Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fitratning shubhalari

Fitratning shubhalari

1928-yilda Umar Hayyom tavalludiga 880 yil to‘lishi ayni bizning hududda mustamlakachilarning dinga, dindorlarga qarshi tashviqot kuchaytirilgan davriga to‘g‘ri kelgan. Ana shunday mafkuraviy bosimlar natijasida, tabiiyki, Hayyom dinga qarshi kurashuvchi timsol edi go‘yo. Xo‘sh, aslida-chi?..

Fitrat jadid ziyolisi va nafaqat sharq, balki Yevropa ilmu fanidan xabardor shaxs sifatida buni yaxshi bilar, ammo Hayyomning ilmiy, ijodiy faoliyatini tadqiq qilish asnosida qahramonimizni dahriy bo‘lgan deb ham, dindor so‘fiy deb ham aytolmasdi. Biroq u Hayyom hayotini o‘zidagi bor manbalarni chuqur tadqiq qilgan holda o‘rganib chiqadi:

«Hayyomga nisbatan berilg‘on ruboiylarning hammasini ko‘rib chiqqan kishilar uning haqida turli qarorlar beradilar. Sharob, may majlislarini, ichkilikni maxtab bu qadar ruboiylar yozg‘anini ko‘rganlar uning oddiy bir sarxush (piyanista) deb qaror chiqaradilar.

Ba’zi odamlar Hayyomning so‘fiylardan ekaniga ishonib, uning she’rlaridagi «may», «bazm», «qadah» kabi so‘zlarni so‘fiylik istilohlari bilan izoh qilmoqchi bo‘ladilar.

Hayyomning uchinchi xil muxlislari borki, uni o‘zining muhitidan yashagan jamiyatning har turli ta’sirlaridan yuqori turgan bir dohiy deb biladilar. Uni milodiy XI asrdagi Sharq jamiyatlarining kishisi emas, XX asrdagi Ovro‘pa jamiyatlarining odami kabi qabul qiladilar. Bizning fikrimizcha, Hayyom haqida berilgan shu uch turli qimmatda ham bir turli ifrot-tafrit (haddan oshish, chegaradan chiqish) borlig‘i aniqdir».

Shundan so‘ng Fitrat Hayyomning e’tiqodi, maslagini quyidagicha ifodalashga urinadi:

«Hayyom saroy tabibi bo‘lg‘an, zamonining odil hay’atshunosi, faylasufi, riyoziysi bo‘lg‘an. Taqvimni eng to‘g‘ri isloh qilgan, ilmi hay’atg‘a juda katta nufuz va faoliyat bilan ishtirok etgan. Hukmdorlarning ish soatlarini belgilovchi munajjim sanalg‘an. Bunday bir odamning doimiy mastlik bilan (piyanistalik bilan) mashg‘ul bo‘lub qolishi haqiqatdan, albatta, uzoqdir.

Hayyomni so‘fiy gumon qilib, uning mayni «Xudoning ishqi» deb izoh qilishi esa, birinchi fikrdan ham uzoqroq, yanglishroqdir. Hayyomning ruboiylari orasida shundaylari borki, tasavvuf asoslarini ular bilan kelishtirishning imkoni yo‘q. Bundan boshqa Hayyom bilan, bizga ko‘ra ko‘brak tanish bo‘lg‘an eski va ishonchli manba’lar uning tasavvuf maslagida bo‘lmag‘anini ochiq suratda ko‘rsatmakdadirlar...

Hayyomni mutasvvif deganlar uning ba’zi bir fikrlarining tasavvvuf qarashlarig‘a mos kelganidan shubhaga tushganlar. Uning ba’zi nuqtalarda so‘fiylar bilan birlashgani, boshqa-boshqa uyalarga bormoq uchun havoda uchib yurgan ikki qushning yo‘l orasida birlashib, yana ayrilishlariga o‘xshaydir. Haqiqatda esa, Hayyomning borib to‘xtag‘an nuqta so‘fiylarning borib to‘xtag‘an nuqtalarig‘a butunlay qarshudir.

Uchinchi da’vo, ya’ni Xayyomni ichida yashag‘ani jamiyatning har turli ta’siridan ozod, o‘z jamiyatidan ta’sirlanishdan judayam yuqorida turgan bir mustasno odam qilib ko‘rsatish ham to‘g‘ri emas. Jamiyatdan, muhitdan bir turli ta’sirlanmag‘an, mansub bo‘lgan sinfning talablaridan bir qismig‘a javob berishni o‘z ustiga olmagan bir adibning, bir adabiyotning bo‘luvi mumkin emas. Bizning fikrimizcha ham, Hayyom dohiydir, ammo san’at dohiysidir».

Fitrat fikriga shuni qo‘shimcha qilish mumkinki, Hayyom hajga borib islomning beshinchi shartini bajargan e’tiqodli islomiy shaxs, vafotidan oldinroq Samarqand va Buxoroga kelib imom Buxoriy va boshqa qadamjolarni ziyorat qilgan musulmon bandasi ekanini aytmoq kerak. Xo‘sh, unda Hayyomga nisbat beriladigan ba’zi dahriyona ruboylar-chi?

Fitrat bu ruboiylarga shubha bilan qaraydi:

«Ruboyida ko‘brak shoirning taxallusi kirmay qoladir. Mana shuning uchun Hayyom ruboyilarig‘a bir ko‘b yot ruboyilar ham qo‘shilib qolg‘on. Unda-bunda Hayyomga nisbatan berilg‘on ruboyilarning sonini 5 mingtagacha chiqarish mumkin.

Sharqda tosh bosmada bosilg‘on ba’zi «Umar Hayyom» nusxalarida mingdan ortiq ruboyi bor. Holbuki, bularning hammasini Umar Hayyom ruboyilari deb qabul qilish mumkin bo‘lmaydi. Mustashriqlar dunyosi Umar Hayyomning asl ruboyilarini yot ruboyilardan ajratish uchun turli yo‘llar bilan tirishib ancha muvffaqiyat qozondi. Bugun asl Umar Hayyom ruboyilari 250–300dan ortuq bo‘lmasa kerak, degan fikrni ko‘pchilik qabul etmakdadir. Lekin 250–300 sanalgan bu asl ruboyilarni aniqlab, «mana» deb ko‘rsatish yo‘lida ko‘rilgan choralarning hech birtasi qanoatlanarliq emasdir».

 To‘g‘ri, 1928-1929 yillardagi vaziyatda, ya’ni sho‘ro hukumati tomonidan dinga, dindorlarga qarshi kurash ketayotgan, xudosizlar jamiyati tashkil etilgan, ateistik jurnallar, gazetalar chop etilib, bunday g‘oyalar keng targ‘ib qilingan paytda Fitrat Umar Xayyomni dindor, islomiy shaxs bo‘lgan, deya baralla yozolmasdi. Ammo uning yuqoridagi tarzda shubha bilan qarashi ham o‘z davrida katta jasorat edi.

Ma’lumki, sharqda bir taxallus bilan bir nechta shoir ijod qilgan. Masalan, Xurosonning Sabzavor, Qum, Koshon, Karbalo shaharlari va boshqa joylik Mullo Navoiy Xurosoniy, Bobosulton Navoiy, Mullo Shamsuddin Muhammad Navoiy, Mirmuhammad Sharif Navoiy, Pirzoda Navbahoriy Navoiy, Mirzo Muhammad Taqiy Navoiylar Navoiy taxallusi bilan ijod etishgandir.

Yoki Jomiy taxallusi bilan XII asrda yashagan Ahmadi Jomiy, Nishopurda yashagan Xo‘ja Qutbiddin Ahyo Jomiy, Hirotda istiqomat qilgan Mavlono Muhammad Jomiy, Hindistonda umrguzaronlik qilgan Jaloliddin Jomiy, XVII asrda Buxoroda shuhrat qozongan Jomiy Hisoriy, qorateginlik Kamoliddin Jomiy Soqiy hamda Jomiy Soqiy, Jomiy Lohuriy, Jomiy Ardabiliy, Jomiy Giloniy hamda Abdurahmon Jomiylar nomi tarixdan ma’lum.

Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak va Fitrat yozgan Hayyomning saroyda munajjim, astronom, matematik, faylasuf, tabib bo‘lgan allomaning, buning ustiga hajga borgan e’tiqodli insonning dahriyona ruboiylar yozmagani oydinlashadi. Bunday ruboiylarni balki Hayyom taxallusidagi boshqa bir shaxs (balki shaxslar) yozgandir, degan taxmin o‘rtaga chiqadi.

Axir Fitrat 1929 yildayoq «asl Hayyom ruboyilariga boshqa ruboyilari aralashib qolganini» taxmin qilgandi-ku?! Qolaversa, Qutbiddin Ma’sud Sheroziy tomonidan yozilgan «Tuhfat ush-shomiya», Nizomiy Aruziyning «Chahor maqola», Shayx Najmiddin Roziyning «Mirsod ul-ibod», Avfiyning «Lubob ul-albob» asarlarida Umar Xayyom shoir sifatida emas, tabib, astronom va boshqa sohalarda faoliyat ko‘rsatgan olim sifatida ta’kidlanadi.

Nizomiy Aruziy «Chahor maqola» asarida «Men Balxda bir kuni G‘ulomon ko‘chasida amir ziyoratida ulug‘ hakim Umar Hayyom suhbatiga musharraf bo‘lgandim, quvnoq suhbat asnosida ustod dedilar: «O‘lganimdan keyin meni daraxtlar va gullar o‘sgan joyga ko‘mishadi, navbahor kunlari yoqimli shabada mevali daraxtlar gulini, atigullarning bargini qabrim ustiga sepib turadi» (ya’ni, unga nisbat berib aytilgan ruboiydagidek,

«Shunday ichayinki, o‘lsam ul sharob

Hidi mozorimdan chiqsin burqirab.

Xumori o‘rtasa qabrim boshidan

Isi elitsinu aylasin xarob

kabi yoki:

Men o‘lsam, may birla yuvishni ko‘zlang,

Yo‘qlovda jom birla sharobdan so‘zlang.

Qiyomat kunida topmoq bo‘lsangiz,

Mayxona tuprog‘in tubidan izlang»

kabi shakkokona, dahriyona vasiyat qilmagan, suhbatiga bunday demagan – U.B).

«Yigirma to‘rt yil o‘tgandan keyin men Nishopurga borib qoldim. Xayyomning vafotini eshitgach, bu buyuk insonning xokini ziyorat qilish niyatida uning qabrini ko‘rsatishlarini so‘radim. Meni Xayriya qabristoniga olib keldilar, ko‘z oldimda bog‘ devori yonida qiyg‘os gullagan o‘rik va nok daraxtlari tagida gul yaproqlariga ko‘milgan qabr namoyon bo‘ldi, gullar shunchalik ko‘p ediki, qabr zo‘rg‘a ko‘rinardi. Men Balxda aytilgan gaplarni esladim va ko‘zimdan duv yosh keldi. Bu ko‘hna dunyoning sarhadlarini kezib, unga o‘xshash tabarruk insonni uchratmadim».

Ya’ni, Xayyom bilan suhbatdosh bo‘lgan Aruziy uni shoir emas, hakim deb bilgan va hurmat qilgan.

Xullas, zamondoshlari va ilk o‘rta asrlarda uni shoir deb bilishmagan.

Umid Bekmuhammad,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring