Yetti oyga qamaldi va bir umr mashina haydamaydi — Norvegiyada Olimpiya o‘yinlarining ikki karra g‘olibini nega jazolashgani haqida

Petter Nortug.
Oslo (Norvegiya) sudi Olimpiya o‘yinlarining ikki karra g‘olibi, norvegiyalik sportchi Petter Nortugni yetti oyga ozodlikdan mahrum etdi. Nortug uchun yana bir alamli tomoni, haydovchilik guvohnomasidan abadiy mahrum qilindi. Bu haqda NKR xabar berdi.
Savol tug‘iladi? Inson taraqqiyoti indeksi, yashash uchun eng yaxshi, jon boshiga daromadlar va hokazo-hokazo reytinglar tepasida turuvchi Norvegiyadek mamlakatning «dunyodagi eng adolatli sudi» nega olimpiyachiga bunday jazoni ravo ko‘rdi? Nortugning aybi nimada?
Sudda qayd etilishicha, 34 yoshli Nortug tezlikni cheklash qoidalarini to‘rt marta buzgan ekan (bir martasida eng yuqori tezlik 80 km/s. belgilangan hududdan 221 km/s. tezlikda o‘tib ketgan). Qahramonligini (boshqa mashinalarni qanday quvib o‘tayotganini) mobil telefonda videoga olib, bir necha do‘stiga yuborib maqtangan...
Sobiq sportchining uyini tintishganida 6 grammdan ziyodroq kokain va boshqa taqiqlangan moddalar chiqqan.
Yetti oylik qamoq — tushunarli, ammo to‘rt marta tezroq yurib qo‘ygan havaskor «poygachi»ni mashina boshqarish huquqidan bir umrga mahrum qilishlari esa, masalan, bizning o‘quvchilarga biroz g‘alatiroq tuyulishi ham mumkin. Biroq norveglar uchun emas. Nega ekanini tushuntirishga urinib ko‘ramiz (bu xabarni o‘tgan yili bergan ekanmiz):
«Norvegiya poytaxti Osloda 2019-yil davomida atigi bir inson yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘lgan! Avtohalokat qurboni — erkak kishi, mashinasi bilan devorga to‘qnashgan. Aybdor ham, jabrlanuvchi ham o‘zi...
Fakt: 2018-yili Osloda besh kishi yo‘l-transport hodisasi oqibatida olamdan ko‘z yumgan.
Osloda so‘nggi marotaba eng ko‘p odamning YTH oqibatida o‘lishi 1975-yilda kuzatilgan ekan — 41 nafar. O‘shandan beri «yo‘l qurbonlari» soni tinmay kamaymoqda. To‘g‘rirog‘i, kamaytirishmoqda: 1970-yillarning oxirlaridan yo‘llarda xavfsizlik bo‘yicha qo‘shimcha choralar ishlab chiqilganidan so‘ng, hukumat ham, fuqarolar ham qonunga bo‘ysunishni amalda ko‘rsata boshlagach, odamlar qo‘rqmasdan ko‘chaga chiqishni boshlashdi».
Petter Nortug — ikki karra Olimpiada chempioni, Qishki olimpiya o‘yinlarining kumush va bronza medallari sohibi, 13 karra (!) jahon chempioni, xuddi shu yo‘nalishda uch karra kumush medalni qo‘lga kiritgan professional sportchi — chang‘ichi-poygachi. Ammo aslo avtorallichi emas. Norvegiya ko‘chalarida havaskor poygachilarga yo‘l yo‘q.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter