Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

Qo‘rquv, umid, iltijo

Qo‘rquv, umid, iltijo

Foto: «Xabar.uz»

COVID... Kim uchundir kasallik, kimlar uchundir protokol. Ko‘pchilikka vahima, yo‘qotilgan halovat, o‘lim, ayriliq; ba’zilar uchun esa eng katta yolg‘on, ortidan mo‘may daromad. Ayrimlarga tavba-tazarru; kimlargadir dam olish, ijod, imkon. G‘iybat, fisq-fasod qilayotgan, bir-biriga tosh otayotganlar qancha! Ba’zilar uchun e’tiqod mustahkamligi, ibn Sino, tabobat yodi, bir og‘ir sinov...

Bir yil oldin shu gaplar bormidi? Ko‘chalar huvillaganmidi? Odamlar ommaviy tarzda niqob taqib yurarmidi, bir-biri bilan so‘rashishdan cho‘chirmidi? Ko‘pchilik o‘z uyida shuncha uzoq vaqt o‘tirganmi hech?

Demak, bir yilda, bir oyda, bir kun, bir soniyada hammasi o‘zgarib ketishi mumkin. Jon omonatligi teran idrok etilmoqda. Hayot naqadar shirin.

FBga kirasan – ta’ziyaxona! Ostona hatlab chiqmoqchimisan, hech bir kafolat yo‘q – odamlar xavfli. Uyda o‘tir, kutgin. Abdulla Oripov misrasi yodga tushadi: «Bir qadam qo‘ysang, naryog‘i o‘lim...»

Baribir... baribir umid qiling. O‘zingizni bir yumush, ermak bilan chalg‘iting. Xavotir, hadikni xushvaqtlik bilan almashtiring. Duolar o‘qing, iltijo qiling.

Rizqni Xudoyim yetkazadi, birovga ko‘p, birovga kamroq.

Yashamoqchimisiz, umid qiling, tabassumni unutmang. Ko‘zguga 15 soniya samimiy kulib qarang, kayfiyatingiz ko‘tariladi...

Ikki inson derazadan boqadi, biri yulduzlarni, ikkinchisi ko‘lmakni ko‘radi...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring