Butunjahon jamiyati olimlari Shavkat Mirziyoyevga murojaat qildi

«O‘zbekistonning madaniy merosi — yangi Renessans poydevori» muavzusidagi IV Xalqaro kongress yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati olimlari bir ovozdan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaat qabul qildilar.
Murojaatni qabul qilish tashabbusi, IV Kongress ishida onlayn rejimida ishtirok etgan yaponiyalik olimlar tomonidan bildirildi. Kunchiqar mamlakatdagi O‘zbekiston elchixonasida yig‘ilgan 20 nafar olim murojaatning loyihasini tayyorladi va keyinchalik bu loyiha Jamiyat Boshqaruvi va Ilmiy kengashi a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Murojaatnomada Butunjahon jamiyati a’zolari, mamlakatning kutubxonalari va ta’lim muassasalariga «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» turkumidan 10 ming nusxadagi 35 tomlik kitob-albomlarni topshirish tashabbusini amalga oshirishda ko‘mak berganligi uchun Respublika rahbariga minnatdorlik bildirdilar. Yuzlab sharqshunos olimlarning faol xizmatlari tufayli, yaqinda O‘zbekistonning umumta’lim maktablari va universitetlaridagi barcha kutubxonalari, Chexiya, AQSh, Italiya, Germaniya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Rossiya, O‘zbekiston, Turkiya va boshqa ko‘plab mamlakatlarning to‘plamlaridagi O‘zbekistonning madaniy merosi haqidagi kitob-albomlarga ega bo‘lishadi. Bu ishni amalga oshirishda O‘zbekiston hukumati ko‘mak beradi.
«O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» turkumidagi rasmli kitob-albomlarni chop etish hamda ularni mamlakat kutubxonalari va o‘quv muassasalariga topshirish taklifi III Xalqaro Kongressda ilgari surilgan va davlat rahbari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan edi. Ularning dastlabki 15 jildi allaqachon barcha o‘quv yurtlariga yetkazilgan va hozirda ushbu loyihaning ikkinchi bosqichi davom etmoqda.
Murojaatnomada qayd etilishicha, «O‘zbekiston madaniy merosi — Yangi Renessans poydevori» mavzusidagi To‘rtinchi Xalqaro Kongressda 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan Yo‘l xaritasi qabul qilingan. Keyingi besh yil ichida O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati 100 dan ortiq yangi loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
«Biz mamlakatdagi va xorijdagi muzeylarda saqlanayotgan O‘zbekistonning madaniy merosi haqida hikoya qiluvchi kitoblar va albomlar nashr etishni, hujjatli va badiiy filmlar tayyorlashni, ilmiy forumlar o‘tkazishni, o‘quv dasturlari yaratishni, mamlakat madaniy merosini tiklash sohasidagi mutaxassislarning ishlarini, qonunchilikni takomillashtirish, turizmni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni tadqiq qilishni davom ettirish niyatidamiz» — deyiladi Murojaatnomada.
Olimlar, shuningdek, Respublika rahbarining mamlakatning madaniy merosini asrab-avaylash borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadilar va ular bundan keyin ham O‘zbekistonning milliy madaniy merosini rivojlantirish va saqlashga o‘z hissalarini qo‘shishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.
«O‘zbekistonda Uchinchi Renessans davrini amalga oshirishga qaratilgan, Siz e’lon qilgan milliy g‘oya avvalo madaniyatni saqlashga qaratilganligi bilan ham juda hurmatga sazovor va Siz aynan madaniyat, mamlakatning yangi Uyg‘onish davri, jamiyat ma’naviyatining yuksalishi, xalqni, ayniqsa, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning poydevori ekanligini yaxshi anglaysiz» — deyiladi Murojaatnomada.
Shunisi e’tiborga loyiqki, Butunjahon jamiyati a’zolarining Respublika prezidentiga murojaatini qabul qilish yaxshi an’anaga aylanib bormoqda, inchunun murojaat bugun to‘rtinchi marta qabul qilindi va shubhasiz doimgidek olimlar Respublika rahbarining ijobiy javobini oladilar. Shunday yo‘l bilan, Butunjahon jamiyati hamda O‘zbekiston hukumati o‘zaro mustahkam aloqalarini o‘rnatmoqda va O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha faoliyatlarini birlashtirmoqdalar.
Ma’lumot uchun: Jamiyatni tashkil etish tashabbusi birinchi marotaba 2017 yil may oyida Toshkent va Samarqandda bo‘lib o‘tgan «O‘zbekistonning madaniy merosi — xalqlar va mamlakatlar o‘rtasidagi muloqotga yo‘l» mavzusidagi xalqaro kongressda tilga olingan edi.
O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatini tuzish to‘g‘risida qaror, 2018 yilda Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan Ikkinchi Xalqaro Kongress doirasida qabul qilindi. Jamiyat 2019 yil avgust oyida Parijda rasmiy ravishda ro‘yxatdan o‘tkazildi. Jamiyat, davlat va jamoat tashkilotlari, tadqiqotchilar, ekspertlar, ilm-fan, media sohasi vakillari va boshqa manfaatdor jamoatchilik vakillarining O‘zbekiston madaniy merosini jahon madaniy merosining muhim qismi sifatida saqlash, o‘rganish va ommalashtirish sohasidagi xalqaro hamkorlik ishlariga ko‘mak beradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter