An’anaviy «Kitobxonlik haftaligi» boshlandi

Kitobxonlik – bu faqat ma’lumot, bilim olish emas, balki his etish, anglash va mulohaza yuritish madaniyatidir. Ana shu bilim va ma’rifat bayramini munosib nishonlash maqsadida joriy yilning 21–27 aprel kunlari Axborot va kommunikatsiyalar agentligi tashabbusi bilan «O‘zbekiston – kitobxonlar yurti» shiori ostida an’anaviy V Respublika «Kitobxonlik haftaligi» o‘tkazilmoqda.
Tadbirning ochilish marosimida AOKA direktori Asadjon Xodjayev mamlakatimizda kitobxonlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga to‘xtalib o‘tdi. Xususan, nashriyot va matbaa korxonalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish, faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ishlari izchil davom etmoqda. Ya’ni 60 dan ortiq viloyat, tuman va shahar axborot-kutubxona markazlarida kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan, 18 ta yangi axborot-kutubxona markazi qurilgan.
«Asaxiy.uz» internet do‘koni asoschisi va rahbari, tadbirkor Firuz Allayev kitob sohasidagi rivojlanish haqida quyidagicha fikr bildirdi:
«Har qanday sohaning rivoji uchun, avvalo, unga to‘siq bo‘lmaslik, ikkinchidan esa uni qo‘llab-quvvatlash kerak. Masalan, 2018 yildan buyon nashriyotlar faoliyati uchun litsenziya talab etilmaydi. Bu – oldinlari muammoli masala edi. Bizning nashriyotimiz tomonidan o‘tgan yili 5 million 500 mingdan ortiq kitob sotilgan va biz yurtimizda lider nashriyotlardan ekanligimizni faxr bilan ayta olaman. 7-8 yil oldin cho‘lning o‘rtasiga yoki tog‘ning tepasida internet orqali kitob buyurtma qilib, 48 soat ichida olish mumkin deb tasavvur qilish qiyin edi. Hozir esa bu amaliyot odatiy holga aylandi.
Kitobxonlikning o‘sishi uchun ikki muhim omil bor: birinchisi – so‘z erkinligi. Ya’ni jamiyatda erkin fikrlash muhiti bo‘lsa, odamlar serial ko‘rib vaqt o‘tkazmay, hayot haqida o‘ylay boshlaydi, savol beradi, podkast tinglaydi, hujjatli filmlar ko‘radi va kitob o‘qishga intiladi. Ikkinchisi – iqtisodiy farovonlik. Agar bilimli insonlar yaxshi daromad qilib, o‘z kasbini yuksaltirsa, aholida ham ta’limga bo‘lgan qiziqish ortib boradi. Ota-onalar bolalarini qo‘shimcha to‘garak va darslarga, xususiy maktablarga yetaklab borayapti, bu – mamlakatda ta’limga bo‘lgan umumiy talab oshganini ko‘rsatadi».
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva kitobxonlik va kutubxona faoliyati davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini ta’kidladi:
«Biz faoliyatimiz davomida bunga amalda guvoh bo‘lmoqdamiz. Kutubxona – bu faqat kitob emas, balki insonlar bilan bog‘liq maskan. Kutubxona, kitobxon va aholi uchligi, shuningdek, noshirlar bilan yaqin hamkorlikda ish olib boramiz. Ayni paytda mamlakatimizda har yili 11,6 ming nomdagi kitob nashr etilyapti, nashriyotlar soni esa 3,5 barobarga ortib, bugungi kunda 600 ga yaqinlashgan.
«Kitobxonlik haftaligi» doirasida mingdan ortiq ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi. Turli vazirlik va idoralar, olimlar, yozuvchilar, ma’naviyat arboblari kitobxonlar bilan uchrashadi. Bu tadbirlar, yurtboshimiz ta’kidlaganidek, millatning kitobga bo‘lgan muhabbati va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga katta hissa qo‘shadi.»
Haftalik doirasida Toshkentdagi «Dream Park» istirohat bog‘ida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlar markazlari va tumanlaridagi madaniyat va istirohat bog‘lari, axborot-kutubxona markazlarida «Noshirdan – kitobxonga» tamoyili asosida kitob yarmarkalari o‘tkaziladi.
B.Sultonova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter