Alixonto‘ra Sog‘uniy qay tarzda o‘g‘irlab ketilgan edi?

Ajdodlarimiz orasida kechmishi sirli shaxslar juda ko‘p. Shulardan biri — Alixonto‘ra Sog‘uniy. Uning boshiga tushgan hodisalardan hamma ham voqif emas. Shulardan biri katta bir davlatning yetakchisi bo‘lgan vaqtda uning Sovet ittifoqi tomonidan o‘g‘irlab ketilishidir. «Tafsilot.uz» saytida e’lon qilingan ushbu maqolada ana shu voqea tafsilotlari Sog‘uniyning nevarasi tilidan hikoya qilinadi.
Alixonto‘ra Sog‘uniy (1885—1976-yillar) XX asr Turkiston va Sharqiy Turkiston xalqlari hayotida chuqur iz qoldirgan davlat arbobi, yirik alloma, adib, shoir va ulamolardan biridir. U o‘z hayotini boshdan-oyoq Turkistonning ozodligi va mustaqilligi uchun bag‘ishladi. Uning barcha asarlari ham bevosita yoxud bilvosita to‘la ozodlik ishiga xizmat qiladi. Mustaqillikni orzulab yozilgan uning mag‘izdor va dono asarlari nihoyat ozodlik kunlariga yetib ro‘yobga chiqayapti. Ushbu maqola o‘quvchilarimizga ulkan alloma haqida biroz bo‘lsa-da, tasavvur beradi, deb umid qilamiz.
Hayotda shunday insonlar bo‘lar ekanki, ular tirikliklarida yoqib ketgan ma’rifat mash’allari zamonlar o‘tishi bilan tobora yorqinroq alangalanadi. Darhaqiqat, Muhammad alayhissalom so‘zlari bilan qayd etilgandek, «insonlarning yaxshilari — farishtalardan ham a’lo». Ba’zi buyuk insonlar xalq orasida hokisorlik bilan kamtarona yashab o‘tib ketadilar. Ammo keyinchalik esa ularning naqadar aziz va qaytarilmas ekanliklari, o‘z xalqi va vatani uchun nechog‘liq qayg‘urgani, pok e’tiqod va millat uchun hatto o‘limga ham tik boqib, hayotini necha yuz bora xavf-xatarga solganliklari his etila boshlanadi. Ular yaratib ketgan ma’naviy boylik o‘z xalqiga to abad meros bo‘lib qoladi, necha-necha avlod bundan bahramand bo‘ladi.
Ana shunday buyuk insonlardan biri Alixonto‘ra Shokirxonto‘ra o‘g‘li Sog‘uniydir.
Alixonto‘ra 1885-yili 21-martda sobiq Turkiston o‘lkasining To‘qmoq shahrida o‘zbek oilasida dunyoga keldi. Adabiy taxallusi ona shahrining qadimiy nomi Bolasog‘un bilan bog‘liq (hozir Qirg‘iziston jumhuriyati hududida).

Bobom bolaliklaridanoq ziyrakligi, uquvchanligi, har narsani o‘z mohiyati bilan tushunib, fikrlay olishi va ayniqsa, oliy darajadagi quvvai hofizasi bilan o‘z aka-ukalaridan ajralib turgan. Shu o‘rinda bir narsani ta’kidlashim joiz. Kamina ana shu buyuk inson tarbiyasidan bahramand bo‘lgan nabiralardan erurman. Bobom haqida yozish men uchun nafadar sharafli bo‘lishi bilan bir qatorda, o‘ta mas’uliyatli hamdirki, sababi, beradigan ma’lumotlari iloji boricha xolis bo‘lmog‘i lozim.
Katta bobomiz Shokirxonto‘ra o‘qimishli, oqil, ma’rifatparvar kishi bo‘lgan ekan, shu sababdan ikkinchi o‘g‘lidagi qobiliyatni sezgach, bobomni Arabistonga o‘qishga yuborgan. Madinada o‘qib qaytgach, o‘sha davr ilm-faniga chanqoq, ijtimoiy voqelikni tushunib yetgan fazl-karamli yigit qalbida ona-Vatani mazlum Turkistonga, arosatda yashab kelayotgan jafokash xalqiga xizmat qilish hissi tug‘yon urgan.
Shu vaqtdan boshlab Alixonto‘ra hokim ma’muriyat maxfiy politsiyasi ta’qibida bo‘ladi. Negaki, 1914-yili chor hukumatining mardikorlikka olish siyosatiga ommaviy qarshi chiqishlarda hamda qirg‘iz xalqining 1916-yilgi qo‘zg‘olonida faol ishtirok etgan.

Alixonto‘raning yoshlikdan asl maqsadi chinakam ilm sohibi bo‘lish ekan:
«Al ilmu fis sig‘ari
kan naqshi alal xajari»,
ya’ni «Yoshlikda egallangan bilim — toshga o‘yilgan naqsh» shiori bobomning jamiki yoshlarga qilgan da’vat-chaqirig‘i edi. u kishi hadis, tafsir, e’tiqod, ixlos, taqvo va fiqh ilmlarining allomasi bo‘lish bilan bir qatorda matematika, astronomiya, tabiatshunoslik, tibbiyot, dorishunoslik va harbiy ish sohalarini ham mukammal o‘rgandi. Bobom musiqa nazariyasi bo‘yicha ham mutaxassis edi. O‘rta asrning ulug‘ olimi Darvesh Ali Changiyning «Musiqa risolasini» o‘zbekchaga forsiydan tarjima qilgan.
Bir voqea esimda: yoshligimizda kichik o‘g‘illari, amakim Qutlug‘xon bilan G‘arbning zamonaviy musiqalaridan eshitib, hordiq chiqarar edik. Bir payt hovlidan bobomning tovushi keldi, qarasam, deraza tagida turibdi. «Hozirgina tugagan kuyni qaytadan qo‘y-chi» dedi. Saksofon, fleyta va solo gitarada ijro eetilgan ajib kuy barchamizni sehrlagan edi. Keyinroq bilsam, musiqa notalarini juda yaxshi tushunar ekan. «Insonlar va hayvonlarning tovushini (fonetikasini) qog‘ozga to‘g‘ri tushira bilish, bu bir olam, katta bir ilm hisoblanadi», degandi u kishi.
«Xabar.uz» ma’lumoti:
Alixonto‘ra Sog‘uniy Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasida, Madinai munavvaradagi dorulfununlardan birida tahsil olgan. U qiroat, tafsir, hadis, fiqh, nahv, balog‘at, mantiq, tabobat, tarix, siyrat, jo‘g‘rofiya, nazmu nasr va boshqa fanlar bo‘yicha ham yetuk mutaxassis bo‘lib yetishgan.
Kitoblari:
«Tarixi Muhammadiy» (1959 yili yozib tugatilgan);
«Turkiston qayg‘usi» (1966-1973 yillar orasida Toshkentda yozilgan);
«Devoni Sog‘uniy» (she’riy to‘plam);
«Shifo ul-ilal» («Xastaliklar davosi») va boshqalar.
Tarjimalari:
«Navodir ul-va»;
«Musiqa risolasi» (Darvesh Ali Changiy);
«Buxoro va Movarounnahr tarixi» (Herman Vamberi);
«Temur Tuzuklari» (forsiydan tarjma) va boshqalar.

Foto: «Justpaste.it»
Yoppa qirg‘inbarot va zo‘rlik avj olib, bolshevik hukumati hur fikrli ziyoli kishilarimizni vahshiylarcha qirib, qamay boshlagan kezda bobom oilasi bilan Xitoyga o‘tib ketgan. Vaholanki, 1937 yilining sovuq shamoli u yoqlarga ham yetib borgandi. Bilimdonligi, halolligi, jasurligi hamda qudrati bilan xalqni o‘z orqasidan ergashtira olganligi Stalin ta’sirida bo‘lgan Sharqiy Turkistondagi xitoy ma’muriyatini dovdirati qo‘ygan va ular Alixonto‘rani qamoqqa olganlar. To‘rt yildan ko‘proq qamoqdalik paytidayoq ozodlik harakati bilan bog‘lanib turgan. Nihoyat, turmadan bo‘shatilgach, o‘z mafkuraviy yo‘lidan biror qadam ham chekinmagan otashin farzandini xalq chin qahramon sifatida kutib oladi.
Bobom boshchiligida 1944-yil 7–10-noyabrda G‘ulja qurolli qo‘zg‘aloni g‘alaba qozonadi. O‘zbekistonga nisbatan bir necha barobar katta keladigan hududda uyg‘ur, qozoq, o‘zbek, qirg‘iz, tatar va do‘ngan xalqlarini mustahkam ishonch va diniy birodarlik asosida birlashtirgan Sharqiy Turkiston jumhuriyati barpo etiladi. Chankayshi va gomindanchilarning 100 ming kishilik armiyasi ketma-ket bo‘lgan shiddatli janglarda tor-mor etiladi.
Xalq va armiya oldidagi xizmatlari uchun Alixonto‘ra bobomga marshal unvoni beriladi.

Foto: «Wikipedia.org»
Sovet Ittifoqining shunday biqinida vujudga kelgan, ko‘pgina mamlakatlar tan olishi muqarrar bo‘lib qolgan Sharqiy Turkiston atalmish musulmon davlati qonxo‘r Stalinni dahshatga solgan edi. Shu sababdan Stalinning fosiqlarcha tuzgan rejasi va bolshevistik ruhda amalga oshirilgan siyosiy nayrang oqibatida Alixonto‘ra 1946-yil 28-iyunda G‘ulja shahridan o‘g‘rincha Toshkentga keltiriladi. Xalqning: «Jumhur rais qayerda?» degan savollariga sovet elchixonasi yolg‘on javoblar beradi.
O‘shanda o‘n minglab jonfido vatanparvarlaru necha million ozod Sharqiy Turkiston xalqi mung‘ayib qolavergan. Bobom oilasi bilan dastlab Markazqo‘m bog‘ida yashagan. Marshalga ko‘z-quloq bo‘lib turish «xalqlar otasi» tomonidan shaxsan Usmon Yusupovga topshirilgan ekan.
Shunday qilib, faol siyosatdan voz kechishga majbur etilgan, qalbi qayg‘u-hasratu, dardu alamga to‘lgan, ammo o‘z e’tiqodi, o‘z mafkurasidan zarracha voz kechmagan jafokash inson ilmu fan tadqiqotlariga sho‘ng‘ib ketadi.
Alloh taolodin berilgan aql-zakovatini, g‘ayrat-shijoatu iqtidorini butunlay ijodga baxshida qiladi.

Pirovard-natijada avlodlar uchun katta ma’naviy boylik bo‘lib qolgan bebaho asarlar yaratiladi, fors va arab tillaridagi bir qator nodir asarlar o‘zbek tiliga tarjima qilinadi.
Bobomning siyosiy va ijtimoiy faoliyatlari haqida endilikda matbuotda keng va atroflicha ma’lumotlar berilayotir. ShU sababli biz bu o‘rinda ko‘proq u kishining ijodlariga to‘xtalamiz.
Alixonto‘ra ilmiy-adabiy faoliyatining ko‘p yillik mashaqqatli mehnati mahsuli bo‘lmish — «Tarixi Muhammadiy» asari hisoblanadi. Mazkur asarning yozilishi kelajak avlod ichki dunyosi qashshoqlanishining oldini olish, azaliy qadriyatlar qimmatini payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam tarixlari bilan tanishtirish orqali saqlab qolish yo‘lida qilingan buyuk jihoddir.
«Tarixi Muhammadiy»ning birinchi yarmini, alhamdulilloh, kitob holida bosmadan chiqarganimizga talay vaqt bo‘lib qoldi. Shu kunlarda asarning ikkinchi qismi ham bosmaxonada terilmoqda (maqola 1992-yil 22-yanvarda chop etilgan).
Shu o‘rinda «Tarixi Muhammadiy»ning yana bir zahmatkashi haqida gapirib o‘tmay iloj yo‘qdir. Yoshligidanoq eng oliy maqsadi — otamizga xizmat qilish bo‘lgan padari buzrukvorimiz Muhammadyorxon bobomning suyukli farzandi edi. O‘zi shifokor edi-yu, ammo tunu kun bobomning yozuvlarini oqqa ko‘chirish bilan ovora bo‘lardi. Otamning 46 yoshida bevaqt vafot etishi bobomning shamshoddek qomatini bukib qo‘ydi.
Eng avvalo, bobom tub ma’nosi bilan aytganda, olim edi. Hozirgi zamon tushunchasi bo‘yicha esa biror moddaning xususiyatini o‘rgangan yoki biror so‘zning kelib chiqishini aniqlagan tor ixtisosdagi fan nomzodi ham olim hisoblanadi.
Holbuki, haqiqiy olim deb deyarli har sohadan xabardor, bilimdon, kashfiyotlar qilgan, bilgan ilmini har qanday odamga tushuntira biladigan va ayniqsa boshqalarni haqligiga ishontira oladiganlar tushunilgan.
Biz o‘tib ketganlarni nechun yodlaymiz, nechun o‘tmishdoshlarimizning qilgan ishlarini «taftish» qilamiz va umuman, tarix nima, u nima uchun kerak? Tarix o‘tmishni hozir bilan, zamondoshlarimizni ajdodlar bilan qiyoslash uchun kerak.
Foniyda yashab o‘tganlarni biz nima uchun eslaymiz. Aksari hollarda xalq uchun faqat ezgu ishlar qilganlar eslanadi. To‘g‘ri, gerostratlar ham eslanadi, ammo ular barmoq bilan sanarli.
Alixonto‘ra o‘zining butun sermazmun hayotini ana shu ezgu ishlarga baxshida qilgan ilm egasi edi.
Bobom faqatgina ajoyib she’ru dostonlar yozibgina qolmay, balki ko‘p millionli Sharqiy Turkistonni mazlumlikdan ozod qilish harakatiga sardor ham edi. U harakat g‘alaba bilan yakunlangach, qonxo‘rlar iskanjasiga tushib, Stalinning o‘limigacha uy qamog‘ida (nazarbandi) bo‘ldi, lekin mafkuralariga sodiq qoldi. Marksizmni o‘ziga tumor qilib olib aldangan ko‘plab ziyolilar kabi og‘ishmadi.

Alixonto‘ra jasoratli fikr egasi — birinchi bo‘lib Amir Temur haqidagi haqiqatni qo‘rqmay ochiq aytgan. Uning qonxo‘r emas, insonparvar, odil bo‘lganini va johil emas, aksincha, oqil va fozil jahongir bo‘lganini dalillar bilan isbotladi.
«Rasti-rosti» degan ekan Amir Temur. 1967-yili bobomning forsiydan qilgan tarjimalarida «Guliston» jurnalida chiqa boshlagan «Temur tuzuklari»ning kuch-qudrati shunchalik bo‘lgan ediki, adolatdan qo‘rqqan o‘sha davrning ba’zi «juda katta» rahbarlari asarni oxirigacha bostirmay to‘xtatib qo‘yishgan edilar.
«Har bir davlat rahbari, podshosi agar «Temur tuzuklari»dan mukammal xabardor bo‘lsa va unga amal qilsa, u eng odil, eng qudratli va yengilmas davlat podshosi bo‘lishi muqarrar», degandi bobom.
Darhaqiqat, Amir Temur 40 yildan ko‘proq vaqt beqiyos katta saltanat hukmdori bo‘lgan va biror marotaba ham janglarda mag‘lubiyatga uchramagan.
Bobom tarjima qilgan yana bir asar Ahmad Donishning «Navodir ul-vaqoye»si bo‘lib, hozir to‘la qayta nashrga tayyorlanmoqda (maqola 1992-yil 22-yanvarda chop etilgan).
Mojor sharqshunosi Herman Yulius Vamberining qimmatli asari bo‘lmish «Movarounnahr yoki Buxoro tarixi» asarini esa usmonli turk tilidan o‘zbekchalashtirgan.
Alixonto‘ra kuchli tabib ham edikim, sharq tabobatini asrab qolish yo‘lida qilgan xayrli ishlari, sa’y-harakatlari sermahsuldir. Bu borada qator meditsina professorlariga ham ustozlik qilgan hakimning nuqtai nazari — «Kasal bitta, davosi yuzta» va «Butun tog‘u tosh, yeru ko‘k — dorixona (apteka)» qabilida edi.
Tartiboti taom, parhez, taom yeyish me’yori va mechkaylikning zarari haqida ko‘p so‘zlardi. «Shifo ul-ilal», ya’ni «Kasalliklar davosi» deb atalgan nodir tibbiy asarini ham vatandoshlarga yetkazish niyatimiz bor. Unda 200 ga yaqin kasalliklarni muolaja qilishning tajribadan o‘tgan usullari tushunarli tilda mufassal yoritilgan. Sariq kasalining yigirma uch turi mavjud bo‘lib, shundan 22 tasiga shifo bor, ko‘p hollarda esa qolgan bittasiga ham shifo bor ekan.
Uzoq vaqt sovet meditsinasida seksopatologiya fani tan olinmagan. Ojizligini bo‘yniga olib, dardu alami ichida bo‘lganlarning juda ko‘pchiligiga hayotiy quvonch bergandi o‘shanda. 10-15 yillab farzand ko‘rmagan bir qancha erkagu ayollar Allohning madadi bilan otalik va onalik baxtiga erishishga sabab bo‘lganliklarining guvohimiz.
Yana bir voqea xotiramda yaxshi muhrlanib qolgan. Bobomning oldiga 13-14 yoshlardagi bir qizni olib kelishdi. U bechora qizning bo‘ynida o‘zining kallasidek katta shish bor edi. Otasi kolxoz raisi ekan, Ittifoq bo‘yicha bormagan yeri, ko‘rsatmagan mutaxassis qolmabdi. Qizining kasali — tomoq raki, u tuzalmaydi deyishibdi. Bobom u qizni 15 kunda tuzatgan, bo‘ynida shishdan asar ham qolmagandi.O‘shanda bemorning otasi quvonchdan ho‘ngrab yig‘lagandi.
Boshqa misol: mening dzyudo bo‘yicha ittifoq chempioni bir do‘stim bo‘lardi. 25 yoshida yuragi sanchib o‘ynab, o‘z-o‘zidan so‘la boshladi. Ikki haftada ozib, cho‘p bo‘lib qoldi. Bobom uni ham o‘n kun ichida yana qaytadan polvon qilib qo‘ydi.
Bobom duo sehri — qudrati bilan ham inson ruhiyatini mo‘’tadillashtirib qo‘yardi. «Ilmu hunar o‘rganinglar, zamonaviy fanlardan xabardor bo‘linglar», derdi u kishi.
«Nima uchun keyingi asrlarda Turkiston xalqi bunday johiliyat botqog‘iga botdi? Buning bosh sababi dinni asosi bilan tushunmagan ilm-madaniyat dushmanlari hokimiyat tepasida bo‘ldilar. O‘zlarini din homiylari deb e’lon qilib, xalqni ma’rifat nuridan mahrum, zamonaviy ilm-fandan butunlay yiroq tutdilar. Chet davlatlar bilan aloqa bog‘lamadilar, o‘qish-o‘qitish ishlariga hech qanday ahamiyat bermadilar. Shuning uchun Turkiston xalqining ichida uyg‘onish, fikr ochilish va bor sharoitdan foydalanish imkoniyatlari bo‘lmadi. Davlatning inqirozi, millatimizning ongsizligiga shu johillar sababchidur.
Bu balodan qutulishning birdan-bir chorasi esa Turkiston farzandlari zamonaviy ilm-fan bilan to‘liq qurollanib, buning ustiga milliy hislardan ajramay o‘z ona tillarini jon o‘rnida asrashlari lozimdir. Bu o‘rinda «milliy his» dedik, «diniy his» demadik? Buning sababi esa dahriylar hukumati qurilganidan boshlab butun diniy maktab va madrasalar yo‘qotilib, keyingi ta’lim-tarbiya ishlari dinsizlik asosiga qaralmish edi. Shundan buyongi maktab bolalariimiz diniy tarbiya ko‘rmaganliklaridan musulmonchilik yo‘llarini yaxshi taniyolmay qoldilar. Shunga ko‘ra Vatan bolalariga diniy tarbiyat to‘silgan bo‘lsa ham endi o‘z milliyatlarini saqlash til tarbiyalaridan sira ajramasliklari kerakdir. Chunki har qanday millat o‘z dinidan ajragani ustiga o‘z tilidan ham quruq qolar ekan, uning milliyati yutilib, hayoti munariz (inqirozli) bo‘ldi demakdir. Milliy hisini yo‘qotib, o‘z millatidan ajrash Qur’on hukmi bo‘yicha haromdir. Qur’onning «Qul havl yastavallaziyna ya’lumu vallazina lo ya’lamum», ya’ni «Bilganlar bilan bilmaganlar har to‘g‘rida teng kela olmaydilar», — degan hikmatli so‘zini albatta amalga oshirish kerak edi».
Nasl-nasabsizlar va ustoz ko‘rmaganlar to‘laqonli inson bo‘lolmaydilar, degan odmi falsafa bor.
Bobom tom ma’nosi bilan juda ko‘p ajoyib odamlarga ustoz edi.
Masalan, qozoq akademigi Oqjon Mashavov «faylasufi turkiy» hisoblangan Abu Nasr Forobiy shaxsi va ijodiy faoliyatini keng o‘rgangan olim hisoblanadi. Yubileyi munosabati bilan u kishi Forobiyning asarlarini rus va qozoq tillariga tarjima qilishda ko‘p ma’lumotlarni va eng avvalo oq fotihani bobomdan olgan edi.
Mashhur geolog — akademik olimimiz marhum Habib Abdullayev bobom bilan har safargi suhbatdan katta ilhom olar ekanlar.
Yana bir yirik geolog olim, marhum akademik G‘ani Mavlonov hadeganda bobomning oldilariga kelardilar. G‘ani aka alpqomat kishi edi. Ostonada eng katta oyoq kiyim yechilgan bo‘lsa, demak, ichkarida o‘zlariga xos vazminlik va kamsuqumlik bilan G‘ani Mavlonov o‘tirgan bo‘lardi. Bobom biz farzandlar uchun ayni vaqtda ustoz ham edi. U kishini go‘dakligimdan «Oltin bobo» derdim. Shundan beri jamiki nevara-chevara-evaralari hozir ham «Bizlar Oltin bobo avlodimiz», deyishadi. Tilim chiqar-chiqmas «Alhamdu»ni menga Oltin bobom o‘rgatgan.
Bobom oliyhimmatlik va olijanoblik timsoli ham edi. bunga behisob misollar keltirishim mumkin. Hukumat bog‘ida bir necha yil yashaganlaridan so‘ng bobomga Sebzor dahasidan hashamatli qurilgan katta bir hovlini berishgan. Shunda u katta hovlining kichik bir qismini olib qolib, qolganini bolalar bog‘chasiga bo‘shatib bergan.
Alixonto‘rani o‘g‘irlab kelib, tantana qilgan «saxovatpesha» sovet davlati unga umrlari oxirigacha 50 so‘m pensiya tayin qilganda, bobom undan ham betob musulmon bolalari foydasiga voz kechib, biror tiyinini ham olmagan.
«Bolalagimdan bir odatim bor, agarda ikkita choponim bo‘lsa, uning yangisini birovga bergim kelaveradi», — derdi bobom.
Ko‘pchilik u kishining valiy darajasiga yetishganining guvohi bo‘lishgan.
Xotiramda bir voqea yaxshi o‘rnashib qolgan. G‘aribroq bir kishi to‘y qilmoqchi edim, deb ikki ming so‘m pul so‘rab keldi. Men o‘shanda u kishining yonida qaysidir bir dorini tayyorlashda yordamlashar edim. «Ma’qul, — dedi bobom, — biroz shoshmang, manovi dori tayyor bo‘lsin, bolalaringiz bilan ichib yurasiz, yurak va oshqozonga quvvat bo‘ladi». Shu paytda tujjor ixlosmand shogirdlaridan biri bobom ziyoratlariga keldi. Uzoq safarda bo‘lgani va ishlari rivojda ekanini bildirib, hol-ahvol so‘rashib, bir piyola choy ichib bo‘lgach, shu nasibani sizga atagandim, taqsir, deb qog‘ozga o‘ralgan pul berdi va xayrlashib ortiga qaytdi. U ketgach, bobom menga shu pulni sanatdilar. Pul roppa-rosa 2000 so‘m ekan. «Mana pulingiz, xudo sizning nasibangizni ham yetkazdi, bu pul qarz emas, sizga hadya», — dedi.
O‘tirganlar hangu-mang bo‘lib qolishdi. Boyagi odam esa yig‘lay-yig‘lay, duo qila-qila xayrlashdi.
Yana bir xotira. Vodiy safarlaridan birida eshonzoda to‘yida bo‘ldim. Men odatim bo‘yicha qariyalar davrasiga kirdim. U yerda o‘tirganlardan biri, meni tanibmi-tanimaymi, bobom to‘g‘risida bir hikoya qilib berdi.
60-yillarning oxirlarida bobom Marg‘ilonga kelmish ekan. U kishini uyiga mehmonga chaqira olgan kishi o‘zini baxtiyor hisoblarkan, 5-6 kishi bo‘lishib, navbatdagi mo‘minning uyiga ketishayotganda Alixonto‘ra o‘tib ketayotgan ekan, deb qaysi bir xonadon vakillari yo‘l kesib chiqishibdi. «Biznikiga bir nafas bo‘lsa ham kirib keting, poyqadamingiz bilan xonadonimizni xushnud eting», deb qo‘yishmabdi. Bobom rozi bo‘lib kiribdi. U yerda ham olim, ulamolar o‘tirishgan ekan. To‘rda esa o‘sha vaqtdagi musulmonlar muftisi Ziyoviddin qori hazrat o‘tirgan ekan. Uyga kirgach, to‘rga chiqarishibdi. Bobom qanday davrada bo‘lmasin, albatta, ilmu ma’rifatdan, e’tiqod aqidalaridan so‘zlardi. Bekorchi, oldi-qochdi suhbatlarni, ortiqcha askiyani xush ko‘rmasdi. «Ma’qul, besh-o‘n daqiqa bo‘lsa ham men Qur’ondan so‘zlayman, — debdi mufti hazratga. Keyin qori Qur’onni ochib, biror oyatni o‘qing-chi!», — debdi. Qori aka Qur’onni ochib, chiqqan oyatni yoddan o‘qibdi. Bobom biroz sukutga ketgach, ohista so‘z boshlabdi, 5-10 daqiqagina so‘zlayman degan odam Qur’oni Karimning sehr-qudrati bilan bir oyatni bir yarim soatcha tafsir qilibdi.
Davradagi Abdulboriy hoji, Abdurahmon hoji, Salohiddin qori va boshqalar bilan shundan keyin quchoqlashib, boshqatdan ko‘rishdik.
Yana bir voqeani eslamay iloj yo‘q.
Ertayu kech huzurlarida ziyoratga keluvchilar ko‘p bo‘lardi. Kamdan-kam hollarda hech kim bo‘lmasdi. Butun islom bunyosidan kelishardi.
Bir kuni Kobul va Tehron universitetining professori bo‘lmish (afsus, ismi yodimda qolmabdi) bir ziyoli, o‘rta yosh odam keldi, boshida eroni do‘ppisi, yonida 2-3 ta hamrohi ham bor edi. Bobomdan ruxsat so‘radim: «Boshlab kiring», dedi. Mehmonlarni ichkariga boshlab kirgach, oradan 5-10 daqiqa o‘tgach, odat bo‘yicha patnusda ho‘l meva, shirinliklar, nonchoy olib kirsam, boyagi professor ikkala qo‘li bilan dastro‘molini tutganicha ho‘ng-ho‘ng yig‘lab o‘ltiribdi.
Men ajablangan bo‘lsa-da, bobomdag xotirjam bo‘l degan belgini olib, patnusni dasturxon ustiga qo‘ydimu asta chiqib ketdim.
Mehmonlar ketishgach, albatta, qiziqib so‘radim. Bobom go‘yoki hech narsa bilmaganday har qanday kishini sehrlab rom etuvchi nuroniy tabassumi bilan boshlarini xiyol ko‘tardi va men voqeadan xabardor bo‘ldim.
Professor ichkariga kirgach, salom-alikdan so‘ng: «Taqsir, men arabchani ham yaxshi bilaman, xohlasangiz, shu tilda so‘zlashaylik, deb arab tilida murojaat qilibdi. Bobom ham avval arab tilida: «Sen qaysi yurtdansan?» — debdi. «Kandahordanman», — javob qilibdi u. Bobom pushtu qilida: «Kandahorning falon-falon qabilalari bor, sen qaysi biridansan?» debdi. «Falonchi qabiladanman», — degan javob bo‘libdi. Bobom o‘sha qabilaning lahjasida so‘rabdi: «Sening qabilangning beshta falon-falon degan urug‘lari bor, sen qaysi birining o‘g‘lonisan?» Lol qolib ko‘zlari kosasidan chiqayozgan professor: «Men falonchi urug‘danman», deb javob qilibdi. Bobom o‘sha juda kam sonli urug‘ining talaffuzi o‘ta murakkab shevasida: «Xush kelibsan, aziz mehmon, salomat keldingmi, urug‘ing omonmi, avlod-nasllaring omonmi, sening urug‘ingdan falonchi degan olim chiqmish edi, uning holi qalay, qayerda yashayapti?» — deganida mehmon hayajondan o‘zini tuta olmay yig‘lab yuborgan ekan.
Yig‘i aralash: «Mening o‘z ona tilimni o‘zga yurtda mendan yaxshi biladigan inson bor ekan, men uning oldida bosh egib tiz cho‘kaman», debdi.
Bobomning yaxshi niyat bilan aytgan gaplari ko‘p. Shular orasida yana bittasini eslab o‘tishni lozim topdim. U kishi karomat bilan bunday deganlar: «Bu O‘zbekiston eli, ayniqsa, Toshkent ahli qut-barakotning kindigida yashaydi. Bu yerga aziz-avliyolarning duosi ketgan, bunda hech qachon ocharchilik, qahatchilik bo‘lgan emas, hech qachon bo‘lmaydi ham, inshoolloh. Mana, Toshkent bozorlarini ko‘ring — misli ochil dasturxon, kechda bozor rastalari bo‘shab, dasturxon yopiladi, tong otishi bilan rastalar yana limmo-lim, noz-ne’mat dasturxoni yana ochiladi».
Ozod, hur zamongarga yetkazgan Allohga hamdu sanolar aytish barobarida yana shuni ta’kidlamoqchimanki, Alixonto‘ra Sog‘uniy kabi zotlar o‘zlari uchun emas, xalqi va e’tiqodi uchun yashaganlar, ular dunyodan o‘tganlaridan so‘ng ham millatimiz, dinimiy va e’tiqodimizga o‘z dahosi bilan xizmat qiladilar.
Bobomning yuqoridagi karomat so‘zlari sizu biz musulmonlarni ham qilgan duolari emasmi? Buning shukronasini yaratgan Allohga qilaylik. Alhamdulilloh.
Bahmanyor Shokirov
«Xabar.uz» ma’lumoti:
Mazkur maqola 1992-yilning 24-yanvarida «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» («O‘zAS») gaz 4 (3160)-sonida «Turkiston faxri» nomli sarlavha bilan chop etilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter