Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«3 millionga yaqin maktabgacha yoshdagi bolalar bor» — Shavkat Mirziyoyev

«3 millionga yaqin maktabgacha yoshdagi bolalar bor» — Shavkat Mirziyoyev

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish bo‘yicha ikkinchi Butunjahon konferensiyasi ochilish marosimida nutq so‘zladi.

«Hozirgi vaqtda dunyo miqyosida kichik yoshdagi bolalarni sifatli maktabgacha ta’lim bilan ta’minlash borasida qator muammolar mavjudligini inkor etib bo‘lmaydi.

Ko‘plab mamlakatlarda qariyb 200 million bola maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinmagani natijasida ularning boshlang‘ich bilim olish imkoniyatlari cheklanmoqda.

O‘z navbatida, keyingi bir necha yil davomida koronavirus pandemiyasi ta’lim sohasiga ham katta salbiy ta’sir ko‘rsatgani sir emas.

Mana shunday sinovlar davrida barcha davlatlarning yaqin hamkorlikni yanada chuqurlashtirishi, xalqlarimiz o‘zaro birlashib, muammolarni birgalikda hal etishi naqadar muhimligini yaqqol ko‘rsatmoqda.

Shu ma’noda, bugungi anjumanimiz ham Barqaror rivojlanish maqsadlarining muhim yo‘nalishi hisoblangan bolalar ta’limi masalasida barchamiz bir bo‘lib, yangi yondashuvlar va yechimlar ishlab chiqishimizga xizmat qiladi, deb ishonaman», dedi prezident.

Davlat rahbari mamlakatimizda yoshlar va bolalarga e’tibor va amaliy g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni jismoniy va ma’naviy barkamol etib tarbiyalashga alohida ahamiyat qaratilayotganini qayd etdi.

«Hozirgi paytda yurtimizda 3 millionga yaqin maktabgacha yoshdagi bolalar bor.

Hech shubhasiz, ular bizning eng bebaho boyligimiz, erkin va farovon hayotimiz, yorug‘ kelajagimiz bunyodkorlaridir.

Shuni ham aytish joizki, yurtimizda yaqin o‘tmishda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi 27 foizga tushib qolgan edi.

Deyarli barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarda zamonaviy texnologiyalar va qo‘llanmalar yo‘q, binolari ta’mirtalab edi.

Bu esa bolalarimizni to‘laqonli sifatli ta’lim va tarbiya olishini cheklagan.

Holbuki, farzandlarimiz tarbiyasida eng asosiy bo‘g‘in hisoblangan maktabgacha ta’lim tizimining ijtimoiy hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini hech narsa bilan o‘lchab, baholab bo‘lmaydi.

Biz islohotlarning birinchi kunlaridanoq mavjud ta’lim sohasini, xususan, maktabgacha ta’limni tubdan modernizatsiya qilishga qaror qildik.

Shu maqsadda, yurtimiz tarixida ilk bor alohida Maktabgacha ta’lim vazirligini tashkil etdik.

Bog‘chalarni zamon talablariga mos ravishda yangi bosqichga ko‘tarish, ilg‘or tarbiya uslublari va metodikalarini keng qo‘llash, o‘quv-moddiy bazasini kuchaytirishga katta e’tibor qaratmoqdamiz.

Sohani keng rivojlantirish uchun xususiy sektor kirib kelishiga ham qulay shart-sharoitlar yaratib berdik.

Bog‘chalarda har bir tarbiyalanuvchi bola uchun Davlat budjeti hisobidan subsidiyalar berila boshlandi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda bog‘chalar soni 6 barobarga ko‘paydi. Olis va chekka hududlarda minglab oilaviy bog‘chalar tashkil qilindi.

Tarbiyachi va pedagoglar soni ham 3 barobarga o‘sib, 160 mingga yetdi. Shuningdek, pedagog kadrlarning malakasini tizimli oshirib borish ishlari ham yo‘lga qo‘yildi.

Ushbu choralar natijasida bog‘chalarda ta’lim va tarbiya oladigan bolalar sonini 600 mingdan 2 millionga yetkazilib, qamrov ko‘lami 70 foizga chiqdi», ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring