Dori vositalarini nazoratsiz qabul qilish pankreatitni keltirib chiqaradi — professor
Tibbiyot fanlari doktori, professor Feruza Hamroboyevaning aytishicha, dori vositalarini nazoratsiz qabul qilish pankreatit kasalligini keltirib chiqarishi mumkin.
Pankreatit — oshqozon osti bezining o‘tkir yallig‘lanishi bilan kechadigan kasallik. U o‘z vaqtida davolanmasa, jarayon boshqa to‘qimalarga ham tarqalishi xavfi katta.
Me’da osti bezi — ovqat hazm qilishda ishtirok etadigan muhim a’zo. U ozuqa moddalari so‘rilishiga xizmat qiladigan, ichakdagi oqsil, yog‘ va murakkab uglevodlarni parchalaydigan fermentlarni ishlab chiqaradi. Qolaversa, endokrin tizimi faoliyatini tartibga solish vazifasini bajaradi.
Oshqozon osti bezining yallig‘lanishiga ko‘pincha spirtli ichimliklar, noto‘g‘ri ovqatlanish, o‘t-tosh kasalligi, dori vositalarini nazoratsiz qabul qilish, virusli va bakterial infeksiyalar, chekish sabab bo‘ladi.
Shuningdek, qonda triglitseridlar va kalsiyning yuqori konsentratsiyasi, immun tizimi faoliyati buzilishi, ichak va o‘t yo‘llari yallig‘lanishi, qorin bo‘shlig‘i shikastlanishi hamda oshqozon osti bezining xavfli o‘smasi ham pankreatitni keltirib chiqaradi.
Kasallik ko‘ngil aynishi, qayt qilish, qorin dam bo‘lishi, teri sarg‘ayishi, yurak tez urishi, sababsiz vazn yo‘qotish kabi alomatlar bilan namoyon bo‘ladi. Ba’zan chap qovurg‘a ostida to‘satdan paydo bo‘lgan kuchli og‘riq tegishli muolajalarsiz bosilmaydi.
O‘tkir pankreatit to‘qimalar va bez tuzilmasida qaytarib bo‘lmaydigan jarayonlar, destruksiya bilan kechadi va hatto o‘limga sabab bo‘lishi mumkin. Kasallikning bu shaklida pankreatik shiralar bezning o‘zida saqlanib qoladi va faollashib, uning hujayralarini parchalay boshlaydi.
Surunkali pankreatit yengil simptomatika bilan ifodalanadi va bir necha yil davom etishi mumkin. Keyingi bosqichda oshqozon osti bezi vazifasining buzilishlari ancha sezilarli bo‘ladi.
🥂Uning kuchayishiga asosan achchiq, yog‘li yoki qovurilgan ovqatlar, gazlangan va spirtli ichimliklarni iste’mol qilish sabab bo‘ladi, ayniqsa, ular och qoringa qabul qilinsa.
!Pankreatitga chalingan bemorlar oilaviy shifokor va jarrohlar nazorati ostida ambulatoriya sharoitida muolaja olsa bo‘ladi. Ba’zida statsionar davolanish ham mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter