O‘zbek-turkman do‘stligi abadiy bo‘lsin!

Turkmaniston — O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini, tashabbuslarini birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatlagan qadrdon davlat. Turkman xalqi o‘zbek xalqiga bo‘lgan cheksiz hurmat-ehtiromini yaqin yillarda qator xayrli amaliy tadbirlar bilan tasdiqladi.
Xususan, O‘zbekistonning birinchi prezidenti nomini abadiylashtirish maqsadida Turkmanistondagi muazzam maydonga birinchi bo‘lib Islom Karimov haykali o‘rnatildi. Ashxoboddagi ko‘chalarning biri Islom Karimov nomi bilan ataldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga tashrifini qo‘shni mamlakatning kattayu kichik mezbonlari shodu xurramlik bilan qarshi oldilar. Ko‘chalarni to‘ldirgan qardoshlarimiz chehrasidagi samimiy tabassum, «Xush keldingiz, safo keldingiz» degan hayqiriqlar yuraklarimizni qanchalar to‘lqinlantirganini hech bir so‘z bilan to‘liq ifodalab bo‘lmaydi. Tantanali kutib olish marosimiga saf tortgan turkmanistonliklar shodligi ko‘hna Xazar dengizi mavjlariga tutashib ketdi.
Xalqimiz azaldan tantiligi, lafzi halolligi, jo‘mardligi, mehmondo‘stligi bilan tillarga tushgan. Qo‘shnilarimizning bizga bo‘lgan mehru e’tiboriga munosib ehtirom va e’zoz ko‘rsatish bizga bobomeros fazilat. Shuning uchun Turkmaniston Prezidentining yurtimizga tashrifini cheksiz quvonch bilan qarshilab, shodligimizni, samimiy do‘stlik mehrimizni izhor qilishga oshiqamiz. Tilagimiz — o‘zbek-turkman do‘stligi abadiy bo‘lsin!
Shoira Bozorova,
jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter