Global geosiyosiy jarayonlar to‘lqinida suzayotgan ijodkor
Kuni-kecha «Yangi kitob» nashriyotidan xalqaro mavzularda uzoq yillardan buyon mohirlik bilan qalam tebratib kelayotgan iste’dodli va mohir jurnalist, «Oltin qalam» mukofoti sovrindori, fidoyi va jonkuyar inson Sharofiddin To‘laganovning «Bu sirli dunyo» kitobi nashrdan chiqdi.
Unda yil davomidagi eng muhim sanalar – milliy va xalqaro bayramlar, jahon miqyosida nishonlanadigan kunlar mohiyatini ochish orqali muallif insoniyatning tarixiy evrilishlari, ko‘pqirrali davlatlararo munosabatlar tizimlari, murakkab geosiyosiy o‘zgarishlar silsilasini o‘zining mustaqil jurnalistik nigohi va olijanob insonning qalb prizmasidan o‘tkazadi.
Ellikdan ortiq qiziqarli va faktlarga boy maqolalar jam bo‘lgan kitob amaliy jurnalistika uchun ham, spichrayterlik yo‘nalishi va oddiy kitobxonlar uchun ham foydali qo‘llanma hisoblanadi.
Jumladan, «Davlat yoki hukumat rahbarining Yangi yil tabrigi» deb nomlangan maqolasida qalamkash jumladan, shunday yozadi: «1999-yilning 31-dekabr kuni Rossiya xalqini bir emas, ikki prezident tabrikladi. Prezident Boris Yelsin iste’foga chiqishi borasida bayonot berganidan ko‘p o‘tmay prezident vazifasini vaqtincha bajaruvchi Vladimir Putin televideniye ekranlarida paydo bo‘lib, Rossiya xalqini Yangi yil bilan qutladi».
Muallif xalqaro maydonda osoyishtalik va urushsiz o‘tgan kunlar qadri nechog‘li balandligini va global tinchlikka barcha birdek mas’ul ekanini kuyunchaklik bilan ko‘rsatib o‘tadi.
«1-yanvar – Jahon tinchlik kuni» maqolasida shu nomdagi ikki turli ayyomga baho beradi: «Bu bayram ilk bor 1967-yil 8-dekabrda Rim katolik cherkovi rahbari – Rim Papasi Pavel VI tomonidan joriy qilingan. «Jahon tinchlik kuni» (World Day of Peace) yoki «Tinchlik haqida jahon duolari kuni» – xalqaro bayram bo‘lib, shu kuni Vatikanda Rim Papasi boshchiligida dindorlar Tangriga murojaat qilib, Yer yuzidagi barcha urushlar to‘xtalishi va insonlarga tinchlik so‘rab iltijo qiladilar. Shu o‘rinda, asosan, katoliklarning bayrami bo‘lmish bu tadbirni 2002-yildan beri 21-sentyabrda nishonlab kelinadigan «Xalqaro tinchlik kuni» (International Day of Peace) bilan adashtirmaslik kerak».
Yoki Sh.To‘laganov xalqaro til kuniga bag‘ishlangan tahliliy maqolasida juda e’tiborga molik raqamlarni keltirib o‘tadi: «Bugungi kunda dunyoda 6809 ta til mavjud bo‘lib, ularning teng yarmi sakkizta davlat – Meksika, Indoneziya, Kamerun, Braziliya, Hindiston, Xitoy, AQSh va Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Eng ko‘p tilli mamlakat sifatida Hindiston tan olinadi. Bu mamlakatda aholi 845 til va lahjada so‘zlashadi. Ikkinchi o‘rinda esa 600 ta til va shevada so‘zlashuvchi Papua – Yangi Gvineya mamlakati turadi».
Davlatlar haqida to‘xtalganda esa albatta o‘sha mamlakatning O‘zbekiston bilan ikki tomonlama aloqalari qisqacha tarixi va hamkorlik dinamikasiga qisqacha to‘xtalib o‘tishga harakat qiladi. Ko‘p ishlatiladigan, biroq oddiy o‘quvchiga notanish so‘zlarning ma’nosini va kelib chiqish ildizlarigacha mufassal izohlab beradi, ingliz tilida yozilishi va zamonaviy global tendensiyalarni ifodalashga urunadi.
To‘plamda mavzularning qamrov ko‘lami rango-rang, muallif qalami yetib borgan geografiya keng, mushohada va tahliliy yondashuv teran. Ularda atrof-muhit muhofazasi va iqlim o‘zgarishlari oqibatlaridan tortib, umuminsoniy qadriyatlar zavolga uchrayotgani, internet va ijtimoiy tarmoqlardan noto‘g‘ri foydalanish natijasida yuzaga kelayotgan og‘riqli muammolar, genotsid qurbonlaridan tortib, atom elektr stansiyalari fojialari, sivilizatsiyalar o‘rtasidagi ziddiyatlar tobora avj olayotgani, turli mintaqalardagi murakkab geosiyosiy tarangliklargacha batafsil qamrab olinadi.
Muallif sayyoramizda kechayotgan notinchlik va taloto‘plar azal-abad davom etayotgan achinarli voqeylik, «insoniyatga hamisha yo‘ldosh» bir muammoga aylanib qolganini keskin qoralaydi va qat’iy isyonkor bir jurnalistik pozitsiyasini va azaliy qalb orzusini ilgari suradi: «Olimlarning fikricha, besh ming yillik tarix davomida yer yuzida 14 ming 500 ta urush bo‘lib o‘tgan. Bu urushlar oqibatida 3,5 milliard kishi halok bo‘lgan. Bu nohush an’ana bizning asrimizda albatta tugashi kerak».
Sh.To‘laganov 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan yozilgan «Global zamonning global muammosi» maqolasida Afrika qit’asida qo‘liga qurol olib, qotilga aylanayotgan va kelajagi to‘liq xavf ostida qolgan yosh bolalar haqida qon yutib og‘riq chekadi: «Voyaga yetmagan bolalarning jangovar harakatlarda ishtirok etayotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Markaziy va G‘arbiy Afrikadagi mamlakatlarda istiqomat qiluvchi har o‘n boladan bittasi qandaydir qurolli guruhning kallakesari ekani aytiladi. Umumiy ma’lumotlarga qaraganda, keyingi 10 yil mobaynida dunyoning 41 mamlakatidagi qurolli to‘qnashuvlarda 300 mingga yaqin bolalar ishtirok etgan».
«Bu sirli dunyo» kitobida ko‘plab tarixiy shaxslar nomlari uchraydi. Qirqdan ortiq mamlakatlar, turli atoqli davlat va hukumat rahbarlari, o‘ttizga yaqin xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar haqida, shuningdek, BMT Bosh Assambleyalari rezolyusiyalari, YuNESKO Bosh konferensiyasining sessiyalarida qabul qilingan muhim qarorlar to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlarni uchratish mumkin.
Albatta, bugun ana shunday yangicha yondashuvda, jurnalistik teran qarash bilan chiqarilgan xulosalarga ega, yot oqimlar va axborot xurujlarining ahamiyatini chuqur tushungan holda va ularga qarshi faqat ma’rifat kuchi bilan kurashish mumkinligi ta’kidlangan bu kabi kitoblar afsuski kam va o‘quvchilarimizda juda katta ehtiyoj mavjud.
Eng avvalo, keng auditoriya uchun, ayniqsa, maktab o‘quvchilari va oliygohlar talabalari mo‘ljallangan kitob bugungi kunimiz uchun nihoyatda zarurdir.
Ushbu ajoyib ma’naviy tuhfani kelgusi yili 60 yoshni qarshilaydigan, asli tarix va jamiyatshunoslik bo‘yicha salohiyatli mutaxassis bo‘lgan, zahmatkash ijodkor Sharofiddin Bakirovichning O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi salkam 30 yillik sermahsul mehnati mahsuli desak ham to‘g‘ri bo‘ladi. Ushbu muallifning 1990-yillar ikkinchi yarmida efirga uzatilgan uning «O‘zbekiston» radiosidagi «Dunyo», «Xalqaro kundalik», «21 asr bo‘sag‘asida», «Sharhlovchi minbari», keyinchalik esa «Evrilish» kabi mualliflik eshittirishlarini muxlislar yaxshi eslaydi.
Bugungi kunda esa «O‘zbekiston 24» radiokanalida o‘zining qizg‘in va sermahsul ijodiy faoliyatini davom ettirmoqda, ijtimoiy tarmoqlarda tezkorligi va original chiqishlari bilan ajralib turadi.
Biz so‘z bilan aytganda, mazkur yangi nashr bo‘lajak siyosatshunoslar, siyosiy texnologiyalar va xalqaro jurnalistika sohasi mutaxassislari, keng kitobxon uchun qimmatli ma’lumotlarni o‘zida jamlagan bebaho qo‘llanmadir.
Laziz Rahmatov,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi,
Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter