Germaniya Ukrainaga 1,9 mlrd yevrolik yordam ajratadi

Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy bilan Kiyevda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Germaniya Ukrainaga harbiy yordamning navbatdagi transhi ajratmoqchi ekanini aytdi. Bu 1,9 milliard yevroni tashkil qiladi.
Shu bilan birga, Germaniya Ukraina hukumatiga o‘zining uchish masofasi 500 km dan oshadigan “Taurus” raketalarini yetkazib berishdan bosh tortmoqda.
Janob Pistoriusning ta’kidlashicha, yangi yordam paketi "hali tugallanmagan", ammo mablag‘lar "yaqin haftalar va oylarda" mavjud bo‘lishi mumkin (AFP iqtibosi). Bu miqdor bilan Germaniyaning bu yil Ukrainaga bergan yordami taxminan 9 milliard yevroga yetadi.
Shu bilan birga, vazir jurnalistning Germaniya Ukrainaga "Taurus" raketalarini beradimi, degan savoliga salbiy javob berdi. "Mening javobim yo‘q", dedi Pistorius. Nemis rasmiysiga ko‘ra, Germaniyaning moliyalashi Ukrainaning o‘zining uzoq masofaga uchuvchi qurollarini yaratishga qaratilgan.
Sobiq kansler Olaf Shols boshchiligidagi Germaniyaning avvalgi hukumati ham Kiyevga “Taurus” raketalarini yetkazib berishdan bosh tortgan edi. Shols Ukrainani Rossiyaning ichki hududiga hujum qilish uchun qurol bilan ta’minlashni "noto‘g‘ri" harakat deb atadi.
Germaniyaning yangi kansleri Fridrix Mers avvalroq Ukrainani uzoq masofali raketalar bilan ta’minlashga tayyorligini ma’lum qilgan edi, biroq lavozimga kelganidan beri hukumat pozitsiyasini o‘zgartira olmadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter