Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Avtomobil olib qochgani aytilgan sudya yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berildi

Avtomobil olib qochgani aytilgan sudya yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berildi

Bir muddat oldin ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi sudyasining avtomobil olib qochgani haqida xabar tarqalgan edi.

Joriy yilning 21-aprelida Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati ushbu holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, Sudyalar odobi kodeksi talablaridan kelib chiqqan holda yuqoridagi holatda gumon qilinayotgan sudyaning xizmatdan tashqari vaqtdagi xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi taynlanganini bildirgan.

Xizmat tekshiruvi xulosasiga ko‘ra esa holat Toshkent shahar sudlari sudyalari malaka hay’atida muhokama qilinib, qabul qilingan qarorga ko‘ra, sudya yozma arizasi va Sudyalar odobi kodeksi talablari buzgani asoslari bilan lavozimidan ozod qilingan hamda sudyalik vakolati muddatidan ilgari tugatilgan.

O‘z navbatida, voqea sodir bo‘lgan kechada «qahramon» bilan yana ikki nafar hamkasbi bo‘lgani, ammo ular kechki ovqatdan so‘ng alohida ketishgani ma’lum bo‘ldi.

Rasmiy munosabatda aytilishicha, ayni jarayonda ushbu ish bo‘yicha boshqa sudyalarning xatti-harakatlari ham o‘rganilib, xizmat tekshiruvining ularga oid qismi ko‘rib chiqish uchun tegishli sud  sudyalari malaka hay’atiga taqdim etilgan.

«Hali yakuniga yetmagan mazkur holat bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda sizdirilayotgan turli mazmundagi xabarlarga javoban eslatiladiki, «Sudlar to‘g‘risida»gi va «O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida»gi qonunlarga ko‘ra, Kengash sudyalarga nisbatan to‘g‘ridan to‘g‘ri intizomiy chora qo‘llash vakolatiga ega emas.

Bunday masala tegishli malaka hay’atlari vakolatiga doir bo‘lib, Sudyalar oliy kengashi  tomonidan  ularning (malaka hay’atlarining) qarorlariga nisbatan berilgan shikoyatlar ko‘rib chiqiladi», – deyiladi Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati munosabatida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring