AQSh O‘zbekistonda besh yillik yirik dasturni boshladi

31 oktyabr kuni AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi va Abt Associates bilan hamkorlikda «Sildan xoli O‘zbekiston» deb nomlangan besh yillik tashabbusni boshladi.
Mamlakat bo‘ylab keng qamrovli qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini taqdim etish va silga qarshi muhim dori vositalaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish uchun 18 million dollar sarmoya kiritilmoqda.
AQShning Toshkentdagi elchixonasiga ko‘ra, «Sildan xoli O‘zbekiston» loyihasi Qo‘shma Shtatlar hukumatining sil kasalligining oldini olish, aniqlash, davolash, stigmatizatsiyasini kamaytirish, shuningdek, tibbiy axborot tizimlarini takomillashtirish, shu jumladan, sog‘liqni saqlashni moliyalashtirish bo‘yicha islohotlarga qat’iy sodiqligini tasdiqlaydi.
O‘zbekistonda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiya yetgan cilga barham berish strategiyasi asosida tizimli ish olib borilmoqda. Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi va xalqaro hamkorlarning birgalikdagi sa’y-harakati tufayli silga qarshi kurashda ijobiy natijalarga erishildi. Jumladan, sil kasalligidan o‘lim holati 5 barobarga, silga chalinish hollari esa 2 barobarga kamaydi. Ammo mutaxassislar bu borada qilinishi kerak bo‘lgan vazifalar talay ekanini ta’kidlaydi.
«O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimiga, shuningdek, aholi salomatligi va mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga katta xavf tug‘diradigan ko‘p dorilarga chidamli cil kasalligining yuqori ko‘rsatkichlariga duch kelmoqda. O‘zbekiston barqaror rivojlanmoqda, ammo sil kasalligi aholi salomatligi uchun eng jiddiy tahdidlardan biri bo‘lib qolmoqda» – deyiladi elchixona xabarida.
USAID AQSh xukumatining silga qarshi kurash bo‘yicha global sa’y-harakatlariga rahbarlik qiladi. Agentlikning 2023–2030 yillarga mo‘ljallangan global strategiyasi sildan xoli dunyo haqidagi tasavvurlarni ro‘yobga chiqarishga qaratilgan.
Xalqaro tuzilma bu borada O‘zbekiston hukumatining ham faol hamkori hisoblanadi. 1993 yildan 2023 yilgacha AQSh hukumatining O‘zbekistonga sog‘liqni saqlash sohasidagi yordamining umumiy miqdori 155 million dollardan ziyodni tashkil etdi. Shundan qariyb 60 million dollari sil kasalligiga qarshi kurashga yo‘naltirildi.
USAID «Global Accelerator to End TB» dasturi doirasida O‘zbekistonda ushbu xastalikka qarshi kurashga ko‘maklashish uchun innovatsiyaviy va iqtisodiy samarali vositalarni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Avval xabar berganimizdek, 23-24 oktyabr kunlari yurtimizda mehmon bo‘lgan USAID administratori Samanta Pauer O‘zbekiston xalqini qo‘llab-quvvatlash uchun 14,2 million dollar ajratilishi, mazkur mablag‘, jumladan, silga qarshi kurashga sarflanishini ma’lum qilgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter