Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abror Zohidov

Kelajakka umid qilish yaxshi, ammo ayni dam ham go‘zal ekanligiga shukr qilish undanda yaxshi.

Nega «Tozalash-Antiterror» tadbirida ko‘proq fohishalar va propiskasizlar ushlanadi?

Nega «Tozalash-Antiterror» tadbirida ko‘proq fohishalar va propiskasizlar ushlanadi?

Foto: «Guvd.uz»

Ichki ishlar tizimining ochiqlashuvi ortidan ommaviy axborot vositalarida ularning faoliyatiga oid ko‘plab ma’lumotlar yoritilmoqda. Ayniqsa, har hafta uyushtirilayotgan brifinglar ayni muddao bo‘ldi.

Bir savol tug‘iladi — deyarli har oy uyushtirilayotgan tadbirlar nega «Tozalash-Antiterror» tadbiri deb nomlanadi?

O‘sha tadbirlar natijalariga ko‘ra e’lon qilingan rasmiy ma’lumotlarga bir e’tibor beraylik: «Yashnobod tumanida «Tozalash-Antiterror» tadbiri o‘tkazildi. Tadbir davomida 1976 yilda tug‘ilgan M.Abdurahmonning uyi tekshirildi va uning uyida og‘irligi 5,96 gramm bo‘lgan «marixuana» giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi...», Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan «Tozalash-Antiterror» tadbiri o‘tkazilib, unda Mirzo Ulug‘bek tumani, .... 28-xonadon tekshirildi.

Tadbir davomida fuqaro T. Igor o‘ziga tegishli bo‘lgan xonadonni fuqarolar ...larga fohishalik bilan shug‘ullanishlari uchun ijaraga bergani hamda buning evaziga ulardan 250.000 so‘m miqdoridagi pullarni olgani aniqlandi» yoki «Tozalash-Antiterror» tadbiri davomida «jami 363 nafar respublikamizning turli viloyatlaridan kelib, muayyan ish joyiga ega bo‘lmagan, vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tmasdan hamda xonadon egasi bilan ijara shartnomasi rasmiylashtirmay yashab kelayotgan shaxslar aniqlanib, tuman IIB tomonidan tekshirilgani to‘g‘risida ma’lum qilindi».

Albatta, terrorizm jiddiy muammo. Bu nafaqat biz, balki butun dunyo hamjamiyati kurashishi shart bo‘lgan balo. Ammo nahotki Vatanimiz shu darajada bunday nom ostida muntazam tadbir o‘tkazilishi shart hudud bo‘lsa? Natijalarga ko‘ra bu tadbirlar nima uchun «Tozalash-Antinarkotik», «Tozalash-Antifohisha» yoki «Tozalash-Antipropiska» deb nomlanmaydi?

Holbuki, ularda asosan shu toifa qonunbuzarliklar aniqlanmoqda-ku. Qolaversa, aynan terrorchilar bilan kurash bu darajada ochiqchasiga e’lon qilib olib borilmaydi, yana aynan ichki ishlar xodimlari ko‘chalarda yurib, terrorchiga qarshi bevosita kurashmaydilar, zimdan ish olib boruvchi ekstremizmga qarshi kurashuvchilar esa mutlaqo boshqa tashkilot (ular odatda brifinglar uyushtirishmaydi).

Albatta, muhimi natija. Ichki ishlar xodimlarining muntazam mehnati o‘laroq farzandlarimiz ko‘chalarda xotirjam yurishadi, uyimizda tinch uxlaymiz. Biroq muntazam tahdid kayfiyatini almashtirish vaqti kelmadimi?

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring