy sanoatni haqiqatda rivojlantirish uchun, har bir hududda ishlab chiqarishni kamida 3-4 baravarga oshirish zarur.Shu bois, mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha mutlaqo yangi “vertikal” tizim joriy etiladi, — dedi prezident.
Prezident Shavkat Mirziyoyev qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va loyihalarni moliyalashtirish ishlariga mas’uliyat va javobgarlikni “Sanoatqurilishbank” raisi Annaqlichev zimmasiga yukladi. Bank tomonidan Joriy yilning 1 iyuliga qadar xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda investitsiya kompaniyasi tashkil qilinadi. Shuningdek “Sanoatqurilishbank”ning barcha f́iliallarda konsalting markazlari ochiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter