Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Koronavirusning foydali jihati ham bo‘lmoqda

Koronavirusning foydali jihati ham bo‘lmoqda

Pingvinlar qafaslaridan chiqarib yuborildi.

Koronavirus insoniyatga juda katta talafot — odamlarga kasallik va o‘lim, iqtisodiyotga zarar keltirdi. Ammo insoniyat tomonidan bo‘layotgan shafqatsizlarcha munosabat tufayli tobora kasallanib borayotgan ekologiyaga davo bo‘ldi.

Dunyoning turli qismlarida joylashgan sanoat korxonalarining vaqtincha yopilishi (karantin choralari va mahsulotlarga talabning pasayishi natijasida) va ilgari ishlab chiqarilgan global yetkazib berish zanjirlarining jiddiy buzilishi bilan birgalikda bu sayyora va atrof-muhit bilan insoniy munosabatlarda yangi haqiqatni yuzaga keltiradi. Harakat — sivilizatsiyaning (transport harakati, sanoat rivoji) keskin «sekinlashishi» oqibatida yer qobig‘idagi tashqi shovqin sezilarli darajada kamaydi, bu esa olimlarning fikriga ko‘ra, seysmik faollikni aniqroq o‘lchash imkonini beradi. 

Italiya. Butun Italiyada karantin boshlangandan beri havoning ifloslanish darajasi umuman pasaydi. Yevropa kosmik agentligining ma’lumotlariga qaraganda mamlakatda atmosferada azot dioksidi (zaharli chiqindi) miqdori kamaygan. Bu, ayniqsa, mamlakatning shimoliy hududlarida yaqqol sezilgan.

Venetsiya. Venetsiya kanallarini to‘ldiradigan odatiy loyqa suv birdan shaffof bo‘lib, mayda baliqlarga to‘ldi. Bunga kanallar bo‘ylab transport harakati kamaygani va buning natijasida odatda suv yuzasiga ko‘tariladigan yog‘ingarchiliklar pastki qismida qolgani sabab bo‘lgan.

Xitoy. Xitoyda havoning jiddiy ifloslanishi bilan bog‘liq muammolar butun sayyorani tashvishga solib kelmoqda. Aynan koronavirus xitoyliklarga ushbu muammoni kamida vaqtincha hal qilishga yordam berdi. Xitoy aholisi karantinga o‘tgandan so‘ng, mamlakatning deyarli butun hududini qamrab olgan zaharli gaz buluti to‘satdan g‘oyib bo‘ldi. Karantin davrida Xitoyda 200 million tonna karbonat angidrid havoni bulg‘amagan. Havoda azot dioksidi va boshqa toksik aralashmalarning miqdori ham kamaydi. Xitoy ekologiya va atrof-muhit vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, «Yaxshi sifatli havo» kunlari fevral oyidan beri o‘tgan yilning shu davriga nisbatan havoning tozaligi 21,5% ga oshgan. Uxan kanallarida delfinlarning paydo bo‘lishi va erkin suzib yurishi haqidagi xabarlar kelgusida ehtimol, delfinlar atrofdagi suvlarda chayqaladigan va chiroyli yovvoyi hayvonlar yo‘lda erkin yuradigan yangi, toza dunyoni kashf etayotgandek edi go‘yo.

AQSh. AQShda barcha gavjum joylar, shu jumladan hayvonot bog‘lari va akvariumlar karantin paytida yopilgan. Chikagodagi Shedd akvariumida hayvonlar uchun haqiqiy ozod hayot boshlandi. Ushbu maskanning ishchilari pingvinlarni qafaslaridan chiqarib yuborishdi va qushlarga butun parkni o‘rganishga imkon berishdi. Pingvinlar parkni o‘rganish asnosida umrida ko‘rmagan baliqlarni tomosha qilishdi.

Nepal. Xuddi Xitoy kabi, koronavirus pandemiyasi tufayli Everestga sayyohlarning kirishini to‘sib qo‘ydi. Jomolungma tog‘i dunyodagi eng baland poligon hisoblanadi. Ushbu tabiiy yodgorlikga tashrif buyurgan sayyohlar uni muntazam ravishda turli xil chiqindilar bilan ifloslantirib kelganlar.  Vaqtincha bo‘lsada tog‘ plastik idish va turli zararli chiqindilardan tozalanadigan — «dam» oladigan bo‘ldi.

Rossiya. Yo‘l va ko‘chalar bo‘ylab harakatlanadigan transport vositalarining sonini kamaytirish orqali havo sifati yaxshilandi.

Dehli. So‘nggi yillarda havo ifloslanishi halokatli darajaga yetgan Dehlida mamlakatda harakatga taqiq joriy etilganidan beri havo sifati sezilarli darajada yaxshilandi. Hindistonning boshqa shaharlarida ham havo tozalandi. Ilk bor tunda osmonda yulduzlar ko‘rina boshladi.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, ekologiyadagi vaziyatning yaxshilanishi oqibatida havo sifati bilan bog‘liq yurak-qon tomir kasalliklaridan erta vafot etish hollari pasayadi. Masalan 2008 yilda Xitoy Pekin Olimpiadasida havo chiqindilarini keskin cheklab qo‘yganida, havo sifati bilan bog‘liq yurak-qon tomir va boshqa kasalliklardan erta o‘limlar sonining kamayishi bir necha tadqiqotlarda qayd etilgan. 2010 yilda Moskva tabiiy yong‘inlardan tutun bilan nafas olganda, xuddi shu kasalliklardan shaharda o‘lim darajasi keskin oshdi.

Karantindan so‘ng...

Karantin cheklovlari olib tashlangach «uyda qolish» tajribasi kelajakda qisman foydali bo‘lishi mumkin. Masofadan ishlash tajribasi o‘zlashtirilgach, transport harakati kamayadi,  ammo uydagi elektr energiyasi va issiqlik uchun katta xarajat ketadi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, agar elektr bug‘lanish yoqilg‘isidan olinadigan bo‘lsa, issiqxona gazlari yana chiqindilarning ko‘payishiga olib keladi. Qisqa qilib aytganda, pandemiyadan so‘ng, iqlim o‘zgarishiga ta’sir etadigan chiqindilar iqtisodiyot va sayohatlardan so‘ng yana tiklanishi mumkin. Chunki zarar ko‘rgan iqtisodiyotni tiklash uchun avvalgidan ham ko‘ra ko‘proq harakat talab qilinadi. Shunga qaramay, hech bo‘lmaganda bitta atrof-muhit yaxshilanishi davom etadi — bu Xitoy tomonidan yovvoyi hayvonlar savdosiga qo‘yilgan taqiq.

Umuman ekologiya ma’lum muddatgina insoniyatning unga ko‘rsatayotgan zararidan dam oladi. Ya’ni ekologiyaning yaxshilanishi bu vaqtinchalik. Ekologiya, ya’ni ona tabiat qachon butunlay «tuzaladi», qachonki odamlar ongli ravishda tabiatni seva boshlasalar, uni his qila boshlasalar, dardiga darmon bo‘la olsalar. Balki koronavirus tufayli yo‘qotishlarimiz bizni ekologiyaga nisbatan sog‘lom fikrlab boshlashimizga turtki bo‘lar. Bunga esa hozircha faqat umid qilamiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring