«Futbol qiroli» qay tarzda xalqni savodxon qilgan edi?

Inson har xil sohalarga qiziqadi. Buning zamirida e’tibor va kuzatish yotadi. O‘zi uchun o‘ta muhim hisoblangan biror bir qiziqishi esa haqiqiy shaydolikka olib keladi. Bu shaydoligi shu darajaga borib yetadiki, sohaga «sig‘inish»ga aylanadi. Masalan, Braziliyada futbolga shaydolik, Hindistonda kinoga oshuftalik «hayot falsafasi»ga aylangan. Deylik, o‘z muammolari qalashib yotsa-da, hindlar oxirgi pulini ham kino ko‘rish uchun sarflaydi...
1958, 1962 yillarda Braziliya futbol bo‘yicha jahon chempionligi qo‘lga kiritadi. Azaldan futbolga qiziqish kuchli bo‘lgan Braziliya aholisi futbolga muxlislikning eng yuqori cho‘qqisiga chiqadi. Ikki marta jahon chempionligini qo‘lga kiritganlar orasida eng mashhuri Pele (to‘liq familiyasi Édson Arantis du Nasimentu Pele) edi. Oradan bir qancha yillar o‘tib, jahon miqyosinda futbol qiroli deb tan olingan Pele to‘g‘risida hamma muxlislar bilishga intilishadi.
Pele kambag‘al oiladan chiqib, futbolchi sifatida jahonga tanildi. Obro‘-e’tibori jihatidan dunyodagi eng mashhur kishilar safidan joy oldi. Jahon OAVlarida Pele haqida ko‘p yozildi, televideniyeda ko‘rsatuvlar berildi, radioda eshittirishlar olib borildi. Futbol muxlislari orasida uning to‘g‘risida yuzlab afsonalar yaratiladi...
Pele juda ko‘p unvon va sovrinlarni qo‘lga kiritgan. Ular orasida futbolga aloqador bo‘lmagan jahonga mashhur unvonlar bor edi. Masalan: Buyuk Britaniya ritsar-komandori, Edingburg universiteti doktori, jahondagi bir qancha jamiyatlarning faxriy prezidenti va yana hokazo.
1965 yili Braziliya maorif vazirligi tomonidan Pelega taqdim etilgan oltin medal o‘ziga xosdir. Ushbu nishon unga Braziliyada savodxonlikni oshirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun berilgan edi. Gap shundaki, Pelening «Men – Pele» nomli avtobiografik kitobi bosilib chiqqan va muxlislar o‘z kumirining hayoti va faoliyatini o‘rganish uchun uni o‘qiy boshlagandi. Afsonaga aylangan mashhur yulduzga Braziliyaning deyarli barcha aholisi qiziqardi-da!
Qarangki, 1960 yillarda Braziliyaning yarim aholisi o‘qishni bilmagan. Pelening kitobini o‘qish uchun esa savod chiqarish kerak edi. Aholi maktabga qatnay boshladi. Natijada o‘quvchilar soni ortib ketdi. Braziliya maorif vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, aholining savodxonlik darajasi 20 foizga ko‘paygan.
1970 yilda Pele Braziliya terma jamoasi tarkibida tarixda birinchi bo‘lib uchinchi bor jahon chempioni bo‘ldi. Bu rekord hozirgacha o‘zgargani yo‘q. Futbolda mislsiz mahrorat ko‘rsatgan Pele o‘z kitobi bilan muxlislarni bilim olishga ham undagan edi.
Abdurashid Qo‘ziboyev
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter