Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Adliya bo‘limi hokimga chora ko‘rishni so‘ramoqda

Adliya bo‘limi hokimga chora ko‘rishni so‘ramoqda

Andijon tumani hokimi Ulug‘bek Isomiddinov yana saytimiz «mehmoni»!

Ochig‘iga ko‘chsak, mavzuga qaytishni xohlamagan edik. Andijon tuman hokimining ajabtovur faoliyati haqida saytimizda bir emas, bir nechta maqolalar chiqdi. Hadeb bitta amaldorga «yopishib olish» jamoatchilikda turfa fikrlar uyg‘otishi mumkin. Xuddiki, hokim arpamizni xom o‘rgan-u o‘chakishib uni takror-takror oq kaltak-qora kaltak qilayotgandekmiz go‘yo... Aslida bunday emas. Gap shundaki, maqolalarda bayon etilgan muammolar rasman inkor etilgani yo‘q, shu barobarida... yechimini topmayaptiyam-da. Nima, «bor-ye!» deb qo‘l siltab ketaverish kerakmi?! Hecham-da! Hokim tanqidlarga qo‘l siltab kelayotganda matbuot nega chekinishi kerak?!

Keyingi maqolada hokim «Sherzodbek oltin dalasi», «Abduqahhor vorislari» hamda «Jo‘rabek» kabi ilg‘or fermer xo‘jaliklarining yer maydonlarini qonunga zid ravishda olib qo‘ygani-yu uning bu haqdagi qarorini bekor qilish uchun femerlar bir yil (!) sudma-sud yurgani bayon qilingandi.

Hokimning o‘sha qarori (23-yanvar, 2019-yil) Oliy sudda (23-dekabr, 2019-yil) haqiqiy emas deb topilgach ham muammo yechim topmadi. Ya’nikim, janob Isomiddinov Oliy sud ajrimiga asosan o‘z qarorini bekor qilgan (17 fevral, 2020 yil) bo‘lsa-da, «sud hujjatida yerni qaytarib berish ko‘zda tutilmagan» degan o‘rinsiz vaj bilan bilganidan qolayotgani yo‘q.

Mana, bahorning ikki oyi ham o‘tib bo‘ldi. Bu fermer-dehqonlar uchun yana bir yil havoga uchdi degan gap. Yanayam ochiqroq aytsak, uch fermer va uning qo‘lida ishlaydigan bir necha o‘nlab ishchilarning qora qozoni suvga tushdi degani hamdir. Bu yoqda koronovrus degan balo iqtisodga ayamay zarba berib turibdi. Bunday og‘ir sharoitda oqil hudud rahbari aholining og‘irini yengil qilish uchun bor imkoniyatini soladi. Andijon tuman hokimi esa qonunsiz xatti-harakatlari bilan necha oila ahvolini battar tang qilayotgani ko‘rinib-bilinib turibdi. Nahot bunga mutasaddilar tomoshabin bo‘lib turaveradi, degan xayolda edikki, kuni kecha qo‘limizga Andijon tuman adliya bo‘limi boshlig‘ining viloyat ma’muriy sudi raisiga yozgan xati kelib tushdi.

Unda tuman adliya bo‘limi boshlig‘i hokimning sud qarori ijrosini paysalga solish bilan «vaqt o‘ldirib» kelayotgani yana bir bor namoyon bo‘ladi.

Marhamat, o‘qing, xulosa qiling.

Xatga javoban ma’muriy sud hokimga nisbatan qanday chora ko‘rgani hali ma’lum emas. Shundog‘am ma’muriy sud ish yurituvida fermerlarning tuman hokimining xatti-harakatlariga nisbatan arizasi mavjud edi. Mazkur ariza sud tomonidan ko‘rib chiqilishi cho‘zilayotganiga oxirgi maqolada ishora qilib o‘tilgandi.

Demak, ma’muriy sudda hokimga nisbatan kiritilgan arizalar soni yana bittaga ko‘paygan.

Har ikki ariza natijasi xususida viloyat ma’muriy sudidan javob kutamiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring