Davlat xizmatchilariga qator taqiqlar qo‘yiladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugungi yig‘ilishida ko‘pdan buyon muhokama qilinayotgan muhim qonunlardan biri «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi. Endi mazkur qonun Senatga yuboriladi.
Qonun bilan O‘zbekiston davlat boshqaruvi va mahalliy hokimiyat idoralarida mehnat qilayotgan 120 mingdan ortiq davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyati, ularning maqomi hamda huquq va majburiyatlari, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatiga kirish hamda ushbu tizimda korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvini oldini olishga oid munosabatlar tartibga solingan.
Deputat Doniyor G‘aniyevning ma’lum qilishicha, endilikda vakolatli organ — Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestri yuritiladi hamda reyestrga kiritilgan lavozimlarga davlat xizmatchilari ochiq tanlov asosida tayinlanadi.
Reyestrga kiritilgan davlat fuqarolik lavozimlari guruh va toifalarga ajratilib, davlat xizmatchisiga uning lavozim guruhi va toifasidan kelib chiqib, malaka darajalari (chin) beriladi.
Vakolatli davlat organi tomonidan davlat xizmatchisi faoliyatini baholashning eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari ishlab chiqiladi hamda davlat xizmatchisining munosib rag‘batlantirilishi va xizmat pog‘onasida ko‘tarilishi ana shu baholash tizimi natijalari asosida ta’minlanadi.
Shuningdek, qonun bilan davlat xizmatchisiga o‘zining daromadi va mol-mulki to‘g‘risida deklaratsiya topshirish (deklaratsiya topshirish tartibi va muddati alohida qonun bilan belgilanadi), o‘z xizmat faoliyatiga tashqi ta’sirlarning oldini olish hamda o‘z vakolatidan foydalangan holda jismoniy va yuridik shaxslar faoliyatiga noqonuniy ta’sir o‘tkazmaslik majburiyatlarii yuklanmoqda.
Qonun bilan davlat fuqarolik xizmatchisiga quyidagilar taqiqlanmoqda:
- o‘zaro yaqin qarindoshlik yoki quda-andachilikda bo‘lgan shaxslar bevosita bo‘ysunuv va nazorati ostidagi davlat fuqarolik xizmati lavozimini egallash;
- pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanish;
- tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish yoki tadbirkorlik faoliyati tashkil etib, uning muassisi bo‘lish;
- o‘z mavqeyidan foydalanib yoki o‘z xizmat vazifasini bajarish evaziga jismoniy va yuridik shaxslardan har qanday turdagi mukofot yoki sovg‘a olish;
- chet el fuqaroligiga ega bo‘lish;
- respublika hududidan tashqarida bank hisobvaraqlari ochish, ko‘chmas va boshqa mol-mulkka egalik qilish.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter