Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘n yildan buyon chakki o‘tgan tomini suvab, erini yelkada ko‘tarib kelayotgan ayol: «Mening ko‘rgan dunyoim shu!» (video)

O‘n yildan buyon chakki o‘tgan tomini suvab, erini yelkada ko‘tarib kelayotgan ayol: «Mening ko‘rgan dunyoim shu!» (video)

Foto: Xabar.uz

Joriy yilning 17-fevral kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrif buyurgan edi. Unda Prezident topshirig‘i asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhi Shofirkon tumanidagi mahallalarda uyma-uy, xonadonma-xonadon yurib, odamlar dardi, aholini qiynab kelayotgan muammolarni o‘rganishgan. Xalq bilan muloqot tizimining bunday yangi bosqichga olib chiqilishi muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, ishchi guruh tomonidan Shofirkon tumani aholisining 4 ming 530 dan ziyod masalasi aniqlanib,  3,4 mingdan ortig‘i joyida hal qilingan, muammolar o‘z yechimini topgan. Yordamga muhtojlarga ko‘maklashilib, ularga mehr-oqibat, muruvvat va saxovat ko‘rsatilgan. Aholi dasturxonining to‘kinligi-yu ro‘zg‘ori butligini ta’minlash, ishsizlarga doimiy ish va barqaror daromad manbai yaratib berilgan. Bundan tashqari, boquvchisini yo‘qotgan va og‘ir sharoitga tushib qolgan  ayollarga imtiyozli kreditlar ajratilgan. Yo‘llar ta’miri, elektr energiyasi, ichimlik suvi, suyultirilgan gaz va ko‘mir ta’minoti kabi aholining eng birlamchi hayotiy ehtiyojlari bilan bog‘liq qator masalalarga joyida yechim topilgan. Qolgan muammolar bo‘yicha «yo‘l xaritasi», tuman, sektor va mahalla darajasidagi har bir rahbar, har bir mas’ulning har haftalik ish rejasi ishlab chiqilgan va qat’iy nazoratga olishini belgilangan.

«Hamma joylarga borib, sohalarga turtki berib, muammolarni hal etib, xalqni rozi qilishga harakat qilyapmiz. Bugun Buxoroga ham yangi marralarni belgilash, odamlarning birini ikki qilish uchun keldik. Hamma xayrli ishlarimizda Allohning o‘zi madadkor bo‘lsin»,— degan Prezident Buxorodagi ushbu tashrifida.

Shofirkon tumani, «Pattaxon» MFYda  Yuqori Boloiro‘d qishlog‘ida yashovchi Lutfiya Doniyorova va uning og‘ir xasta turmush o‘rtog‘i Habibullo Doniyorovga yordam ko‘rsatilishi muhtojlarga ko‘maklashish, ularga mehr-oqibat, muruvvat va saxovat ko‘rsatish azaliy qadriyatlarimiz ekanini yana bir karra isbotladi.

«Prezident ishchi guruhi tomonidan Doniyorovlar oilasining  o‘rganuvi asosida tayyorlangan va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video-lavha beixtiyor yurak-yuragimni ezib yubordi va zudlik bilan ko‘makka shoshdim. Kimgadir muruvvat ko‘rsatish uchun o‘sha hudud deputati bo‘lishing yoki o‘sha hududda yashab, ishlashing muhimmas!»—deya ko‘makka oshiqqan Qorovulbozor tumanidagi  «Aziya fruits garden» MCHJ tasischisi, viloyat Kengashi deputati Farrux Bekmirzayev.

Doniyorovlar xonadonida bo‘lgan «Xabar.uz» muxbirining aniqlashicha, 54 yoshli Habibulla aka hamda 51 yoshli Lutfiya opalar 1991-yilda turmush qurishgan. 5 nafar qiz farzandlari bor. Uch nafari turmushga chiqqan, ikki nafari maktab o‘quvchisi.  Ular yashab kelishayotgan 9 sotixli uy-joy ota meros. Oilaviy sharoit va iqtisodiy qiyinchilik tufayli 30 yildan ortiq vaqtdan buyon ta’mirlanmagan. Mahalla yoki qishloq oqsoqoli tomonidan ham hashar yo‘li bilan ko‘mak berish tashabbusi chiqmagan.

«Yaxshi odamlarning boriga shukur»

«Birovga xonadonimni ta’mirlashga hasharga kel, deya olmasam. Nima deb o‘ylashadi, axir. O‘z holimizcha, kuchimiz yetgancha, yoz kunlarda nari-berini suvab, ohaklab turardik. O‘n yildan ortiq vaqtdan beri qish-qirovli, yog‘ingarchilik kunlarda tomlarimizdan chakki o‘taverib, teshilib ham ketgan. Devorlarimiz nurab, to‘kilib, katta-katta yoriqlar paydo bo‘lgan. Ammo, to‘rt yil ilgari turmush o‘rtog‘im xastalikka chalingani aniq bo‘lgach, biror ish qildirmadim, o‘zim bir navi qilib, baholiqudrat teshik-tuynuklarni loysuvoqlab kelayapman», — dedi biz bilan suhbatda Lutfiya opa.

Besh nafar qizning onasi Lutfiya opa uyning ham ayoli, ham erkagi, ham o‘g‘il farzandi bo‘lib, barcha og‘ir yumushlarni o‘z zimmasiga olib kelgan. Tomorqada ketmon bilan yer chopib, ag‘darib, hosil yiqqan. Loy-somon qorib, tomga chelaklab tashigan. Narvondan yiqilib tushgan paytlari, og‘riqdan joni qiynalsa-da, yana turib ishlab ketavergan kezlari bo‘lgan. Mol-qo‘y boqib, ro‘zg‘or tebratgan, yetishmovchilikdan qiynalganda, ularni sotish uchun o‘zi bozorga sudrab chiqqan.  

«Kreditga olgan qoramol va buzog‘imni turmush o‘rtog‘imni davolash uchun sotishga majbur bo‘ldim. Noiloj qoldik-da. O‘zlari mustaqil yura olmaydilar. Ammo, yemay-ichmasak ham davlatdan qarz bo‘lish yaxshimasligini bilib, kreditni har oy yopib keldik. To‘rt milliondan oshiqroq qarzimiz qolgan edi. Prezidentimiz vakillarining kelib, bu qolgan qarzdorlikni «yopib» berishni bildirishgani, bundan tashqari, ikki bosh qoramol ham hadya etishganidan, to‘g‘risi, hayajonlanib qoldim. Hukumatning bu yaxshiligini men shukronalik bilangina qaytara olaman. Farzandlarim kamolga yetib, o‘qimishli bo‘lib, jamiyatga foydasi tegadigan bo‘lib yetishishsa, xizmat qilishsa, bu yaxshiliklar evazini qaytarishadi nasib bo‘lsa. Yaxshi odamlarning boriga shukur!»-deydi Lutfiya opa yig‘lab.

Haqiqiy muhabbat

Shifokorlarning tashxisiga ko‘ra, Habibulla Doniyorovda 4 yil ilgari bosh miya saratoni aniqlangan. O‘sha vaqtgacha traktorchilik bilan shug‘ullanib kelgan bu suhbatdosh xastalik ta’siri bilan 4 oydan buyon to‘shakka mixlanib qolgan.

«To‘shaklab qolganimdan so‘ng faqat o‘zim va deraza oynasi bilan bo‘lib qoldim. Qishning sovug‘ida, yomg‘iridayam tinim bilmagan ayolimni mo‘ltirab kuzatdim. Tarasha yorib, ko‘mir tashishi, qoramolning buzog‘i qochganda, ip esholmay, ortidan zir yugurib, loylarda yiqilib, tizzalari shilinishini, tandirda non yopganda, o‘choqqa o‘t yoqib, ovqat qilganda, ko‘ziga tutun kirgandanmas, qiynalgandan yig‘lashlarini ko‘rib turaman, hamma-hammasini his qilib turaman. Biz sevib turmush qurmaganmiz, ammo ayolimning vafo, sadoqatida haqiqiy, chin muhabbatni ko‘rdim... og‘iriga yelka tuta ololmayotganimdan og‘rinaman. Shifoyi komil esa Allohdan, bir bandasi bo‘lsam. Farzandlarim va ayolimning sog‘ligi uchun duo qilib turishdan o‘zga choram yo‘q»,— deydi Habibulla aka.

Suhbatga qo‘shilgan Lutfiya opa turmush o‘rtog‘iga qarab, hazil aralash so‘zlaydi: «Endi derazadan mo‘ltiramaysiz, dadasi, mana, aravacha keltirishdi. Hovli-tomorqa ishlarini qilganimda, osh-ovqat pishirganimda, yonimda bo‘lasiz. Kartoshka, piyoz archasiz. O‘choqqa o‘t qalaysiz, keyin ko‘z yoshlarimga tutun sababchi ekanini bilasiz»,—deydi ko‘z yoshlari tomib.

Buxoro shahrini ko‘rmagan buxorolik

Sabrlari tosh ayol qarshisida bir muddat jim qolamiz. Suhbat davomida ayol tirikchilik uchun arava sudrab, yuk tashishi, kimningdir molxonasi, hojatxonasini tozalashi, kimningdir kiri, idish-tovog‘ini yuvishini so‘zladi.

«Lozim bo‘lsa, yerlarini ag‘darib, o‘t, makkajo‘xorilarini o‘rib beraman, beda bog‘lab, yelkalab tashiyman. Mehnatning aybi yo‘q, ishlab kim o‘libdi, singlim. Mehnatlarim evaziga 50 ming, 100 ming berishadi. 50 yoshdan o‘tdim, ammo umrimda biror marotaba Buxoro shahriga bormaganman, shaharni ko‘rmaganman. Televizordan tomosha qilib turaman. Shungayam xursand bo‘laman, dunyoning chiroyga to‘lib borayotganidan. Mening esa ko‘rgan dunyoim shu!»

Suhbatdoshning mehnatdan yorilib, qadoq bo‘lgan qo‘llariga qaraymiz. Endigina 50 yoshdan oshgan opaning 70 yoshlarni «urib» qo‘ygan ajinlariga termulamiz. «Mening esa ko‘rgan dunyoim shu!» degan ayolga yana sabrlar tilaymiz.

«Qizlarimizni o‘zidek o‘qa-cho‘qqa urdirishni istamaydi, ayaydi. Bular ham mehnatda qotishmasin, o‘qishsin, ilmli bo‘lishsin» deydi-da. Ammo tushmagur qizlarim ham onasining etagiga yopishishgan, mehnat qilishadi, ro‘zg‘or ishlaridan bo‘shashmaydi»,-so‘zida davom etadi Habibulla aka.

Bildirilishcha, turmush o‘rtog‘ini, farzandlarini oq yuvib, oq tarab parvarishlab kelayotgan Lutfiya opa hayotida ilk bor “8 mart - Xalqaro xotin-qizlar tantanasi”ga taklif etilgan.

Uy-joy ta’miri uchun mablag‘ ajratiladi

Mahalla fuqarolar yig‘ini vakili Gulhayo Zaripovaning aytishicha, tuman hokimligi hamda mahalla tomonidan xonadonga doimiy ravishda oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, dori vositalari yordam qilingan. Biroq, «to‘kilib» ketayotgan uy-joylar ta’mirida ko‘maklashilmagan yoki hamqishloqlarni hasharga jalb etish orqali ko‘maklashish chora-tadbirlari ham ko‘rilmagan. Oqibatda ayol yillar davomida uylari tomini selofanlar bilan yopib, yomg‘ir, qor chakkisidan qisman asrab kelgan.

«Tom bosib qolmasligi uchun qishning chillasida dadasini sudrab-netib, yelkamga ko‘tarib, ozgina xavfsiz xonamizga ko‘chirdim. Ko‘chirganim hamono narigi uyimizning devorlari «po‘sirlab» to‘kilib, uy ichini yomg‘ir suvlari bosdi. Xuddi ko‘nglimga kelgandek, vaqtida ulguribman. Hozir 4 kishi bitta xonada jon saqlab yuribmiz. Ammo, noliydigan joyim yo‘q. Shuncha yillar chidadim, sabr qildim. Buyog‘igayam xudo quvvat bersin. Yonimda tirik va bor yursalar, shu menga kifoya,-deya suhbatdosh sandal cho‘g‘ini kovlashga unnab ketdi,-yaxshiyam, shu sandal bor, odamning taniga oro-da, oyoq og‘riq, bel og‘riqlarga shifo... »

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu oila bankdan imtiyozli kredit olgunga qadar «kam ta’minlangan»lar ro‘yxatida turgan. Keyin esa bu ro‘yxatdan chiqarilgan va bir muddat ko‘maklar berilmagan. Tuman hokimi o‘rinbosari Tursunoy Yo‘ldoshevaning bildirishicha, bir necha kun ilgari Lutfiya Doniyorova «Ayollar daftari»ga qayta kiritilgan. Ijtimoiy, moddiy ko‘maklar berilmoqda. Bundan tashqari, jamg‘arma hisobidan Doniyorovalarning uy-joyi ta’miri uchun 9 million so‘m pul hamda tuman hokimligi qurilish bo‘limi mablag‘lari ajratiladi.

«...Bu maqtanish emas»

Biz bilan suhbatda bo‘lgan tuman hokimligi vakili Komil Hamroyev esa ushbu oilaga berilgan ko‘makni qog‘ozdan o‘qib berishdan nariga o‘tmadi. E’tirozimizga «Bor haqiqat bu, minnat emas-ku, qilingan ishlardan maqtanish ham emas. Ammo, baribir, nimalar qilinganini aytish ham kerak»,— degan tarzda javob oldik.

«Molu buzoqni kredit evaziga olgan bo‘lsam. Shuning uchun davlatga og‘irligim tushmasin, deb hech yoqqa yordam so‘rab bormaganman-da. To‘g‘ri, tuman hokimligi vakili boya aytganidek, ro‘zg‘orga ul-bul oziq-ovqat yordam berib turishadi. Rahmat.  «Minnat emas» deyishdi-ku! Ammo, baribir, ko‘nglim og‘rib ketdi-da, singlim»,—ro‘moli uchini labiga qo‘yib, sekin pichirlaydi ayol.

«Bunday ayolga ta’zim qilsang, arziydi...»

Turmush o‘rtog‘ini bahorning toza havosiga olib chiqish va sayr qildirish uchun bir necha kun ilgari respublika ishchi guruhi vakillari tomonidan beminnat ko‘mak sifatida qoldirilgan aravachani sudragancha hovlisiga kirib ketgan ayolning ortidan termulib qolamiz.

«Xudo xohlasa, shu xonadon hovlisining uylari shiftini yopishda o‘zim ko‘makdosh, bosh-qosh bo‘laman. Alloh besh qizni voyaga yetkazib, ular uchun jonhalak yugurayotgan, bir to‘shaklab qolgan eriga madad bo‘layotgan ayol, ona, sadoqatli yor uchun bundan ortig‘ini qilsang, ta’zim qilsang arziydi»,— deydi tadbirkor Farrux Beknazarov.

R/S: «Aziya fruits garden» MCHJ tomonidan ushbu xonadonga muzlatkich, televizor, ko‘plab elektr oshxona-uy jihozlari, oziq-ovqatlar hamda 3 million so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi. Jamiyat ta’sischisi bular to‘g‘risida to‘xtalmaslikni qat’iy ta’kidladi. Biroq, biz bu gal ta’kidga amal qilmadik. Zero, xayru-saxovatning shunday jihatlari borki, u minnat emas, o‘rnak bo‘lib xizmat qiladi.

Laylo Hayitova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring