Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yuqori sifatli avtobenzin, pandemiya davridagi sinov — «Buxoro» neftni qayta ishlash zavodiga press-tur uyushtirildi

Yuqori sifatli avtobenzin, pandemiya davridagi sinov — «Buxoro» neftni qayta ishlash zavodiga press-tur uyushtirildi

Foto: «Xabar.uz»

«O‘zbekneftgaz» AJ OAV vakillari va blogerlar uchun «Buxoro» neftni qayta ishlash zavodiga press-tur uyushtirdi. Unda jurnalistlar neft mahsulotlari ishlab chiqarilishi jarayoni bilan tanishishdi.

Neftdan dizel yonilg‘isi hamda benzin olinishi jarayonlari ko‘pchilik uchun qiziqarli bo‘lishi tabiiy, jumladan, jurnalistlar uchun ham.

Tadbir davomida neft mahsulotlari ishlab chiqarilishi hamda sifati OAV vakillariga batafsil ko‘rsatildi.

Qayd etilishicha, bu yerda mamlakat tarixida ilk bor 30-mart kuni «Yevro-4» va «Yevro-5» ekologik toza va sifatli dizel yoqilg‘isini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Tashkilotchilar bu muhim voqelikni «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev va «Buxoro» neftni qayta ishlash zavodi direktori Akbar Fozilov boshchiligida tashkil etilgan «Ishchi guruh» a’zolarining 2020 yildagi mehnat natijasi sifatida baholashdi.

Press-tur davomida jurnalist va blogerlarga dastlab ushbu loyiha doirasida «Buxoro» neftni qayta ishlash zavodidagi eng zamonaviy katalizator o‘rnatilgan gazoylni gidrotozalash qurilmasining ishlash faoliyati ko‘rsatildi.

Shu paytga qadar zavodda ishlab chiqariladigan neft mahsulotlari (benzin va dizel yoqilg‘isi)ning sifati «Yevro-2» standarti talablariga javob berar edi. Ushbu katalizatorning yangi rusumdagisiga almashtirish natijasida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning sifatini jahon standartlariga moslashtirilgan.

Aytilishicha, koronavirus pandemiyasi davrida bu loyihalarni amalga oshirish oson bo‘lmagan. Karantin tufayli Fransiyaning «Axens» kompaniyasi mutaxassislari gazoylni tozalash qurilmasi katalizatorini almashtirishda ishtirok eta olishmagan. Zavod va kompaniya mutaxassislari 13R01 texnologik pozitsiyadagi reaktorida yangi katalitik tizimni «Axens» sxemasi bo‘yicha zavod mutaxassislarining sa’y-harakatlari bilan onlayn tarzda o‘rnatishgan.

Navbatdagi tanishuv «QuWatt» brendi ostida yangi ishlab chiqarilayotgan avtobenzin va dizel yonilg‘isi haqida bo‘ldi.

Bizga ma’lum bo‘lishicha, «Buxoro» neftni qayta ishlash zavodida Germaniyaning «BASF SYe» kompaniyasi bilan hamkorlikda 2021-yilning birinchi o‘n kunligining o‘zidayoq, 480 tonna «QuWatt» brendi ostida AI-95 rusumidagi avtobenzin ishlab chiqarildi.

Mutaxassislar tomonidan «QuWatt» AI-95 rusumidagi avtobenzinning dvigatellarda tozalikni saqlashning mukammal ta’siriga erishish, klapanlardagi hosil bo‘ladigan qatlam miqdorini 4 mg/klapan qiymatidan oshmasligi, dvigatel klapanlarini qatlamlardan yuqori darajada, ya’ni 80% gacha tozalash, avtomobil dvigateli quvvatini oshirish hamda yoqilg‘ini 3% gacha tejalishiga erishilishi, qish mavsumida dvigatelning uzluksiz ishlashini ta’minlashi, dvigatel yonilg‘isi tizimida, shuningdek, benzinni tashish va saqlash jarayonlarida korroziyaga yo‘l qo‘ymasligi bo‘yicha ma’lumotlar berildi.

Jurnalist va blogerlar maxsus laboratoriyaga taklif etilib, bu yerda mahsulotlarning sifati qanday aniqlanishi, ulardan olingan namunalar 40 kun muddatda saqlanishi bo‘yicha to‘liq ko‘rsatildi.

«Buxoro» neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati bo‘yicha ishtirokchilarda hech qanday savol qolmadi. Tashkilotchilar esa bu borada amalga oshirilayotgan ishlar har doim shaffof bo‘lishi uchun yana press-tur hamda uchrashuvlar tashkil etilishini ma’lum qildilar.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring