Buxoroda xavfli manyovrlari bilan «qahramon»lik ko‘rsatgan yoshlar jazolandi
Joriy yilning 4-yanvar kuni Buxoro viloyati, Olot tumanidagi «Asajon» mahalla fuqarolar yig‘ini ichki avtomobil yo‘lida to‘y korteji uyushtirilgan. 11 ta qora rangli avtomobil haydovchilari to‘y marosimida guruh bo‘lib, xavfli manyovrlar bilan harakatlanishgan.
Ular tor va chang yo‘llarda oqimga qarshi harakatlanish, tana a’zolarini avtomashina derazalaridan chiqarish kabi bir nechta qoidabuzarliklarni sodir etishgan. Haydovchilarning o‘z mashinalarini turli beo‘xshov tartibda «o‘ynatib», tinimsiz signal va shovqin-suron bilan qishloq ko‘chalari bo‘ylab «sayohat»i odamlarning e’tirozlariga sabab bo‘lgan.
«Qahramon»lar, shuningdek, sodir etgan qoidabuzarliklarini mashhur bo‘lish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishgan. Muhokamaga sabab bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlardagi chiqish esa «shunday davom etsa, bir kuni shunday xabar o‘qiysiz: to‘ydagi xurmacha qiliqlar ayanchli yakun topdi» degan izohlar bilan qaydlangan.
«Targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilishiga qaramay, yoshlar orasida to‘y kortejini o‘tkazishni davom ettirayotganlar ham yo‘q emas. Joriy yilning 4-yanvar kuni Olot tumanida kuyovjo‘ralarning to‘y sovg‘asi qimmatga tushdi. Holat Buxoro viloyati yo‘l boshqarmasi xodimlari tomonidan zudlik bilan o‘rganildi. Qishloq bo‘ylab xavfli manyovrlar qilib harakatlangan yoshi 30 dan oshmagan 11 ta avtomashina haydovchilari topildi va qonuniy javobgarlikka tortilishdi. Avtomashinalar esa vaqtinchalik ushlab turish uchun jarima maydonchasiga joylashtirildi. Nazarimizda, bu kabi holatlarning sodir etilishida oilalarning ham kattalari ham aybdor. Yoshlarni o‘z mayliga tashlab qo‘yish, harakatini nazorat qilmaslik kun kelib, ularning o‘zlari uchun qimmatga tushishi mumkin», – deydi viloyat IIB JXX YHXB Axborot xizmati boshlig‘i, kapitan Ulug‘bek Shukurlayev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter