Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dahshatli statistika: har bir raqam ortida inson bor

Dahshatli statistika: har bir raqam ortida inson bor

Foto: Reuters

2023-yil 7-oktyabrdan buyon davom etayotgan urush mobaynida Isroil armiyasi G‘azo sektoriga 125 ming tonnadan ziyod bomba va portlovchi modda tashladi. Shu tariqa bo‘lgadagi binolarning 88 foizi vayron qilindi. Bu haqda TRT nashri G‘azo hukumatiga asoslanib xabar berdi.

650 kundan buyon davom etayotgan urush mobaynida halok bo‘lgan va daraksiz yo‘qolganlar soni 67 880 nafarga yetdi. Ularning 19 ming nafari bolalar, 12,5 mingi ayollardir.

9,5 ming kishi hali-hamon bino vayronalari ostida qolmoqda.

Qirg‘inbarot urushda 1 590 nafar tibbiy xodim, 228 nafar jurnalist va 777 nafar insonparvarlik tashkilotlari vakillari halok bo‘ldi.

Yuz minglab kishi jarohatlandi, jumladan, 4,7 ming kishi tana a’zolaridan ayrildi.

Tahlillarga ko‘ra, G‘azo aholisining 2 million nafari yuqumli xastaliklarga chalindi. Jumladan, 71 ming kishi gepatit orttirib olgan.

Bombardimonlar tufayli 2 mln kishi o‘z uyini tark etdi va hozirda aviahujum, ochlik, xastalik va tashnalik tahdidi ostida, ochiq osmon ostida tunamoqda.

G‘azo hukumati hisob-kitobiga qaraganda, Isroil armiyasi hududdagi 38 ta shifoxona, 96 ta ambulatoriya, 538 ta maktab, 833 ta masjid, 3 ta cherkov va 40 ta qabristonni vayron qildi.

Bo‘lgadagi 288 mingta uy yer bilan yakson etildi, yana 130 mingi yashashga yaroqsiz holga keltirildi.

Hozircha G‘azo sektoriga yetkazilgan moddiy zarar 62 milliard dollar deb baholanmoqda.

Avvalroq London universiteti huzuridagi Hollouey qirollik kolleji olimlari Isroil tomonidan G‘azo sektorida olib borilayotgan urushda hudud aholisining 4 foizi yoki 80 mingdan ziyodi o‘ldirilganini ma’lum qilgandi. Ekspertlar «XXI asrdagi boshqa biror urushda bunday holat kuzatilmagan» degan xulosaga kelgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring