Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qoraqalpog‘istondagi korxonalarga 350 mlrd so‘mlik imtiyozlar berildi

Qoraqalpog‘istondagi korxonalarga 350 mlrd so‘mlik imtiyozlar berildi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezidentning yoshlar bilan uchrashuvida ayrim muhim tafsilotlar ochiqlandi.

Yil boshidan Qoraqalpog‘istondagi korxonalar 350 milliard so‘mlik soliq imtiyozlaridan foydalandi. 

Natijada tadbirkorlar “soya”dan chiqqani, faoliyatini kengaytirgani hisobiga 4 ming aholi ishli bo‘ldi. Lekin, imtiyoz olgan ayrim korxonalarda ish o‘rinlari kamaygan.

Nukus, Kegeyli, Chimboy, Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarini “ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hudud”ga aylantirish ishlarida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani qayd etildi.

Qoraqalpog‘istonda biznes uchun yaratilgan imkoniyat va sharoit boshqa birorta viloyatda yo‘qligi hisobga olinsa, shahar-tuman hokimlari bu imkoniyatlarni loyiha va ish o‘rniga aylantira olganda, ko‘rsatkichlar 5-10 karra yuqori bo‘lardi, dedi davlatimiz rahbari.

Qoraqalpog‘istonda Mahallalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil qilinib, 452 ta mahallaning har biriga 500 million so‘mdan ajratildi.

Osiyo taraqqiyoti bankidan jalb qilingan 274 million dollar hisobidan “Buxoro – Nukus – Beynov” yo‘nalishidagi 240 kilometr magistral yo‘l yaqin kunlarda ishga tushishi ma’lum qilindi.

Orolbo‘yidagi iqlim sharoitini yaxshilash bo‘yicha ham juda katta dastur boshlangan. So‘nggi yetti yilda Orol dengizining qurigan tubida 1,9 million gektarda o‘rmonzorlar barpo etildi. Natijada, hududning o‘rmon bilan qoplanish darajasi 19 foizdan 35 foizga yetdi.

Ekotizimni yaxshilash, sho‘rlangan, suvsiz muhitda yangi nav va urug‘larni yaratish uchun Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi tashkil etildi.

Yaqinda tasdiqlangan qishloq xo‘jaligini iqlimga moslashtirish dasturiga ko‘ra, Orolbo‘yida iqlim o‘zgarishi oqibatini yumshatishga 80 million dollar beriladi.

O‘tgan yili Qoraqalpog‘istondagi sanoat loyihalari uchun 100 million dollar resurs berildi.

Nukus shahrida sanoat ipotekasi asosida tadbirkorlarga beriladigan 35 ming kvadrat metr maydoni bor ilk loyiha ishga tushayapti. Bir oy ichida yana bir shunday ob’yekt foydalanishga topshiriladi.

Mutasaddilarga ushbu tajribani ommalashtirib, yil yakunigacha Nukus erkin iqtisodiy zonasi hududida zamonaviy texnopark tashkil qilish topshirildi. Bunda, biznes uchun tayyor binolar qurilib, tadbirkorlarga 10 yilga lizingga beradi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘istonda sanoatni rivojlantirish uchun yana 100 million dollar yo‘naltiriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring