Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev koronavirusga chalinganlar soni yanada oshib borishini qayd etdi

Shavkat Mirziyoyev koronavirusga chalinganlar soni yanada oshib borishini qayd etdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun, yangi haftaning birinchi ish kunini erta tongdan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash borasida olib borilayotgan ishlarning chuqur tanqidiy tahlilidan boshlagani xabar qilingandi.

Yig‘ilishda pandemiya davrida har bir bemorni davolash uchun kislorodga ehtiyoj keskin ortishi qayd etildi.

Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasi, Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya markazi, Toshkent shahar 1-son klinik shifoxonasi, Respublika birinchi va ikkinchi son klinik kasalxonasida hamda barcha yangi ochilayotgan «provizor» shifoxonalarida 1 000 dan ortiq kislorod o‘tkazadigan nuqtalar sonini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi.

Toshkent shahri xokimligi, Ichki ishlar vazirligi hamda har bir tuman hokimi o‘z hududida joylashgan tibbiyot muassasalarini doimiy asosda kislorod bilan to‘ldirib borishga shaxsan mas’ulligi belgilandi.

Chet davlatlarda o‘pka yallig‘langan har bir bemor uchun zudlik bilan kislorod konsentratorlariga maxsus niqoblar kiygizish orqali havo olishini yengillashtirib, qo‘liga pulsoksimetr taqilmoqda va bu bilan bemorning nafas yetishmovchiligi bartaraf qilinmoqda. Bosh vazirga mazkur tibbiyot jihozlarini imkon qadar qisqa muddatlarda mamlakatimizga yetkazish topshirig‘i berildi.

Buning uchun, agar kerak bo‘lsa, maxsus samolyot ajratilishi, tadbirkorlar tomonidan kislorod konsentratorlarini O‘zbekistonga olib kirish tartib-taomillarini yengillashtirish choralari ko‘rilishi lozimligi qayd etildi.

Bemorlarni davolash uchun zarur dori-darmon vositalari zaxiralarini yaratish maqsadida qo‘shimcha ravishda Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimliklari tegishlicha 20 milliard va 10 milliard so‘m mablag‘larni «Dori-darmon» aksionerlik kompaniyasiga aylanma mablag‘ sifatida ajratishi belgilandi.

Koronavirusni davolaymiz deb, deyarli barcha ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalari to‘ldirib tashlandi, dedi davlatimiz rahbari. Natijada surunkali kasalligi bor bemorlar malakali tibbiy xizmatdan deyarli mahrum bo‘ldi.

Muasaddilarga surunkali kasalliklarni davolashga ixtisoslashgan shifoxonalardagi koronavirusga chalingan bemorlarni boshqa joylarga, shu jumladan xususiy klinikalarga ko‘chirish orqali surunkali xastaligi bor bemorlarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilishini qayta tiklash choralarini ko‘rish topshirig‘i berildi.

Koronavirusga chalingan fuqarolar soni yanada oshib borishi hech gap emas, deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev. Shu munosabat bilan qisqa muddatlarda ushbu kasallikka chalinganlarni davolash uchun yaratilgan qo‘shimcha o‘rin-joylar sonini, birinchi navbatda oliygohlar yotoqxonalari, yopiq sport maydonlari va boshqa sig‘imi katta bino-inshootlar hisobiga, kamida ikki-uch barobarga oshirilishini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Pandemiyaning salbiy oqibatlarini jilovlash va har bir rahbarning mas’uliyatini oshirish, fidokorlik ko‘rsatayotgan tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirish ishlari davom ettiriladi.

Kasallik o‘chog‘ida o‘z jonini garovga tikib har bir kasalni o‘lim yoqasidan olib chiqayotgan shifokorlarimizni davlat mukofoti bilan taqdirlash bo‘yicha takliflar kiritish topshirig‘i berildi.

Prezident qayd etganidek, bugungi kunda respublika va mahalliy budjetlardan moliyalashtiriladigan har qanday xarajat ustuvor ravishda pandemiyaga qarshi kurash tadbirlariga qaratilishi shart. Bundan muhim xarajatlar bo‘lishi mumkin emas.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shahar va tuman hokimlari 24 soat davomida har bir kasalxonadagi vaziyatni jilovlab turishga mas’ul hisoblanadi hamda ularni uzluksiz va muammosiz ishlashiga sharoit yaratib berishiga javobgar deb belgilandi.

Shuningdek, yangi xarid qilinayotgan tez tibbiy yordam avtomobillari faoliyati uzluksizligini ta’minlash maqsadida iqtisodiyotning turli sohalaridan, birinchi navbatda, faoliyati to‘xtatilishi oqibatida daromadsiz qolgan yo‘lovchi tashuvchi jamoat transporti uyushmalarining malakali haydovchilari jalb etilishi yuzasidan vazifalar qo‘yildi.

Barcha sektor rahbarlari ish kunini ertalabdan o‘z hududlarida kasalxonalardagi ahvolni o‘rganish bilan boshlashi qat’iyan belgilandi.

Har bir rahbar bugungi kunda fuqarolarimizning sog‘ligini saqlab qolishdan muhim vazifasi yo‘qligini anglashi shart, dedi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring