Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ayoz-qal’a. Bir umrlik taassurotlar makoni

Ayoz-qal’a. Bir umrlik taassurotlar makoni

Ayoz-qal’ani bir marta borib ko‘rgan odam u yerga yana qaytishni orzu qilib yashaydi. Rostmana romantika — cho‘l o‘rtasidan kesib o‘tgan yo‘ldan borarkansiz, uzoqdan qal’a xarobalari ko‘zga tashlanadi. O‘zingizni xuddi o‘rta asrlardagidek his qilasiz.

Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘istonga tashkil etilgan infotur doirasida yana bir marta Ayoz-qal’aga kelish nasib etdi. Taassurotlar bir olam.

Rivoyat qilishlaricha, qadimda Xorazm podshohlaridan biri dushmanlarning bosqiniga qarshi davlatining chegarasida katta qal’a qurishga qaror qiladi. U: «Kimki dushman kira olmaydigan katta qal’a qursa, unga go‘zal qizimni beraman», deb e’lon qilgan. Shu o‘lkada yashaydigan Ayoz ismli cho‘pon ushbu ma’suliyatni o‘z bo‘yniga olishga qaror qiladi va qal’a qurilishini boshlaydi. Yigit qurilishga qancha vaqt sarflagani noma’lum, ammo podshoh o‘z so‘zida turmaydi va qizini boshqa odamga turmushga berdi. Qal’a qurilishi esa yakuniga yetmay qoladi.

Bu yerda afsona haqiqat bilan yuzlashadi.

Ayoz-qal’a Qoraqalpog‘istonning eng xushmanzara yodgorliklaridan biri hisoblanadi. Ming yillar oldin bu yerda — Sulton Uvays tog‘ tizmasining sharqiy tomonida joylashgan tepalikda bir emas, uchta qal’a mavjud bo‘lgan.

Ayoz qal’a-1 shaharchasi yoki «shamol ostidagi qal’a» tepalikning o‘zida joylashgan bo‘lib, Qizilqum cho‘li chetidagi mustahkam qal’a hisoblanadi, o‘z vaqtida ko‘chmanchilar bosqiniga qarshi mudofaa vazifasini o‘tagan.

Yodgorlikning o‘zi to‘g‘ri to‘rtburchak shaklga ega bo‘lib, uning 10 m. balandlikka ega devorlari xom g‘ishtdan qurilgan. Hozirgacha, devorlarda minoralar, kamonchilarga oson harakatlanish imkonini beradigan ikki qavatli galereyalar va bir biridan teng masofada joylashgan tuynuklarni ko‘rish mumkin. Janubiy devorda joylashgan qal’a darvozasi, sharqiy devorga o‘tish imkonini beruvchi to‘rtburchak inshoot bilan himoyalangan bo‘lib, ikkita to‘rtburchak minoralar bilan mustahkamlangan.

Binoning shimoliy darvozasida Qadimiy Xorazm tilida, aramey yozuvida bir qatorda uch dona yozuv va uning tepasida qurilish boshlig‘i-ustaga tegishli tamg‘a belgisi topilgan.

Ayoz qal’a-2 shaharchasi taxminan milodiy VII asr oxiri va VIII asr boshlarida Afrig‘iy sulolasi hukmronligi davrida qurilgan deb taxmin qilinadi. Qal’a murakkab tuzilishga ega. Pastga olib boradigan qiya yo‘lak, qachonlardir qal’a darvozasini tepalikda joylashgan katta hashamatli qasr bilan bog‘lagan.

Ushbu qasr O‘rta asr davrida butun Markaziy Osiyo bo‘yicha eng chiroyli qasr sifatida qayd etilgan. Unda ustunli katta zallar, nafis o‘rindiqlar, marosimlar maydonchasi, devoriy tasvirlar va otashparastlar ibodatxonasi mavjud bo‘lgan. Bu yerda Afrig‘iylar sulolasiga tegishli Xorazm shohlarining, xususan shoh Bravikning tangalari topilgan. Saroy taxminan milodiy IV asrda qurilgan va keyinchalik ikkita ketma-ket yong‘in natijasida buzilib ketgan.

Ayoz qal’a-3 shaharchasi (mil.av. IV-III asrlar) parallelogram shaklida qurilgan yirik, mustahkam inshoot bo‘lib, yon tomondan ikki qavatli devor va ko‘plab minoralar bilan o‘rab olingan. Minoralar to‘rtburchak shaklda qurilgan. Qal’aga kirish janubiy tomonning o‘rtasida bo‘lib, murakkab darvoza — oldi labirintni hosil qilgan qayrilma devorlar bilan mudofalangan.

Qal’aning hovlisi butunlay bo‘sh bo‘lib, faqat ba’zi devorlarning oldida kichik binolar bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Qal’aning shimoli-g‘arbiy burchagida ko‘p xonali katta bino joylashgan. Unga kesishgan ikkita ustma-ust yo‘laklari binoni har biri 10 ta xonadan iborat 4 ta sektorga bo‘lib yuborgan. Ayoz qal’a-3, taxminlarga ko‘ra, Kushon imperiyasi davrida garnizon sifatida yoki hukmdorlarning qarorgohi va mahalliy dehqonlar uchun boshpana sifatida ishlatilgan bo‘lishi mumkin.

Eski qal’a, Ayoz-qal’a-1 esa kichik sonli askarlarga boshpana bo‘lgan va shunchaki nazorat posti sifatida ishlatilgan. Qal’a devorlari atroflaridan ko‘plab dehqonlarning uylari, qishloq xo‘jaligi yerlari, devorlari va vino yetishtirish maydonlari bo‘lgan qo‘rg‘onchalar qoldiqlari topilgan.

Qoraqalpog‘iston zamini bunday maskanlarga juda boy. Yo‘lingiz shu tomonlarga tushsa, Ayoz-qal’ani ham albatta ko‘rib keting.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring