Usmon Rahimjonov: «Biznesda xo‘jako‘rsinchilik ketmaydi»
Usmon RAHIMJONOV haqida
- BMT Taraqqiyot dasturi va O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi hamkorligidagi «O‘zbekiston hududlarida ishbilarmonlik muhitini yaxshilash» loyihasi komponenti menejeri.
- BMT Taraqqiyot dasturining turli loyihalarida 2004-yildan beri rivojlanishning turli sohalari bo‘yicha milliy mutaxassis sifatida ishlab keladi.
- Namangan muhandislik-texnologiya institutini iqtisodiyot va menejment yo‘nalishida bitirgan.
- Reding universiteti (Buyuk Britaniya)ning magistrlik darajasiga ega.
— Usmon aka, ko‘plab yoshlar sizni startaplar bo‘yicha ustoz, tom ma’noda mutaxassis deb bilishadi. Keling, suhbatimizni startaplar haqida boshlasak. Umuman, startaplar nima va ularning bugungi hayotimizdagi o‘rni qanday?
— Startap deganda biz odatda yangi tadbirkorlik faoliyatini boshlashni tushunamiz. Bunga har qanday kichik biznes va daromad keltiradigan tadbirkorlik faoliyatini boshlash kirishi mumkin.
Lekin startapga aniqroq ta’rif beradigan bo‘lsak, unda startap bu — yuqori texnologiyalarga asoslangan yoki ilmiy tadqiqotlar natijasida yaratilgan ishlanmalar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda yaratilgan, ommalashish istiqboli bor, takrorlanadigan va daromad keltiradigan biznes-model.
Startaplar biror bir o‘zak texnologiya atrofida (masalan, internet, mobil aloqa vositalari, Wi-Fi yoki GPS kabi) shakllantirilib, kundalik hayotda va iqtisodiyotda tom ma’nodagi iste’molchilar, jismoniy va yuridik shaxslarning mavjud ehtiyojini, muammosini yoki biror-bir biznes jarayonni o‘zgacha, yangi usul bilan yechishga, samaradorligini oshirishga qaratilgan yechimlardir.
— Bugun startap-loyihalarning jahon miqyosidagi o‘rni qanday?
— Hozir, AKTning hisoblash quvvati va narxi tobora arzonlashib borayotgan bir paytda, ulardan foydalangan startap mualliflari va ijodkor muhandislar ulkan axborotlarni qayta ishlash, mashinalar o‘zi o‘rganishi, tasvirlarni o‘zlashtirish, turli o‘lchagichlardan axborotlarni o‘zlashtirib qaror qilish, elektr quvvatini saqlash va qayta quvvatlantirish evaziga muqobil tarzda ishlay oladigan ko‘plab texnologik yechimlarni taklif qilishyapti.
Natijada nafaqat veb-sayt va mobil ilovalar, sun’iy idrok, to‘ldirilgan reallik, o‘zi o‘rganuvchan mashinalar, robot va ovozli yordamchilar kabi texnologiyalar kundalik hayotimiz va sanoatning turli jabhalariga jadallik bilan kirib kelmoqda.
Albatta, ushbu yo‘nalishda ko‘proq AKT sohasida ishlaydigan yirik kompaniyalar yetakchilik qilyapti, buning uchun ularda ulkan inson salohiyati, texnologik uskuna va laboratoriyalar hamda to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan, avvalambor inson manfaatlarini to‘g‘ri boshqara oladigan tuzilma va ulkan texnologik baza yoki boshqacha qilib aytganda, meros bor.
Bundan tashqari, rivojlangan davlatlarda qulay tadbirkorlik muhiti, texnologiya sohasida chuqur tahliliy bilim, mutaxassislar va mablag‘lar mavjud. Natijada ko‘plab iqtidorli yoshlar va muhandislar tinmay izlanishda, yangilik yaratish va tavakkal kilish bilan band, investorlar esa istiqbolli startaplarga sarmoya kiritib, kundan-kunga bir-biridan qiziqarli ishlanma va yechimlarni dunyo bozoriga olib chiqmoqda.
Bunda, albatta, rivojlangan davlatlarda internetdan foydalanuvchilar ko‘pligi, aholisining raqamli texnologiyalar borasida savodxonlik darajasi va yangiliklarni qabul qilish xayrxohligi yuqoriligi, tajriba va malakali mutaxassislar, yirik texnologiya markazlari mavjudligi va eng asosiysi, bozorda raqobatning kuchliligi muhim rol o‘ynaydi.
Oddiy, uncha katta bo‘lmagan mahalliy «butik» yechimlardan tortib, ulkan sanoat va ijtimoiy sohalarga o‘z ta’sirini o‘tkazayotgan yechimlargacha bunga misol bo‘la oladi. Masalan, katta shaharlarda oddiy odam bir joydan ikkinchi joyga borish uchun o‘z mobil telefonidagi mobil ilovani ishga solib, turgan yerini GPS orqali aniqlab, boradigan joyining nomini yozsa, mobil ilova barcha transport turlarini taklif etgan holda qancha vaqtda va qancha pulga ko‘zlangan manzilga yetib olish takliflarini berib, har bir qadamni ko‘rsatmalari bilan taklif qiladi.
Mana, hammamizda «Telegram» bor: bu o‘zaro va qolaversa, biznesdagi muloqotimizga qanday qulayliklar yaratganini kundalik hayotimizda his qilamiz va foydalanamiz. Shunga o‘xshash yechimlardan foydalanib, biz uzoq yurtlardagi biznes hamkorlarimiz va yor-birodarlarimiz bilan nafaqat ovozli, balki yuzma-yuz muloqot qilamiz. Muhimi, bu juda arzon.
Yana bir misol keltiraman. «IBM Watson» yechimlari tibbiyot sohasida insondan ko‘ra aniqroq tashxis qo‘yishi, huquqshunoslik sohasida esa inson omilidan yuqoriroq ko‘rsatkichga erishishi, ya’ni ko‘proq ishlarni yutib chiqishi kutilyapti. Yoki bo‘lmasa fazoga kosmik kemalarni uchirib, raketalarning birinchi bosqichini ortga qaytarib qo‘ndirishdan tortib, batamom elektr energiyasida yuradigan mashina va yengil transport vositalarini olaylik. Xitoyning Shanxay shahridagi birorta ham ichki yonuv yuritgichli skuterlar qolmagani va hammasi elektrda harakatlanadigan skuterlarni aytmaysizmi, tekstil yoki qishloq xo‘jaligi sohasidagi aql bovar qilmas texnologik yechimlar-chi, albatta, bularning hammasi hayratlantirmay qo‘ymaydi.
— Yurtimizda-chi? Yutuq va kamchiliklarimiz?
— Bizda ham ilg‘or texnologiyalardan foydalanib, startap sifatida o‘z ishini boshlab katta natijalarga erishgan loyihalar talaygina. Masalan, «Torg.uz» (hozir «OLX»), «Paynet», «MyTaxi», «Slisk», «Payme», «Tashbus» kabi ishlanmalar. Biznes va mijozlar o‘rtasidagi muloqot munosabatlarni avtomatlashtirish (muloqot-botlari), moliyaviy xizmatlar sohasidagi yechimlar, havo va temir yo‘l transportlariga chiptalar xarid qilish, kundalik iste’mol mollarini masofadan xarid qilish, turli taom va shirinliklar, qahva va ichimliklar va hatto guldastalargacha buyurtma berish, telefon orqali to‘lovni amalga oshirish imkoniyatlarini yutuq sifatida keltirishim mumkin.
Bozorimizda «trakshn», ya’ni turli jarayonlar kam, ishtirokchilar yetishmaydi.
Kamchiliklarimiz — startap bozorimiz va texnologiyalarimiz sayoz, ya’ni bozor va startap ekotizimi rivojlanishi hali boshlang‘ich bosqichda. Ekotizimning har bir qatnashchisi, xoh huquqiy muhit, xoh ta’lim va tadqiqot, xoh davlat ko‘magi va moliyaviy resurslar bo‘lsin, istiqbolli texnologiyalar sohasida ekspertiza va mutaxassislar yetishmaydi, ichki bozor bilan chuqur ishlanmaydi, xususiy sektor faol emas. Umuman olganda, bozorimizda «trakshn», ya’ni turli jarayonlar kam, ishtirokchilar yetishmaydi.
— Ta’lim va innovatsiya — bular bir-biri bilan qay darajada bog‘liq?
— Ta’lim sohasi yoshlarimizga turli jabhalarda bilim beradigan maskan. Innovatsiya esa davomiy yangilanish va izlanish, ilmiy tadqiqotlar, tajriba, yangi texnologiya va texnikalarni joriy qilishdir. Lekin innovatsiyalarda ta’lim va tadqiqotlardan tashqari, xususiy sektor ham jadal ishtirok etadi. Shunday ekan bu uch ishtirokchi o‘rtasida uzviy bog‘liqlik mavjud. Chunki innovatsiyalar uchun izlanish, salohiyat va tadqiqotlar kerak, buning uchun esa bilim va iqtidor sohiblari zarur. Bu munosabatlarda ham yutuq va kamchiliklarimiz bor. Buni rivojlangan davlatlar tizimlari va sohalari o‘rtasidagi munosabatlarni o‘rganib ham bilib olsangiz bo‘ladi. Ularda ta’lim sohasi va xususiy sektor munosabatlari bizdagiga nisbatan ancha jadal va yuqori. Natija va ko‘rsatkichlari ham shunga yarasha.
— Sizningcha, hozir yoshlarimizning bilim va saviyasi qay darajada? Ko‘p xorij mamlakatlariga borib kelgan mutaxassis sifatidagi fikringiz.
— Yoshlarimizning bilim va saviyasini men baholay olmayman, baho berishim ham noo‘rin. Har jabhada o‘z iqtidori va iste’dodini ko‘rsatib yuqori darajalarga erishgan va erishayotgan yoshlarimiz bor, albatta.
Agar biz har jabhada raqobatli muhitni shakllantirmas va kuchaytirmas ekanmiz, ilm, fan, iqtidor va iste’dod sohiblari, biznes vakillari va mutaxassislar o‘z manfaatlari ko‘proq inobatga olingan o‘zga davlat va muhitlarga ketishda davom etaveradilar.
Hatto ayrim yo‘nalishlarda biznikilar tengsiz. Lekin, umuman olganda, biz muhitni, ya’ni bilim olish, izlanish, tadqiqotlar o‘tkazish, ishlanmalarni joriy qilish, iqtidor sohiblari saviyasi va darajasini yanada o‘stirish uchun raqobat muhitini yanada shakllantirishimiz zarur. Agar biz har jabhada raqobatli muhitni shakllantirmas va kuchaytirmas ekanmiz, ilm, fan, iqtidor va iste’dod sohiblari, biznes vakillari va mutaxassislar o‘z manfaatlari ko‘proq inobatga olingan o‘zga davlat va muhitlarga ketishda davom etaveradilar.
— Yaxshi startap boshlash uchun yoshlardan nima ko‘proq talab etiladi? Pulmi, bilimmi yoki nimalar?
— Startap, bu shaxsiy fikrim, tirishqoqlik, izlanuvchanlik, fidoyilik va og‘ir mehnatni talab etadi. Chunki har qanday yutuq, marralarga, shubhasiz, og‘ir mehnat asosida erishiladi. Bahona emas, harakat va tirishqoqlik, ishonch va mehnat — muvaffaqiyatlar kaliti. Siz, albatta, pul, bilim, ekotizim, muhit va qatnashchilarni misol keltirishingiz mumkin. Bularning barchasi yetarli bo‘lganda ham, agar fidoyilik, ishonch va halol mehnat bo‘lmasa, qo‘pol qilib aytganda, o‘z sog‘lig‘i, oilasiga ajratadigan vaqti va halovatini qurbon qilib, o‘z sohasida chuqur izlanmas ekan nafaqat startap, balki oddiy vazifalar ham uddalanmay qolib ketaveradi.
— Biznes uchun-chi?
— Biznesda ham shu. Har bir soha vakili o‘z ishini qoyillatishi lozim, ko‘zbo‘yamachilik, xo‘jako‘rsinchilik ketmaydi. Chin ko‘ngildan, sof niyat va ezgu maqsadlarni oldga qo‘yib, tinmay mehnat qilinsagina natijaga erishish mumkin. Vaqt degan judayam odil hakam bor, vaqti kelib u hammasini o‘z o‘rni va joyiga qo‘yadi.
— «Startap tashabbuslari»ga ham to‘xtalib o‘tsangiz.
«Startap tashabbuslari» aynan yoshlarimizni izlanishga, ilmiy tadqiqotga va tashabbuskorlikka jalb qilishga, zamonaviy texnologiyalar yaratayotgan imkoniyatlardan uddaburonlik bilan foydalanib, o‘zlari uchun yangi biznes va faoliyat turlarini yaratishlari, pirovardida yuqori qiymat qo‘shilgan mahsulot va xizmat turlari, mutaxassis va kasb sohiblari bo‘lishlariga ko‘maklashish uchun yaratilgan. Dastur yoshlarimizni bunday faoliyatga rag‘batlantirish, qiziqtirish, o‘z ustida ishlashlari, ishonishlari, qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan.
— «Demo Day» haqida ham bir og‘iz...
«Demo Day» — yuqoridagi dastur doirasida startap mualliflari va jamoa a’zolari amalga oshirgan ishlar natijasini ko‘rsatish uchun imkoniyatdir. Ular dasturda qatnashish uchun ariza yuborishlari, saralashdan muvaffaqiyatli o‘tishlari, o‘z g‘oya va loyihalarini dasturning tejamkor startap uslubidan foydalanib uddalaganlarini ko‘rsatishlari va loyihalarini istiqboldagi sarmoyachi va bozor ishtirokchilariga e’lon qilishlari va bozorga kirib borish uchun ilk qadamlarini qo‘yishlari mumkin.
— Yosh startapchilarga eng yaxshi kitoblar «TOP-5»ligini taklif eta olasizmi?
— Harakat qilaman. Beshtadan ko‘proq bo‘lsayam bo‘ladimi (kuladi)? Kitoblar rus tilida bo‘lgani uchun ularning nomini ruschada keltiraman:
- Rob Fitspatrik — «Sprosi mamu»
- Erik Ris — «Biznes s nulya»
- Stiv Blank, Bob Dorf — «Startap: nastolnaya kniga osnovatelya»
- Aleks Ostervalder — «Kanva biznes modeli»
- Esh Maurya — «Berejliviy startap»
- Deyv MakKlyur — «Metriki dlya piratov».
— Yoshlarga taklif va tavsiyalaringiz?
— Yoshlarimizga zamonaviy texnologiyalarga ko‘proq qiziqishlari va ular yaratayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanishni taklif qilgan bo‘lardim. O‘zlari ustida ishlashlari, yuksak marralarga erishishda o‘zlariga ishonishlari, vaqtni behuda o‘tkazmasliklari, qat’iyatli bo‘lishlari va albatta, ingliz tilini o‘rganishlarini tavsiya qilaman!
G‘ulomjon Nazarov suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter