Bolalar milliy tibbiyot markaziga yangi rahbar tayinlandi

Cog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘i bilan Sharipov Alisher Mirhamidovich Bolalar milliy tibbiyot markazi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.
Tajribali mutaxassis tibbiyot institutini yurtimizda tamomlab, aspiranturani I.M. Sechenov nomli 1-Moskva tibbiyot institutida o‘qigan. Bir necha yil davomida Sog‘liqni saqlash vazirligida Fanlar boshqarmasi bosh mutaxassisi, so‘ng vazirlikning bosh pediatri bo‘lib ishlagan. Keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Muruvvat yordami bo‘yicha komissiyasining muvofiqlashtiruvchi guruhi rahbari bo‘lgan.
O‘z ish faoliyati bilan parallel ravishda Sog‘liqni saqlash vazirligining Koreya Respublikasi Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya vazirligi bilan aloqalar bo‘yicha guruh koordinatori sifatida ham ishlagan.
Tibbiyot fanlari doktori Alisher Sharipov tayinlovdan avval ko‘p yillar davomida Toshkent pediatriya tibbiyot instituti shoshilinch pediatriya kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat yuritib, tibbiyot sohasi uchun yuzlab kadrlarni yetishtirishga o‘z xissasini qo‘shib kelgan.
Eslatib o‘tamiz, Bolalar milliy tibbiyot markazi O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi hamkorlikning yaqqol namunasi sifatida, tibbiyot va ilm-fanning eng so‘nggi yutuqlari asosida qurilgan bo‘lib, o‘tgan yili foydalanishga topshirilgan. Qiymati 130 million dollardan ziyod bo‘lgan mazkur tibbiyot markazi Koreya Respublikasi iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik fondi (EDCF) ishtirokida barpo etilgan. Bu yerda kardioxirurgiya, neyroxirurgiya, ortopediya va plastik xirurgiya, umumiy xirurgiya, onkologiya, oftalmologiya, LOR, pediatriya, gemodializ va reanimatsiya bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Markazda faoliyat yuritish uchun 100 nafardan ortiq shifokor va hamshiralar, medtexnik va axborot texnologiyalari bo‘yicha mutaxassislar Koreya Respublikasining yetakchi klinikalarida malaka oshirib qaytishgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter