Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiya Savdo vaziri Davlat bojxona qo‘mitasiga keldi

Turkiya Savdo vaziri Davlat bojxona qo‘mitasiga keldi

Turkiya Respublikasi Savdo vaziri Ruxsar Pekjan boshchiligidagi delegatsiya Davlat bojxona qo‘mitasiga tashrif buyurdi.

Qayd etilishicha, Davlat bojxona qo‘mitasi raisi M.Azimov mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlab, ikki tomonlama uchrashuvda o‘zaro bojxona hamkorligini yanada rivojlantirish istiqbollari, bojxona-savdo tartibotlarini soddalashtirish, tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga ko‘proq qulayliklar yaratish, bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish va hamkorlikning boshqa bir qator ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi.

Ta’kidlanishicha, Turkiya prezidentining 2018-yil 29-aprel – 1-may kunlari O‘zbekistonga tashrifi doirasida, Davlat bojxona qo‘mitasi bilan Turkiya Savdo vazirligining Bojxona bosh direktorati o‘rtasida «Qo‘shma bojxona kengashi» tashkil qilingan edi.

O‘tgan qisqa fursat davomida mazkur Kengash faoliyati kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish, bojxona nazorati samaradorligini oshirish va bojxona tartib-tamollarini tezlashtirish, bojxona ko‘rigida qo‘llaniladigan texnologiyalarni takomillashtirish kabi yo‘nalishlarda o‘zaro samarali va manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Kengashning birinchi yig‘ilishi 2019-yil noyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan bo‘lib, uchrashuvda Kengashning ikkinchi yig‘ilishini kelgusida Anqara shahrida o‘tkazishga kelishildi.

Tadbir yakunida tomonlar «O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi bilan Turkiya Respublikasi Savdo vazirligi o‘rtasida tashqi savdo statistikasi sohasida metodologik va axboriy hamkorlik qilish to‘g‘risida»gi Bayonnomani imzoladilar.

Mazkur Bayonnomaga asosan bojxona xizmatlari ikki tomonlama savdo yo‘nalishida o‘z davlatlarining tashqi savdo sohasidagi ma’lumotlari muhimligi, aniqligi va o‘zaro mutanosibligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlik qiladilar.

Bayonnoma bojxona statistikasi sohasidagi ma’lumotlarning haqqoniyligini oshirish, tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan tovarlar haqidagi ma’lumotlarni to‘liq va to‘g‘ri deklaratsiyalanishini ta’minlash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi bojxona qonunchiligi buzilishi holatlarini aniqlash, ularning oldini olish va bartaraf qilishda samara beradi.

Uchrashuvda Ruxsar Pekjan xonim bojxona sohasida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga, bojxona sohasida ilg‘or tajriba almashishga tayyor ekanligini bildirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring