Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

Jurnalist nega qamalgan edi? (2-qism)

Jurnalist nega qamalgan edi? (2-qism)

O‘tgan suhbatimizda namanganlik jurnalist Ortiqali Nomozovning tuman hokimi taklifiga ko‘ra gazetada ish boshlagani, bu boradagi faoliyat ko‘lami haqida aytilgan edi. Keyinroq uning ustidan ariza tushgan va tekshiruv boshlangan. Aslida hammasi qing‘ir ishni do‘ndirgan hisobchilar tufayli yuz bergan va haqiqatni yozgan muharrirni nishonga olishga bahona topilgan. Xo‘sh tekshirishlar yakuni qanday bo‘ldi?

Ortiqali Nomozov


Otasini tanimaydigan taftishchi

– Viloyat prokurori, viloyat ichki ishlar boshqarmasi, viloyat sudidan qo‘ng‘iroq qilib siz haqingizda so‘rashibdi. Uncha-muncha odam eshitsa, vahimaga tushadigan idoralar nomi. Behudaga surishtirmaydi. Ular sizni chaqirishdimi?

– Chaqirishmadi. Nazarimda, g‘oyat vazminlik va nazokat bilan «ro‘molcha uchini tugib» qo‘yishdi...

– Siz esa tanqidiy maqolalar yozmay qo‘ydingiz?..

– Bilasizmi, viloyat va tumanlarda shunday voqealar ro‘y beradiki, quyi tizimdagi rahbarlar shu qadar o‘zboshimchalik, «o‘yin»lar qilishadiki, buni yozmaslik, munosabat bildirmaslik uchun yuraging yo toshdan, yo temirdan bo‘lishi kerak...

– Shunday qilib, KRUdan taftishchi keldi...

– Ha. Shoiri zamon yozgan iddaolarning aksari isbotlanmagan bo‘lsa-da, hisobchilarning bir qator moliyaviy jinoyatlarga yo‘l qo‘yganligi yuzaga qalqib chiqdi. Bulardan eng kattasi – qo‘limizga kishan solishga arziydigani tahririyatning katta miqdordagi mablag‘i turli firmalarga, kichik korxonalarga o‘tkazilib talon-taroj qilingani edi. Revizor bir olam ma’lumotlarni yozib, ikki nusxa qilib menga birini o‘qitib imzolatib ketdi. Keyin esa orqasidan yana bir tekshiruvchi keldi.

– Viloyat davlat soliq boshqarmasidanman, – dedi u. – Faqat soliq masalasini tekshiraman. Aytib qo‘yay, to‘g‘ri ishlarim uchun rahbarlar tazyiqiga uchrab, qamalib chiqqan odamman. Haqiqat yo‘lida otamni ham ayamayman. Buxgalteringizni chaqiring. «Tekshirishlar daftari»ni olib kelsin. O‘sha daftarga kelganimni qayd qilib, so‘ng ish boshlayman.

– Bizda bunday daftar yo‘q, – dedim.

– U holda mendan oldingi revizorga nega ruxsat berdingiz?

– So‘ramadi-da!..

– Axir, tekshirishlar daftariga qayd etmasdan turib buxgalteriya eshigidan kirish ham mumkin emas-ku?!

Men nima deyarimni bilolmay qoldim, rosti.

– Birinchi tekshirish, demak, noqonuniy o‘tkazilibdi, – dedi u. – Tuman soliq inspeksiyasiga borib, «Tekshirishlar daftari»ni zudlik bilan olib kelishsin...

Shunday qildik. «Otasiniyam tanimaydigan» revizor ishga kirishdi. U ham soliq hisobotlaridan bir qism mablag‘, daromadlar yashirilganini aniqladi. Yozib to‘ldirgani raqamlar bilan g‘ij-g‘ij dasta qog‘ozining bir nusxasini kaminaga tutqazarkan:

– Buyog‘i Xudodan, bardam bo‘ling! – deb jo‘nab ketdi.

Shundan so‘ng viloyat prokuraturasiga chaqirildim. U yerda hisobchilar va mening ustimdan jinoiy ish ochilganini ma’lum qilishdi. Keyin tergov harakatlari boshlandi.

– Yemagan somsaga pul to‘lashning davomi... Tergov qanday o‘tdi? Zug‘umlar bo‘lmadimi?

– Yo‘q. Nojoiz bo‘lsa kechirasiz-u, bizga o‘xshaganlarni «yuvosh-yuvosh» qilib, qo‘l-oyog‘ini bog‘lab ko‘zi qon «qassob»ga topshiradiganlar tergovchi xalqi bo‘larkan. O‘zi yoshgina yigit. Yana biri o‘rta yashar gavdali kishi. «Sizlarni Namanganga chaqirib ovora qilmaylik, deb o‘zimiz kela qoldik», deya Popga qatnab, goh tahririyatning o‘zida, goh ishxonamizga yaqin tuman prokuraturasida so‘roq qilishdi. Yarim oy chamasi davom etgan tergov yakuni bilan tanishtirish uchun tuman prokuraturasiga chaqirtirishdi. Yo‘lakda tuman prokurori bilan duch kelishib qoldik. U ko‘zlari yiltiragan ko‘yi men bilan «ha, Ortiqali aka, qalay endi?» deya so‘rashdi. Bu so‘rashish zamirida «qo‘lga tushding-ku!» degan iddao borligini sezdim. Xonada tergovchi yigit bilan sherigi o‘tirardi. Ular tergov yakuni bitilgan bir dasta qog‘ozni menga uzatishdi: «O‘qib, qo‘l qo‘yib berasiz».

O‘qishga kirishdim. «Tahririyatda muharrir O.Nomozov boshliq bir guruh shaxslar uyushib, o‘zaro qasddan jinoiy til biriktirib, davlatning katta miqdordagi mablag‘ini talon-taroj qilishgan. Jumladan...»

Shunaqangi raqamlar keltirilgan ediki, ular bilan meni katta maydonga olib chiqib otib tashlagan odam savobga qolardi.

– Nazarimda, raqamlar birmuncha bo‘rttirib ko‘rsatilgan, – dedim tergovchi yigitga qarab. – Meni zambarakning og‘ziga to‘g‘rilab qo‘yibsizlar-ku? Yo‘q, bunga qo‘l qo‘yolmayman.

– O‘zi shunaqa bo‘ladi, – dedi tergovchi xotirjamlik bilan.

Shu gapning ustiga eshik ochilib, o‘rta bo‘yli, xipchadan kelgan, rangpargina bir ayol bosh suqdi.

– Ana, advokat ham keldi, – dedi tergovchi. – Qonun bo‘yicha advokat ishtirokida qo‘l qo‘yishingiz kerak.

– Mening o‘z advokatim bor, – deb e’tiroz bildirdim.

– Qayerda?

– Namanganda.

– Demak, qo‘l qo‘ymaysiz-a?

– Advokatim bilan gaplashib, keyin qo‘yaman.

Bir-ikki kun oldin do‘stlarimning maslahati bilan viloyat advokatlar uyushmasiga borib, uyushma raisi Akmal Mamajonovni o‘zimga advokatlikka olgandim.

– Yaxshi, – dedi tergovchi. – Unda ketdik Namanganga.

Izma-iz yo‘lga tushdik. Popdan chiqib Orom mahallasiga yetganimizda shokolad rangli bir «Neksiya» tergovchilarning mashinasini quvib o‘tib to‘xtatdi. Tergovchilar tushib, ular bilan gaplashib turgan chog‘da biz yonlaridan o‘tib ketdik.

– Kelishishyapti chog‘i? – deb qo‘ydi haydovchim (bu shokolad rang «Neksiya»ga keyin ham sud binosi oldida bir necha bor ko‘zim tushdi).

– Kim bilsin? – dedim.

Viloyat prokuraturasiga yetib keldik. Men telefonda shu yaqin oradagi advokat uyushmasidan Mamajonovni chaqirdim. U ko‘p kuttirmadi. «Ish»ga birrov ko‘z yugurtirgach, menga qarab:

– Qisman to‘g‘ri, deb qo‘l qo‘yavering, – dedi.

Aytganini qildim. Keyin Popga qaytdik.

Ishning sudga oshirilishi ikki oydan ko‘pga cho‘zildi. Keyin eshitdim. Jinoiy ishlar bo‘yicha viloyat sudi bizning «ishi»mizni ko‘rishni Pop tuman sudiga topshirmoqchi bo‘lgan. Ammo tumanimiz sudining raisi negadir bu «ish»ni olishni istamagan. Shundan keyin «delo»ni jinoiy ishlar bo‘yicha To‘raqo‘rg‘on tuman sudiga oshirishgan...

Yangi-yangi nayranglar

– Sud jarayoni haqida alohida gaplashamiz, albatta. Hozir meni boshqa savol qiziqtiradi. Xo‘sh, ishni qilgan karnaychi, baloga qolgan surnaychi, demoqchi boshingizga shuncha g‘avg‘olar yog‘ilib turgan bir sharoitda o‘zingizni qanday tutdingiz? Qanday chora-tadbir ko‘rdingiz? Nimalarni o‘yladingiz?

– Ishonsangiz, pinagimni buzganim yo‘q. To‘g‘ri, sha’nimga yarashmaydigan juda xunuk ishlar bo‘layotgandi. Oilam, do‘stlarim bundan qayg‘urib, tashvishga tushishsa, gazetamizdan «zaxa» yegan g‘animlarim, har maqolam chiqqanda viloyat, tumandagi qon bosimlari oshib ketadigan kin, hasad bandalari – ba’zi hamkasblarim rosmana bayram qilishardi...

Men negadir xotirjam edim. Shoiri zamon qo‘li bilan yozilgan xat shunchaki yo‘liga ekanligi, asli bu ish ortida gazetamizning tig‘i-pirroniga uchragan mahkama va idoralarning katta-kichik chinovniklari, ular atrofida to‘planib, jipslashgan butun bir jamoa turganiga aqlim yetardi. «Bu ham Yaratganning bir sinovi, o‘zingni dadil tut, axir, yeb-ichib qo‘ygan joying yo‘q-ku! Marhamat, o‘zing va o‘g‘lingning uyini borib ko‘rishsin, o‘zlari aytgan boyliklaring bo‘lsa hovlingni, bog‘ingni tintib-titkilashsin, hech qanday dalil-isbotsiz qamab yuboraverishmasa kerak», derdim o‘zimga-o‘zim.

Shu o‘y bilan maqolalarimni yozib, gazetani chiqarib, «Qishloq hayoti» muxbiri sifatida vodiy viloyatlarini kezib, ham tuman, ham respublika gazetalarida peshma-pesh bosilib turgan katta-kichik maqolalarimdan quvonib yuraverdim. Xotinim, «hay, harakatingizni qilsangiz-chi, tegishli idoralarga arzi-hol qiling», deb tinmay yozg‘irardi. Do‘stlarim ham ogohlantirishdi, «Ortiqali, bu idoralar bilan hazillashib bo‘lmaydi», deyishdi. «Qishloq hayoti» gazetasining o‘sha paytdagi bosh muharriri, ustoz O‘tkir Rahmat «hisobchilaringiz bilan aniqlangan kamomadni joyiga qo‘ying-da, Toshkentga keling, ukajon... Sizning joyingiz u yer emas», derdi kunda-kun osha sim qoqib. «Xo‘p», derdim-u, yana o‘ylardim: «Axir, olmaganman-ku, hech vaqoim bo‘lmasa nimani joyiga qo‘yaman?»

Aslida «ish»ning tepasida viloyat prokuraturasi turgan bo‘lsa-da, tuman iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti bosh rolni ijro etayotgan edi (taftishchilar ham ertalab o‘shalarga uchrashib kelib ish boshlar, yana kechqurun borib hisobot berishardi). Mening ishimni «yumaloq yostiq» qilish ularga topshirilgan edi. Barcha «kuch»lar ana shu idora tevaragiga uyushgandi. Departamentdan bir-ikki marta telefon qilib, «keling» deyishganida bormadim. Yana qo‘ng‘iroq qilaverishgach, «bilmasangiz bilib oling, muharrir tuman hokimi o‘rinbosari maqomida turadi. Meni departament boshlig‘i chaqirishga haqli emas. Gapingiz bo‘lsa o‘zingiz keling, marhamat!» – dedim.

«Yigitlar» alamzada edi. Yangi-yangi nayranglarni o‘ylab topishar, nima qilib bo‘lsa-da mening burnimni yerga ishqash, tavbamga tayantirish payida edilar. Shundan keyin ham telefon qilishdi: «bir kelib keting». Achchig‘im tezligini bilishardi. Boplab so‘ksam, «diktofoni»ga yozib olishsa... Telefon qo‘ng‘irog‘i tinmagach, gazetaning navbatdagi soniga «Pisht!» degan jimitdekkina luqma yozib, shartta chiqarvordim (shunaqa, ba’zida ayrim battarinlar uchun lavozimni suiiste’mol qilishga ham to‘g‘ri kelardi). Bu bilan o‘zim xohlab «ari uya»siga chup suqdim.

Ana shundan keyin «to‘zib» qolishdi-ku! Dam olish kuni toqqa chiqqan departament boshlig‘i kayf ustida og‘aynilarimdan biriga «gullabdi»: «do‘stingizni qamoqda chiritmasam otimni boshqa qo‘yaman!» «Iye, nega?» debdi og‘aynim. «Tumandagi lyuboy tashkilot rahbarini chaqirsak, kazo-kazo raislargacha yugurib keladi, «nima xizmat?» deb, qaltirab turadi. Bu esa, chaqirsak kelmagani yetmagandek, «Pisht» deb gazetasiga urib chiqdi bizni...»

Sudyaning kasal qo‘yi

– Hm-m, buyog‘i sud, deng. G‘aroyib voqealar davom etadi...

– Jinoiy ishlar bo‘yicha To‘raqo‘rg‘on tuman sudida to‘rt kishi – men, muovinim (bu kishi tahririyatning eski avtosini mingilari kelib o‘ziga imi-jimida rasmiylashtirib, pulini oyma-oy to‘lab borishni xayollaridan «faromush» qilgan) va yana ikki hisobchimning ishi ko‘riladigan bo‘ldi.

«Sud na vtorom etaje, rais kabinetida», – dedi kotiba. Uning ortidan ikkinchi qavatga chiqib, chap tomondagi qabulxonaga kiramiz. Kotiba peshtoqiga «Sud raisi» deb yozilgan dermantin eshikdan kirib ketadi. O‘n daqiqalar chamasi o‘tgach ichkaridan chiqib, «Kiringlar», – deydi. Kiramiz...

– Sud majlisini ochiq deb e’lon qilaman, – deydi og‘zini karrakdek ochib esnarkan rais. – Bugundan e’tiboran Pop tuman hokimligining nashri «Pop tongi» gazetasi tahririyatida ro‘y bergan, viloyat prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tergovda o‘z isbotini topgan iqtisodiy jinoyat ishini ko‘rishni boshlaymiz. Bu sud majlisimizda prokuror o‘rtoq Eshondadaxo‘jayev qatnashishi kerak edi. Zarur ishi chiqib kelolmadi.

Advokat Akmal Mamajonov o‘rnidan turib raisga yuzlanadi.

– Qonun bo‘yicha prokuror ishtirokisiz sud majlisi o‘tishi mumkin emas.

– Buni biz ham bilamiz, – deydi o‘qdek nigohini advokatga tikib rais. – Bardanko‘lda bittasi xotinini pichoqlab qo‘ygan. Prokuror o‘sha yoqda. Bormasa bo‘lmaydi. Favqulodda hodisa-da, nima deysiz endi? Nachora, sud majlisini boshlab tezda tugatmasak bo‘lmaydi. Ishlar qalashib yotibdi. Bosh qashishga vaqt yo‘q. Prokuror qatnashmasa sadqayi sar. Yanagi safar qatnashar... Hozir tergov xulosalari bilan sizlarni o‘zim tanishtiraman. Shunday qilib, «Pop tongi» muharriri, sudlanuvchi Nomozov Ortiqali boshliq jinoiy guruh uyushgan holda o‘zaro jinoiy til biriktirib, g‘arazli maqsadlarda katta miqdordagi davlat mablag‘ini talon-taroj qilgan. Jumladan...

Rais raqamlar qalashtirib tashlangan tergov xulosasini hijjalab o‘qishga kirishdi. Yarim soatlarda tugatib, qo‘lidagi qog‘ozlarni stol ustiga qo‘yib oromkursiga cho‘karkan, qo‘l soatiga ko‘z tashlab qo‘ydi.

– Buguncha yetadi, – dedi u. – Ertadan so‘roq-javoblarni boshlaymiz. Sudning birinchi majlisini yopiq deb e’lon qilaman...

Ikkinchi kuni ertalabki to‘qqizga belgilangan sud majlisi harqalay oradan uch soat o‘tib tushga yaqin boshlandi.

– Sudlanuvchi Burhonov! Sudga yolg‘on pakazaniye bersangiz jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan javobgarlikka tortilasiz. Marhamat, qo‘l qo‘ying.

Burhonov kotiba keltirib tutgan hujjatga imzo chekdi.

– Sudlanuvchi Burhonov! Sizni katta miqdordagi davlat mablag‘ini talon-taroj qilishga nima majbur qildi?

– Hammasi Nomozovning buyrug‘i bilan bo‘lgan. Firmalarga pul o‘tkazib, menga pul qilib berasan, degan. Soliqni to‘lamay qo‘yaver, degan. Menga katta pul kerak, Toshkentga boraman, to‘y qilaman, uy qilaman, degan. Shuning gapiga kirib uzoq yillar halol-pok ishlab, davlatning bir tiyiniga xiyonat qilmagan odam mana endi sudga javob berib o‘tiribman. Nafsi o‘pqon, o‘g‘ri, muttaham...

– Haqorat qilinmasin.

– Kechirasiz. Xafa bo‘lib ketganimdan... Agar dunyoda adolat bo‘lsa, tamagir, nafsi o‘pqon Nomozovga nisbatan qonuniy chora ko‘rishingizni so‘rayman.

– Siz Nomozovga pul berganmisiz?

– Juda ko‘p marta berganman. Bermasam qo‘ymasdi.

– Qancha bergansiz? Qayerda, qay holatda?

– Hozir esimda yo‘q. O‘sha qo‘lingizdagi tergov materialida ko‘rsatilgan summaning hammasini berganman. Kabinetida sanab olgan. Tiyin-tiyinigacha sanab olgan...

Sud raisi bosh chayqab qo‘ydi.

– Sudlanuvchi Nomozov! O‘rtoq Burhonovning ko‘rsatmalariga munosabatingiz?

– G‘irt tuhmat! – dedim men o‘rnimdan turib. – Qaytaga mening o‘rnimga o‘zi imzo qo‘yib, bankka kafolat xati bergani, mening ruxsatimsiz bir nechta firmaga pul o‘tkazgani uchun ishdan haydab, prokuraturaga yozib berganman. Agar pul olganimda shunday qilarmidim? Muhtaram sud raisi, hisobchi Burhonovning jinoiy qilmishlarini isbotlash uchun uning mening nomimga yozgan «Tushuntirish xati»ni sudga taqdim etaman.

Men «Tilxat»ni sud kotibasiga beraman. Kotiba raisga olib borib topshiradi. Rais «Tilxat»ni burnini jiyirgan ko‘yi olib, stolning bir chetiga qo‘yib qo‘yayotganida telefoni jiringlab qoladi.

– Allo, Mastura! – deydi shang‘i ovozda sud raisi. – O‘zingmi? Yaxshi, telefon qilib qolding. O‘zim sanga chiqaman deb turuvdim. Bu, haligi, kasal qo‘y tuzukmi?.. Nima? Do‘xtir chaqirdilaringmi ishqilib? Vetvrachni aytaman... Keldi?.. Ukol qildimi?.. Ha, yaxshi. Salqinga olinglar... Kepak bor-a, kepak? Issiq suvda ivitib, makka-pakka qo‘shib beringlar. Darmon bo‘ladi. Nima? Oq yog‘ ichirdik?.. Kim aytdi?.. Do‘xtir?.. Nima, u bo‘kibdimi, oq yog‘ ichirasanlar?! Ishtahasi?.. E, ochilib ketadi. Bekorlarni aytibdi. Xudo xohlasa, tuzalib qoladi... Ha, boraman. Nima? Go‘sht?! Kecha oborishmadimi? Mehmon?.. Xo‘p. Ishdaman... Ha, bir gap: isiriq solinglar. Ko‘zikkan bo‘lishi mumkin. Xo‘p, xorosho, – sud raisi go‘shakni qo‘yib menga yuzlanadi:

– Shunaqa deng, sudlanuvchi Nomozov?

– Qo‘lingizdagi hujjatda hisobchi Burhonovning necha million so‘mni o‘zlashtirgani o‘z tilidan bayon qilingan, – deyman men.

– Xorosho! Sud tanaffus e’lon qiladi va o‘z ishini tushdan keyin davom ettiradi...

Tashqariga chiqamiz. Sud raisi aytgan tushlik uch soatga cho‘ziladi. Soat beshlar chamasida, nihoyat ichkariga chaqirishadi.

– Sud majlisini davom ettiradi, – deydi rais. – Sudlanuvchi Xushvaqtov!

Ikkinchi hisobchi dik etib o‘rnidan turib some holda sud raisga mo‘ltirab qaraydi.

– Siz tergovda bergan javoblaringizga qaraganda kompyuter xonasida bir yilda yigirmata lampochka kuyganini qayd etgansiz...

– Xuddi shunday!

– Guvoh Salomatova!

Kompyuterchi qiz o‘rnidan qo‘zg‘aladi. Sudya u bilan savol-javob qiladi.

– Sudlanuvchi Xushvaqtov. Bu qiz olib kelgan lampochka pulini, yana dori-darmonga sarflagan xarajatini oyligiga qo‘shib berish kerak. Qonunda bu bor. Xorosho. Shuning bilan sud majlisini yopiq deb e’lon qilaman. Yana davom ettirardik, lekin men Dmitrovda upalnomochenniyman. Hozir hokim o‘sha yerda meni kutib turibdi...

Karim Bahriyev yuborgan advokat

Sudning ikkinchi kunida sud raisi meni mutlaqo eshitmayotgani, aniqrog‘i, meni ermak qilayotgani, taqdirimni o‘yinchoq qilib o‘ynayotganini sezib qoldim. Sud shunchaki yo‘liga, «o‘tdimi – o‘tdi» qabilida o‘tkazilayotgandi. Garchi huquqshunos bo‘lmasam-da, sud majlisi bunday olib borilmasligini bilardim.

Yuqoridagi singari baland-past, chuchmal savol-javoblar bilan uchinchi kun ham o‘tdi.

O‘sha kuni kechqurun To‘raqo‘rg‘ondan qaytayotganimda telefonim sas berdi.

– Ortiqali aka, qayerdasiz? – dedi notanish ovoz. – Men Xalqaro jurnalistlarni himoya qilish tashkiloti viloyat bo‘limidan Muhammadjonovman. Bilishimizcha, ishingiz sudda ko‘rilayotgan ekan?

– Shundoq.

– Toshkentdagilar bundan xabar topibdi. Rahbarimiz Karim Bahriyev telefon qilib, «Ortiqali akani tez topib ayting, u kishini biz himoya qilamiz, Toshkentdan advokat jo‘natamiz, hozirgi advokatlariga otvod bersinlar», deyapti.

– Men o‘ylab ko‘ray, – dedim. – Natijasini sizga ertaga aytaman...

Ertasi kuni sud tushdan keyin boshlanishi kerak edi. Namanganga bordim. Advokatim Akmal Mamajonov bilan uchrashdim.

– Sud bir tomonlama o‘tyapti, – dedim unga. – Mening gapimga, taqdim etgan dalil-hujjatlarimga qaramayapti ham, eshitmayapti ham...

– Kechagi qilig‘ini ko‘ring, – dedi meni quvvatlab Mamajonov. – Sud paytida telefonda gaplashish mutlaqo mumin emas!

– Toshkentdan Xalqaro jurnalistlarni himoya qilish tashkilotidan menga advokat yuborishmoqchi.

– Yaxshi, – dedi Mamajonov. – Bu sizning qonuniy huquqingiz. Istagan paytda sudga otvod berishingiz, advokatingizni ham bemalol almashtirishingiz mumkin. Bu tabiiy hol.

Shu tariqa advokat bilan maslahatlashib, shu yerning o‘zida sud raisi nomiga ikkita ariza yozdim. Birinchisi – Toshkentdan Xalqaro Jurnalistlarni himoya qilish tashkilotidan advokat olayotganim munosabati bilan advokatim Akmal Mamajonov xizmatidan voz kechish. Ikkinchisi – sud majlisi qonunga xilof ravishda, bir tomonlama o‘tayotganligi bois mening jinoiy ishimni ko‘rishni boshqa sudga oshirish talabi.

Advokatim har ikki arizani alohida-alohida topshirishimni maslahat berdi.

Mamajonov bilan To‘raqo‘rg‘onga jo‘nadik. Yo‘l-yo‘lakay Muhammadjonov oldiga kirib, Karim Bahriyev taklifiga rozi ekanligimni aytdim...

Soat ikkiga chaqirilgan sud majlisi soat to‘rtdan o‘tganda boshlandi.

– Sudning navbatdagi majlisini ochiq deb e’lon qilaman, – dedi sud raisi. Bugun...

– Muhtaram rais, – dedim shu payt. – Mening sudga arizam bor. Ruxsat bersangiz, shuni topshirsam.

Sud raisi ajablangandek qaradi.

– Topshiring, – dedi so‘ng.

Kotiba arizani olib, raisga topshirdi. U qo‘lidagi qog‘ozga birrov ko‘z yugurtirish barobari e’lon qildi:

– Sud maslahatga kiradi. O‘n minut tanaffus.

Tashqariga chiqdik. O‘n daqiqadan keyin kotiba chaqirdi.

– Sudlanuvchi Nomozov o‘z arizasida Toshkentdan advokat olayotgani munosabati bilan amaldagi advokati Akmal Mamajonov xizmatidan voz kechishini bildirgan. Sud maslahatlashib, arizachining talabini qondirishga qaror qildi.

Mamajonov qalam-da’votini yig‘ishtirib xonani tark etdi.

– Sud yangi advokat kelguncha tanaffus...

– Muhtaram sud raisi! – dedim men shu payt yana oraga «ot» solib. – Ruxsat bersangiz, yana bitta arizam bor.

– Topshiring.

Sud yana o‘n daqiqa tanaffus e’lon qilib maslahatga kirdi. Va aytilgan fursat o‘tib chaqirildik.

– Sud qaror qiladi, – dedi ariza mazmuni bilan tanishtirishni ham unutgan rais. – Sudlanuvchi Nomozov sudni chalg‘itishga uringanligi uchun ehtiyot chorasi o‘zgartirilib sud zalidan qamoqqa olinsin («kabinet»dan desa to‘g‘riroq bo‘lardi).

Payqamagan ekanman. Qachon paydo bo‘lishdi, bilmayman. Yonimda ikki militsioner xuddi shu qarorni kutib turgan ekan. Ulardan biri qo‘limga kishan urdi va bilagimdan tutib xonadan olib chiqishdi... Bu qadar oson hibsga olinishimni kutmagan edim, rosti.

Davomi bor.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring