Ikki Koreya harbiy kuchlarni qisqartirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishga kelishib oldi

Tomonlar turli sohalarda kelishuvlarni kuchaytirishga qaror qildilar.
KXDR va Koreya Respublikasi mamlakatlar harbiylari o‘rtasida chegaradagi keskinliklarni kamaytirish bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazish to‘g‘risida kelishib oldilar. Bu haqda ikki mamlakat delegatsiyalari o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar yakunida qabul qilingan qo‘shma bayonotda qayd etildi, deya xabar bermoqda TASS.
Bundan tashqari, tomonlar turli sohalarda almashinuvni kuchaytirishga qaror qildilar. Shuningdek, ikki Koreya davlati Koreya yarimorolidagi vaziyatning yomonlashuvining oldini olish maqsadida ikki mamlakat harbiylari o‘rtasida ishonch telefonini ishga tushirishga kelishib oldi.
«Shimoliy Koreya chorshanba kuni faoliyatini boshlaydigan aloqa liniyasini qayta tiklash uchun zarur bo‘lgan texnik ishlarni yakunladi», — dedi Koreya Respublikasi Birlashuv vazirining o‘rinbosari Chun Xay Son. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu haqda Janubiy Koreya delegatsiyasiga Pxenyan vakillari ma’lum qildi.
Ikki mamlakat qurolli kuchlari o‘rtasidagi aloqa kanali KXDR tomonidan 2013-yili uzilgan edi. O‘tgan dekabr oyida Pxenyanga tashrifi davomida siyosiy masalalar bo‘yicha BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Jeffrey Feltman tomonlarni aloqa liniyalarini tiklashga chaqirgan edi.
Janubiy Koreya va KXDR 3-yanvar kuni Panmunjom chegara qishlog‘ida yana bir maxsus aloqa liniyasini qayta qurdilar. 5-yanvar kuni esa Koreya Respublikasi Birlashish vazirligi Pxenyan Seulning 2015-yil dekabr oyidan buyon birinchi marta oliy darajadagi muzokaralarni o‘tkazish taklifini qabul qilganini ma’lum qildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter