Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sirdaryoning ham o‘z «Toshkenti», «Sergeli» va «Mirobodi» bor

Sirdaryoning ham o‘z «Toshkenti», «Sergeli» va «Mirobodi» bor

Foto: Prezident matbuot xizmati

Sirdaryoning ham o‘z «Toshkenti» bor. Bu «Toshkent»da Yunusobod, Chilonzor, Uchtepa, Sergeli, Shayhontoxur, Yashnobod, Yakkasaroy va Mirobod ko‘chalari joylashgan. Ha, aynan ko‘chalar, tumanlar emas. Zero, Sirdaryodagi «Yangi Toshkent» bir mahalla bo‘lsa, undagi ko‘chalar nomi poytaxt tumanlari sharafiga qo‘yilgan.

Mahalla ko‘chalarida yurarkansiz, Toshkentdan ham ko‘ra Yevropaning bir burchagiga kelib qolgandek bo‘lasiz. Sardoba fojiasi ro‘y berib, Oqoltin tumanidagi ko‘p joylar suv ostida qolganda bu yerlarni obod qilish Toshkent shahri chekiga tushdi. Ta’kidlash joiz, poytaxtliklar bu ishning uddasidan sharaf bilan chiqishdi. Qo‘rqmasdan aytasizki «Yangi Toshkent» kabi go‘zal maskan yurtimizda yagona bo‘lsa kerak.

Oynadek tekis ko‘chalar, egizakdek yasatilgan uylar, daraxtlar va turli ijtimoiy binolar kayfiyatingizni ko‘taradi. Eng muhimi — odamlarning kayfiyati ko‘tarinki. Bu yerda ham xuddi Toshkentda bo‘lgani singari o‘z kuranti bor. Bolalar o‘ynagani shu yerga yig‘iladilar.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Suv toshqinidan so‘ng qishloqni obod qilish oson vazifa emas edi. Dastlab ko‘chalar loy va balchiqdan tozalandi. So‘ngra 130 ta beton-panelli uy-joyni ta’mirlash-tiklash ishlari boshlandi. E’tiborli tomoni, bularning barchasi respublika budjeti va Toshkent shahar hokimligi hisobidan bajarildi. Hozir «Yangi Toshkent»da elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suv ta’minotidan hech qanday muammo yo‘q.

Qishloqda uylar ta’miridan tashqari mahalla guzari, kutubxona, bolalar maydonchasi va sport kompleksi barpo etildi. Natijada 200 dan ziyod oilaning yashash sharoiti yaxshilandi. Shuningdek mahallada Toshkent shahar hokimligi tashabbusi bilan 50 ta yangi ish o‘rniga ega tikuvchilik korxonasi tashkil etildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Kecha mana shu qishloqqa Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurdi, qurilish va obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi. Aholi bilan suhbatlashdi.

— Bu yerga kelganimda vaziyat juda achinarli edi. Bu mening uyim, jigarlarim, farzandlarim, deb yuragimdan o‘tkazdim. Pul topish, tashkil qilish oson bo‘lgani yo‘q. Xudoga shukr, hammasi ortda qoldi. Bu uylar sizlarga buyursin. Endi bu obodlikni asrab, yaxshi yashab, yaxshi to‘ylar qilinglar. O‘zi mening eng katta maqsadim — yoshlarni baxtli ko‘rish, — dedi davlatimiz rahbari.

Prezident matbuot xizmati
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring