Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqand — zamin sayqali. Shaharda qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

Samarqand — zamin sayqali. Shaharda qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish reytingida Samarqand shahri yashil hududga kiritilgan edi. Bugun shahar hokimi Boburmirzo Salomov Xalq deputatlari kengashida murojaat bilan chiqish qildi. Hududda amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha berilgan hisobotdan so‘ng shahar hokimi va jurnalistlar o‘rtasida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida Samarqand shahri yo‘llari, mashina qo‘yish joylari, jamoat transporti, ichimlik suvi va boshqa masalalar yuzasidan savol berildi.

— Shaharda avtomobillar qo‘yish joyi yetishmaydi. Hatto shahar hokimligi oldida ham joy yo‘q. Vaziyat shundayki, hatto hokimlik yig‘ilishiga kelganlar mashina qo‘yishga joy topa olmagani uchun jarima to‘lashiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu muammo qachon hal bo‘ladi?
— To‘g‘ri savol berildi, darhaqiqat shunday muammo shahrimizda bor. Samarqandda umumiy hisobda 119 mingta xonadon va 60 mingta transport vositasi mavjud. Shaharga kirib-chiqadigan avtomobillar bilan qo‘shib hisoblanganda kuniga 100 mingta transport ko‘chalarimizda harakatlanadi. Biz bu muammoni hal qilish uchun jamoat transportini rivojlantirishimiz kerak. Kelgusida shahar atrofidagi halqa yo‘li va ichki yo‘llarni o‘zaro bog‘laydigan tizim orqali to‘liq ko‘chalarimizni qamrab olishni rejalashtirganmiz. Hazoradan Siyob bekatigacha ko‘proq jamoat transportlarini qo‘yishimiz kerak. Bizda ko‘chalarni kengaytirish imkoniyati deyarli yo‘q. Chunki Samarqand Yunesko qaramog‘idagi shahar hisoblanadi va ko‘chalarni o‘zimizcha buzib, kengaytira olmaymiz. Faqat jamoat transportini kuchaytirish va ko‘chalarni bir tomonlama harakatga o‘tkazishimiz mumkin. Ilgari bitta mahallada 2-3 ta mashina bo‘lardi, endi ikkitalab avtomobilga ega xonadonlar ham bor. Albatta bu xursand qiladi, aholimizning turmush tarzi oshib bormoqda. Ammo aynan shu holat tirbandlikni ham keltirib chiqarmoqda. Biz shahardan o‘tadigan yo‘ldagi yuklamani qisqartirsak, so‘ngra avtomobil qo‘yish joylari uchun maydonlar ajratishimiz mumkin.

Bu masalaga har tomonlama yondoshuv kerak. Hisob—kitobga ko‘ra Samarqandda 146 ta qo‘shimcha bekatlar qurilishimiz kerak. Shahar bosh rejasiga muvofiq yirik sanoat komplekslari oldida ko‘p qavatli avtoturargohlar quriladi. Samarqand shahri aholisi bir milliondan oshish arafasida. Shu bo‘yicha «millionli shahar» konsepsiyasi qabul qilingan va joylardagi tirbandlikni yo‘qotish ishlari amalga oshirilmoqda. Agar Samarqand «millionli shahar» bo‘lsa, yirik sarmoya kirib keladi, nouxaular amalga oshadi, IT parklar quriladi. Shunga monand shaharni rivojlantirish lozim.

— Samarqandda turizm salohiyatini inobatga olib, shahar ichidagi jamoat transportini zamonaviylashtirish, yangi avtobuslar qo‘yish rejasi bormi?
— Hozir shahrimizda 57 yo‘nalishda 333 ta avtobus harakatlanmoqda. Biz mana shu tizimni takomillashtirishimiz kerak. Yoshi katta avlod vakillari yaxshi bilardi, ilgari bekatlarda grafik ilingan bo‘lardi va qaysi avtobus soat nechchida kelishini oldindan aniq bilardik. Yo‘lovchi o‘ziga ishonch bilan yo‘lga chiqardi. Hozir o‘sha ishonch yo‘lovchilarda qolmagan. Biz mana shu an’anani qaytarishimiz kerak. Mutaxassislar bilan suhbatda aniqladik, avtobus yo‘nalishini ko‘paytirishdan ko‘ra har 4 daqiqada bekatga avtobus kelishini ta’minlay olsak, samaraliroq bo‘larkan. Kelasi yil sentyabriga qadar Samarqandning markaziy ko‘chasiga to‘rtta yo‘nalish biriktiriladi va avtobuslar oralig‘idagi intervalni yo‘lga qo‘yamiz. Yangi avtobuslarga kelsak, o‘zimizda chiqayotgan zamonaviy avtobuslar yo‘nalishga qo‘yilgan. Agar odamlar jamoat transporti qachon va qanday yurishini aniq aniq bilsa, shaxsiy avtomobilida yurishdan voz kechadi. Chunki jamoat transporti foydaliroq bo‘ladi.

— Oxirgi 25-30 yil davomida transport borasida juda ko‘p qarorlar chiqarildi, ammo bajarilmay qolib ketdi. Yaxshi bilamizki, ko‘p davlatlarda jamoat transporti foyda keltirmaydi, balki ma’lum miqdorda dotatsiyada turadi. Samarqandda ham jamoat transportiga dotatsiya ajratish masalasini ko‘rib chiqish kerak emasmi?
— To‘g‘ri masala ko‘tardingiz. Afrosiyob — tarixiy ko‘cha va u turizmga moslashtirilgan. Bu yerni shahar bilan bog‘laydigan tizim joriy etamiz. Yo‘lovchilar qulayligi uchun Afrosiyobda do‘konsiz bekatlar qurilishi ko‘zda tutilgan. Aniq interval asosida yuradigan jamoat transporti qo‘ya olsak, muammo hal bo‘ladi. Ammo bir narsani to‘g‘ri tushuning, 25 yil oldin yo‘qolib ketgan tizimni bir kunda qaytarib bo‘lmaydi, hammasi asta-sekin yaxshilanadi.

Yurtboshimiz topshirig‘idan so‘ng uch-to‘rt kun faqat transport bilan shug‘ullandik. Muammolarimiz bor, masalan bekat yetishmasligi ham bir masala. Bekat bo‘lmasa avtobus ham to‘xtamaydi. Transport to‘xtab o‘tadigan joylarni davlat xususiy sherikchiligi asosida tashkil etishimiz kerak. Bekatda bankomatlar, reklama roliklari va do‘kon bo‘lishi shart. Shuningdek avtobuslar grafigi ham osilgan bo‘lib, unga amal qilish jamoatchilik nazoratida bo‘lishi shart. Samarqandning ijobiy va salbiy jihatlari bor bo‘lib, aynan jamoat transportiga o‘zimiz ham qoniqarsiz baho berganmiz. Bugun nafaqat shaharning ichki ko‘chalari, balki tumanlar bilan ham bog‘laydigan yo‘llar bo‘yicha ham arxitektorlar bilan maslahat olib boryapmiz.

Dotatsiya masalasi keladigan bo‘lsak, hozirda faqat Toshkentda jamoat transporti dotatsiyada turadi, Samarqandda bu narsa yo‘q. Ammo shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu masalani ko‘tarib chiqqan va aholi talabidan kelib chiqib dotatsiya ajratish lozimligini ta’kidlab o‘tgan. Hozirda yo‘l haqining qancha qismini kompensatsiya qilish masalasini ko‘rib chiqmoqdamiz. Albatta buni tuman budjeti bilan hal qilib bo‘lmaydi, viloyatni qo‘shish kerak. Hammasi pulga borib taqaladi, qolaversa pandemiya vaqtida holat qanaqaligini o‘zingiz yaxshi bilasiz. Hozircha hisob-kitob ishlari olib borilyapti. Hammasi tugagandan so‘ng yana ma’lumot beramiz.

— Samarqand aholisining bir qismi Zarafshon daryosining narigi qirg‘og‘idagi aholi punktlarida yashaydi. Ular shaharga qatnashda muammolarga duch kelmoqda. Yaqingacha ham daryo ustidan ko‘prik qurilishi haqida gap-so‘zlar yurardi. Bu masala qachon hal bo‘ladi?
— Darhaqiqat 89-90 yillarda shahar aholisiga uy-joy qurilishi uchun Zarafshon daryosining narigi tomonidan yer berilgandi. Hozirda Rofut Hamroyev mavzesida 800 ta xonadon mavjud. Aholi yashash manzilini shahar bilan bog‘lash masalasi ko‘p ko‘tarilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning viloyatga tashrifi davomida ko‘prik qurish masalasi ko‘rib chiqilgan va shaxsan Davlat rahbari tomonidan topshiriq berilgan. Afsuski bu topshiriqni hozirga qadar bajarishning uddasidan chiqa olmadik va buning uchun uzr so‘rashimiz lozim. Gap shundaki, pandemiya vaqtida asosiy e’tibor sog‘liqni saqlashga qaratildi va mablag‘ asosan shu sohaga yo‘naltirildi. Biz 2021 yil yakuniga qadar ko‘prikni qurib, foydalanishga topshirishni rejalashtirib qo‘yganmiz. Buning uchun 81 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

— Shahardagi ko‘p qavatli uylardagi uzluksiz ichimlik suvi ta’minoti qanday holatda?
— Ayni vaqtda Samarqand 99.1 foizga ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Faqat ikkita mahallada artezian quduq orqali suv olinadi. Uzluksiz suv ta’minotiga kelsak, avval 8 soat berilardi, hozir 18 soatga chiqarganmiz.

— Samarqandda qachon yo‘l qurilishi tartibga solinadi? Amir Temir va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalarida hamon ish olib borilyapti. Oqibatda juda katta tirbandliklar kuzatilmoqda.
— Amir Temur va Gagarin ko‘chasi Abu Dabi tomonidan ajratilgan 320 million dollarlik kredit asosida ta’mirlanishi ko‘zda tutilgan. Bu ko‘cha devordan-devorgacha to‘liq rekonstruksiya qilinishi lozim. Hozirda qurilish kompaniyalari o‘rtasida auksion o‘tkazilmoqda. Ko‘chalarni ta’mirlash 2021 yilda yakuniga yetkaziladi.

Mirzo Ulug‘bek ko‘chasiga kelsak, u markaziy ko‘cha maqomida bo‘lib, shaharning asosiy qon tomiri hisoblanadi. Hozirda u bir tomonlama yopilgan, chunki yer ostidagi quvurlar almashtirilmoqda. Boz ustiga ushbu yo‘lni maktab o‘quvchilari kesib o‘tardi va YTHga xavfli edi. Shu bois tonnel qurilyapti. Qurilish ishlari 14 kunda tugatilishi ko‘zda tutilgan.

Yo‘l ta’mirini tunda o‘tkazish lozim.  Hozirda infrastrukturani yaxshilash bo‘yicha jadal ishlar olib borilyapti. Gaz va kanalizatsiya quvurlari o‘tkazib bo‘lindi, endi asosiy e’tibor ichimlik suviga qaratilgan. Gap shundaki, shahardagi aksariyat ichimlik suvi quvurlari o‘tgan asrning 60-yillarida o‘tkazilgan bo‘lib, hozirda yaroqsiz bo‘lib qolgan. Bir kunda 10-11 talab avariyalar bo‘lyapti. 2021 yilning sentyabr oyiga qadar to‘liq ichimlik suvi quvurlari almashtiriladi va shundan so‘ng ko‘chalar asfaltlab chiqamiz. Bu bo‘yicha pul to‘liq ajratilgan. Ammo yo‘lni ta’mirlab qo‘yib, keyin yana kavlamaslik uchun quvurlarni yangilab olishimiz shart. Bir ishni ikki marta qilmaslik kerak. Shaharda gaz, kanalizatsiya va elektr masalasida muammo yechilgan. Faqat ichimlik suvi qolgan. Samarqandning zaif tomoni infratuzilma va kommunikatsiya edi. Hozirda bu masala hal qilinyapti.

— Afsuski Samarqandda yo‘l harakati qoidalariga amal qilish juda sust. Ayniqsa taksichilarda madaniyat darajasi past. U xoh avtobus bo‘lsin, yoki yo‘nalishsiz taksi, ko‘cha o‘rtasidan ketayotgan bo‘lsa ham yo‘lovchini ko‘rib qolsa, xavfli holatni yuzaga keltirib bo‘lsa ham, uni olishga harakat qiladi. Bu masalada qanday chora-tadbirlar amalga oshirilyapti?
— Samarqandda 2900 ta yo‘nalishsiz taksi bor va ular istagan ko‘chasiga kirib-chiqishi mumkin. Ammo taksichilarda madaniyat yo‘q, mashinasiga o‘tirsangiz, qachon yuvib-tozalangani ham noma’lum. Yo‘lovchi mashinaga o‘tirdimi, salon toza, haydovchi esa yaxshi kiyingan bo‘lishi kerak. Biz buni umumiy transport tizimi talablariga kiritganmiz. Taksichi uyidan ko‘chaga chiqib ketmasdan, garajda o‘qitilishi kerak. Bu narsa avvalo o‘zimizga bog‘liq. Agar jamoatchilik nazoratini kuchaytirsak va muammoni suratga yoki videoga olib jo‘natsak, shahrimiz rivojiga hissa qo‘shgan bo‘lardik.

Ma’lumot uchun: Samarqand shahar hokimligining xalq deputatlari kengashidagi murojaati ommaviy axborot vositalari orqali tarqatildi. Bunday murojaatlar O‘zbekiston Respublikasining barcha tumanlarida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Tadbir davomida ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha OAV vakillari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot tashkil etiladi. Xabar.uz axborot tahliliy portali tadbirlarni kuzatib, yoritib borishni rejalashtirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring