Bekobod tumanida bolalar uchun zamonaviy tibbiyot maskani ishga tushirildi

Sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish, tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish va sifatini oshirish borasidagi islohotlar joylarda ham izchil davom ettirilmoqda. Xususan, Bekobod tumanidagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika tarkibidagi bolalar bo‘limi faoliyatida amalga oshirilgan yangilanishlar buning yaqqol isbotidir.
Bolalar bo‘limi uchun barcha zamonaviy talablarga javob beradigan yangi bino qurilib, foydalanishga topshirildi. Ilgarigisi 1965 yilda barpo etilgan binoda joylashgan edi va bugungi tibbiy talab hamda standartlarga javob bermasdi.
Yangi binoda 11 ta tor ixtisoslikdagi shifokorlar faoliyat yuritadi. Ushbu bo‘lim orqali tumandagi 18 yoshgacha bo‘lgan 59 ming nafar bolaga sifatli, markazlashgan va zamonaviy tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi. Har bir xona zarur tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan, sanitar-gigiyenik talablarga to‘liq rioya qilingan.
Bolalar bo‘limi binosining tantanali ochilish marosimida Sog‘liqni saqlash vaziri, vazir o‘rinbosarlari, Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbarlari, mahalliy hokimiyat va jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Tadbir davomida yangi binoning imkoniyatlari, joriy etilgan texnologiyalar va ko‘rsatiladigan xizmatlar haqida to‘liq ma’lumotlar taqdim etildi.
Shuningdek, ochilish marosimi doirasida mahalliy aholi uchun sog‘lomlashtirish ko‘riklari ham o‘tkazildi. Bu kabi tadbirlar aholi o‘rtasida profilaktik madaniyatni yuksaltirish, erta tashxis va davolash tizimini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bekobod tumanida sog‘liqni saqlash infratuzilmasini takomillashtirish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan ushbu loyiha tumanda tibbiyotni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning yana bir amaliy ifodasidir. Endi bemor bolajonlar uzoq shaharlarga bormay, tumanda shifo topadilar.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bekobodda tuman darajasida amalga oshirilgan respublikadagi ilk murakkab amaliyot amalga oshirilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter