Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Adliya vazirligining sayti yangi ko‘rinishda ishga tushdi

Adliya vazirligining sayti yangi ko‘rinishda ishga tushdi

Foto: Vazirlik axborot xizmati

«Adliya vazirligi tubdan yangilangan rasmiy saytini ishga tushirdi»,  — deb xabar beradi vazirlik axborot xizmati.

Yangilangan sayt o‘zbek va rus tillarida bo‘lib, undagi ma’lumot va materiallar hajmi ilgarigi saytga nisbatan o‘n baravar ortdi va dizayn jihatidan ham mutlaqo yangi ko‘rinish oldi.

Saytning tuzilmasi ham keskin kengayib, 4 ta yangi bo‘lim va o‘nlab sahifalar bilan to‘ldirildi.

Yangilangan sayt davlat organlarining saytiga qo‘yiladigan asosiy talablarni hisobga olgan holda ishlab chiqilib, quyidagi muhim jihatlarni qamrab oldi:

  1. Interaktiv davlat xizmatlari bilan bog‘liq ma’lumotlar, jumladan respublikadagi barcha davlat notarial idoralari, FHDYo organlari, davlat xizmatlari markazlari, advokatlik tuzilmalari, advokatlar va nodavlat notijorat tashkilotlari ro‘yxati, manzili va boshqa zarur ma’lumotlar saytga to‘liq joylashtirildi hamda ushbu ma’lumotlarni tez va oson izlab topish imkoniyati yaratib berildi.
  2. Ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarining shaffof va qonuniy bo‘lishini ta’minlash maqsadida saytda ba’zi metodik vositalar o‘rnatildi. Masalan, endi saytdagi «Notarius kalkulyatori» orqali fuqarolar notarius xizmatlari uchun qancha pul to‘lashi kerakligini oson hisoblab olish imkoniga ega bo‘ldi.
  3. Notarial idoralar, FHDYo organlari va davlat xizmatlari markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar turlari va ushbu xizmatlar uchun to‘lanadigan pul miqdori haqidagi ma’lumotlar infografikalar asosida joylashtirildi.
  4. Saytga «Korrupsiyaga qarshi kurashish» bo‘limi kiritilib, unda adliya organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyati va rivojlanish tendensiyalari yoritib boriladi, shuningdek fuqarolar adliya organlari tizimida bo‘layotgan qonun buzilishlari va korrupsiyaga doir xabarlarni ushbu bo‘limda qoldirish imkoniga ega bo‘ldi.
  5. Fuqarolar saytda yangi qabul qilingan qonun hujjatlari haqida qisqa ma’lumotlar, huquqiy tushuntirishlar olishi mumkin. Muayyan qonun hujjati bilan batafsil tanishmoqchi bo‘lgan foydalanuvchilar uchun Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi — «Lex.uz»ga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tish bo‘yicha havola keltirildi.
  6. Sayt orqali vazirlikning ijtimoiy tarmoqlardagi «Adliya bilan muloqot» sahifasi, «Huquqiy axborot» kanali va internetdagi boshqa manzillariga havolalar keltirildi.

Bundan tashqari, yangi sayt maxsus imkoniyatlarga ham ega bo‘lib,
unda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qo‘shimcha qulaylik taqdim etuvchi funksiyalar va saytning mobil versiyasi o‘rin olgan.

Saytning «Mediateka» bo‘limida foto va videomateriallar (informatsion teledasturlar, ijtimoiy roliklar va hokazo) berib boriladi.

Hozir saytning ingliz, fransuz, xitoy va boshqa tillardagi versiyasi, shuningdek bolalarga mo‘ljallangan «Bolalar uchun» sahifasi ham ishlab chiqilmoqda.

Saytdagi ma’lumotlar matn, infografika va foydalanuvchilar uchun qulay boshqa uslublarda beriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring