Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zLiDeP» Malayziyadagi o‘zbek talabalari bilan onlayn muloqot o‘tkazdi

«O‘zLiDeP» Malayziyadagi o‘zbek talabalari bilan onlayn muloqot o‘tkazdi

Kecha, 6-iyul kuni «O‘zLiDeP» siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasida Malayziyaning Osiyo Tinch okeani texnologiyalar va innovatsiya universiteti bilan hamkorlikda videokonferensiya shaklidagi onlayn muloqot o‘tkazildi.

Unda partiya Yoshlar qanoti faollari, mamlakatimizdagi tegishli vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlari, «Google» hamda «Data Micron (Data mikron)» texnologik kompaniyasining Malayziyadagi filiallari, «PETRONAS» neft-gaz kompaniyasi, «Consolsys-Technology» (Konsolsis texnoloji) moliya xizmatlari markazi kabi dunyoga mashhur tashkilotlarda ishlayotgan yosh o‘zbek mutaxassislari, Malayziyaning nufuzli ta’lim dargohlarida tahsil olayotgan talaba va o‘qituvchilar qatnashdi.

Ochiq, samimiy va o‘zaro fikr almashish maydoniga aylangan onlayn muloqotda «Yoshlar – kelajagimiz» Davlat dasturining mazmun-mohiyati, maqsadi haqida Malayziyadagi o‘zbek yoshlariga atroflicha ma’lumotlar berildi.

Onlayn muloqotda Malayziyada turib ishtirok etayotgan yoshlarimizning ta’kidlashicha, yurtimizda yuz berayotgan o‘zgarishlar va yangilanishlar yaqin kelajakda mamlakatimizni dunyodagi eng investitsion jozibador davlatlardan biriga aylantirishi shubhasiz.

Malayziyadagi o‘zbekistonlik talabalar nazariy darslarda o‘rganayotgan qarashlarining bugun O‘zbekistonda amaliyotga tatbiq etilayotganidan juda mamnun ekanliklarini bildirishdi. Bunday islohotlarning boshida kuchli lider, pragmatik rahbar turganini alohida e’tirof etishdi.

Onlayn muloqotda Prezidentimiz raisligida 4-iyul kuni yoshlar bilan manzilli va tizimli ishlash, ular uchun munosib sharoitlar yaratish, bandligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi belgilab berilgan vazifalar xususida ham to‘xtalib o‘tildi.

Onlayn muloqot davomida Malayziyadagi o‘zbekistonlik talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni o‘rtaga tashlash imkoniyatga ham ega bo‘lishdi. Xususan, ularni ayni vaqtda mamlakatimizda qaysi soha mutaxassislariga ko‘proq ehtiyoj sezilayotgani, o‘qishni tugatib,mamlakatimizga qaytganidan keyin o‘z sohalari bo‘yicha ishga joylashish masalasi, diplomlarini nostrifikatsiya qilish hamda biznes ochish masalalaridagi savollar ko‘proq qiziqtirayotgani ko‘zga tashlandi. Ularning savollariga videokonferensiyada tashrif buyurgan vazirlik va idoralar vakillari batafsil javob qaytarishdi.

Uchrashuvda Malayziyada tahsil olayotgan yoshlar orasida O‘zLiDeP faollarining borligi alohida ta’kidlanib, bu u yerdagi yurtimiz yoshlari bilan doimiy aloqani mustahkamlashda muhim omil ekanligi e’tirof etildi.

Tadbir yakunida bunday amaliy muloqotlarni muntazam va ko‘proq o‘tkazib turishga kelishib olindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring